ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 16.10.2024 yildagi PF-158-son

Farmonga ko‘ra, kasbiy taʼlim tashkilotlarining amaldagi turlari maqbullashtirilib, kasbiy taʼlimning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi.

Texnikumlarda:

kadrlar tayyorlash Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi va O‘zbekiston milliy malaka tizimi talablariga mos ravishda tashkil etiladi;

boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, shuningdek, malaka va kompetensiyalar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi;

boshlang‘ich kasbiy taʼlim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash umumiy o‘rta taʼlim tashkilotining 9-sinfini tamomlagan o‘quvchilar uchun – davlat granti asosida amalga oshiriladi;

o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi;

o‘rta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarining bitiruvchilariga o‘zlashtirgan modullari, to‘plagan kreditlari va oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning tegishli bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat etiladi.

Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan negizida texnikumlar tashkil etiladigan kasbiy taʼlim tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlandi.

2025 yil 1 sentyabrgacha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari belgilangan tartibda kadrlar buyurtmachisi va sanoat hamkori sifatida texnikumlarga biriktiriladi.

2025/2026 o‘quv yilidan texnikumlarga quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat beriladi:

fanlarni bir-biriga integratsiya qilishga hamda ajratilgan soatlar doirasida mutaxassislik va umumkasbiy fan (modul)larning soatlarini 30 foizgacha o‘zgartirishga;

yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari ishtirokida to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shma taʼlim dasturlarini joriy qilishga;

kadrlar tayyorlash va qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga;

fuqarolar va ishsizlarni kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilishga;

kasbiy ko‘nikmalar markazlaridan amaliyot bazalari sifatida bepul foydalanishga.