Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, quyidagilar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi:
Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, o‘tkazganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek ularni qalbakilashtirganlik uchun;
Avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini va traktorchi-mashinistlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash, shuningdek imtihonlar o‘tkazish va guvohnomalar berish tartibini buzganlik uchun;
Transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun;
Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;
Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun.
Qonun bilan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, quyidagilar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi:
Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilishi;
Bunda:
Belgilangan huquqbuzarliklar sodir etilganligi uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan mazkur huquqbuzarliklarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi. Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima balining eng yuqori miqdori 2 balldan oshmasligi kerak.
Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil o‘tgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.
Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan tartibda qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun;
Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun;
Transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzganlik uchun;
Yo‘l bezoriligi uchun;
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun.