Qarorga ko‘ra, 2025–2026 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish hamda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
2025 yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini jami 3,5 milliard AQSH dollariga yetkazish;
2025 yil yakunigacha 8 ta davlatga yangi 30 turdagi mahsulotlar eksporti uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish;
istiqbolli bozorlarga 2025 yilda 442 million AQSH dollari, 2026 yilda 575 million AQSH dollari miqdoridagi meva-sabzavot mahsulotlari eksportini taʼminlash;
2025 yilda hududlarda jami 2,1 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari uchun qadoqlar ishlab chiqarish bo‘yicha 40,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish.
2028 yil 1 yanvargacha meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy qadoqlarda realizatsiyaga chiqaradigan hamda quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlar uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz etib belgilanadi:
har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda;
zamonaviy qadoqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini soliq davrida realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 50 foizini tashkil etganda;
2027 yil 1 aprelgacha dukkakli mahsulotlarni ekish, yig‘ib olish va saralash uskunalari importi uchun bojxona bojining 1 foizlik stavkasi qo‘llanadi.
Qarorga muvofiq, umumiy yer maydoni 5 gektardan kam bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan o‘zlariga qarashli qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning dala chetlarida ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga muvofiq jami yer maydonining 1 foiziga, lekin 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan muzlatkichli omborxonalar, saralash, quritish, qayta ishlash, qadoqlash, suv tejovchi texnologiyalar va suv saqlash obyektlarini qurishga ruxsat etiladi.
2025–2026 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini aholi tomorqalari, dehqon va fermer xo‘jaliklaridan yig‘ib, saralab, zamonaviy qadoqlab shartnoma asosida realizatsiya qilgan qishloq xo‘jaligi kooperativlariga qadoq xarajatlarining 25 foizi, biroq har bir qadoq uchun 3 ming so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplab beriladi. Bunda:
qishloq xo‘jaligi kooperativlarining meva-sabzavot mahsulotlarini yig‘uvchi va tayyorlovchi aʼzolari mahsulotlarni sifatli tayyorlash va eksportga chiqarish bo‘yicha “Edukarantin.uz” axborot tizimi orqali o‘qib, sertifikatga ega bo‘lishi lozim;
sertifikatga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi kooperativlari va ular aʼzolarining “Agroko‘makchi” mobil ilovasida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar bo‘yicha reyting tizimi yuritiladi.
Bundan tashqari, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini samarali tashkil etish, sifatli transport-logistika (avtomobil, temir yo‘l va avia tashuv) xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida “E-logistika” platformasida eksportyor va tashuvchi korxonalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash imkoniyati taʼminlanadi.