ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni taʼminlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 26.09.2024 yildagi PF-149-son

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan hududlarda chiqindilar bilan ishlash darajasini oshirish hamda bu borada ochiqlikni taʼminlash, jamoatchilikning rolini oshirish, tadbirkorlar va aholi o‘rtasida qayta aloqani to‘liq yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi quyidagilar amalga oshiriladi:

chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlarni tadbirkorlarga berish yuzasidan o‘tkaziladigan tender jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish;

sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindi to‘plash shoxobchalariga videokuzatuv kameralarini o‘rnatish va shoxobchalar faoliyatini aholi tomonidan kuzatish imkoniyatini yaratish;

chiqindilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi barcha maxsus texnikalarga onlayn kuzatuv (GPS) tizimini o‘rnatish;

sanitar tozalash korxonalari to‘g‘risida to‘liq maʼlumot berish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va ko‘lami bo‘yicha shikoyatlarni qabul qilish hamda sanitar tozalash korxonalari bilan qayta aloqa qilish uchun “Call markaz” faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

sanitar tozalash korxonalari xizmat ko‘rsatuvchi hududlarning geografik chegarasi hamda aholi va yuridik shaxslarga biriktirilgan chiqindilarni yig‘ish maydonchalari (konteyner) joylashuvi to‘g‘risida aniq maʼlumotlar berish;

abonentlarning hosil bo‘lgan chiqindilarini olib chiqib ketish grafigini ko‘rsatish.

Farmonga ko‘ra, chiqindilar bilan ishlash masalalarida aholi va sanitar tozalash korxonalari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi negizida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi.

Agentlik chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona meʼyorlar va standartlarni ishlab chiquvchi, sinovdan o‘tkazuvchi va amaliyotga tatbiq etuvchi, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi hamda chiqindilarni boshqarish sohasiga taalluqli davlat mulkini boshqaruvchi masʼul davlat organi hisoblanadi.

2025 yil 1 martdan sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash mezonlari tasdiqlanadi.