Qarorga ko‘ra, Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida 2025 yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi.
Alisher Navoiy ijodiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Alisher Navoiy merosini o‘rganish ishlarini yana-da yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida yurtimiz va chet ellarda tizimli asosda ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini eʼlon qilish, ushbu mavzuda yangi ilmiy, badiiy va ommabop asarlar yaratish, xorijdagi navoiyshunos olim hamda ijodkorlarning asarlarini o‘zbek tilida nashr etish choralarini ko‘rish Respublika komissiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy xalqaro simpoziumi va navoiyxonlik tadbirlari yuqori saviyada o‘tkaziladi.
Navoiy davlat universitetida 2025 yil 10–15 oktyabr kunlari “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat maʼnaviy va maʼrifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.
“Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovi, shuningdek, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda “Navoiyxonlik kechalari” tashkil etiladi.