ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 27.12.2024 yildagi 897-son

Qarorga ko‘ra, ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish moliyaviy agent vazifasini bajaruvchi rezident tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi. 

Bunda:

barcha fuqarolar uchun dastlab elektron ijtimoiy karta muomalaga chiqariladi va foydalanish uchun taqdim etiladi;

bank kartasi shaklidagi ijtimoiy karta fuqarolarning xohishiga ko‘ra muomalaga chiqariladi va foydalanish uchun taqdim etiladi.

Ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish bo‘yicha arizalar quyidagilar orqali taqdim etiladi:

YAIDXP (my.gov.uz);
“Ijtimoiy karta” mobil ilovasi;
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda alohida hollarda ijtimoiy xodimlar;
moliyaviy agent.

Ijtimoiy kartani samarali amaliyotga tatbiq etish hamda “Ijtimoiy karta” AT va mobil ilovaning lozim darajada ishlashini taʼminlash maqsadida:

2025 yil 1 yanvardan boshlab “Ijtimoiy karta” AT va mobil ilovani texnik qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy karta bo‘yicha to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi to‘lov tashkilotining tunu-kun faoliyat ko‘rsatadigan texnik xizmati tomonidan amalga oshiriladi;

2025 yil 1 fevraldan ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish masalalari bo‘yicha Agentlikning axborot-maʼlumotnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi “1070” qisqa raqamli va tunu-kun faoliyat ko‘rsatadigan xizmati (“Ishonch telefoni”) faoliyati test rejimida yo‘lga qo‘yiladi.