Unga ko‘ra, yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlash, ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Ilgari bunday norma mavjud emas edi.
Bundan tashqari, shaharlar va boshqa aholi punktlarida hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish va saqlash choralarini ko‘rmaslik, fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.