ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Elektr energetikasi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 07.08.2024 yildagi O‘RQ-939-son

Qonun 10 ta bob va 68 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi:

Elektr energetikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2. Elektr energetikasi korxonasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, saqlash, taqsimlash, sotib olish, sotish yoki elektr energiyasi bozorini tashkil etish, shuningdek elektr energiyasining importi va eksporti bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs. Bunda aksiyalari bevosita yoki bilvosita davlatga tegishli bo‘lgan elektr energetikasi korxonalari guruhi bitta vertikal integratsiyalashgan energetika korxonasi hisoblanmaydi.

3. Elektr energetikasi sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

sog‘lom raqobat;

tenglik va hisobdorlik;

ochiqlik va shaffoflik;

elektr energetikasi sohasi xavfsizligining ustuvorligi.

4. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:

elektr energetikasi sohasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

elektr energetikasi sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;

elektr energetikasi obyektlarini joylashtirish uchun yer uchastkalarining berilishini taʼminlaydi;

hududlarda kelgusi yilda elektr energiyasini isteʼmol qilish prognozlarini kelishadi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tezkor-dispetcherlik boshqaruviga, shuningdek elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, saqlash, yetkazib berish (taqsimlash, sotish) faoliyatiga aralashishi taqiqlanadi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

5. Elektr energiyasi bozori faoliyatining monitoringi Energetika bozori regulyatori tomonidan amalga oshiriladi.

Energetika bozori regulyatori quyidagi tahlilni o‘z ichiga olgan yillik hisobotni hisobot yilidan keyingi yilning 31 martiga qadar eʼlon qiladi:

elektr energiyasi bozorining faoliyati;

bozor ishtirokchilarining faoliyati;

narxlash mexanizmlari;

tartibga solinadigan tariflarni qo‘llash va elektr energiyasi bozoridagi o‘zgarishlar dinamikasi.

Elektr energiyasi bozori operatori va tegishli tizim operatori elektr energiyasi bozori ishtirokchilarining faoliyatini monitoring qiladi hamda bozor qoidalari buzilganligi hollari to‘g‘risida energetika bozori regulyatorini hamda raqobat sohasidagi vakolatli davlat organini xabardor qiladi.

6. Quyidagilar elektr energiyasi bozorining ishtirokchilaridir:

elektr energiyasi bozori operatori;

ishlab chiqaruvchi;

elektr energiyasini saqlash tizimi operatori;

uzatish tizimi operatori;

markaziy xarid qiluvchi;

treyder;

taqsimlash tizimi operatori;

taʼminotchi;

isteʼmolchi.

Elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozori tashkil etilguniga qadar quyidagi elektr energetikasi korxonalari elektr energiyasini sotish va (yoki) sotib olish bilan shug‘ullanadi:

markaziy xarid qiluvchi;

ishlab chiqaruvchi;

tayinlangan taʼminotchi;

tegishli tizim operatori.

Yirik isteʼmolchilar elektr energiyasini faqat elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozorida ushbu Qonunga muvofiq sotib olishi shart.