ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Respublikada ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 23.07.2024 yildagi PF-105-son

Farmonga muvofiq:

1) 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab ovchilik xo‘jaligini tashkil etishning quyidagi tartibini o‘rnatish to‘g‘risidagi taklif maʼqullandi:

a) ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va ovchilik xo‘jaliklari hududidan tashqarida ov qilishni amalga oshirish taqiqlanadi;

b) ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlaridan 10 gektargacha yer uchastkasi ovchilik bazalari va 100 gektargacha yer uchastkasi pitomniklar barpo etish uchun bitta lot sifatida investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni belgilagan holda yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali 49 yil muddatga quyidagi bosqichlarda ijara huquqi asosida ajratiladi:

1-bosqichda – 10 yil muddatga;

investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish natijalariga ko‘ra:

2-bosqichda – 10 yil muddatga;

3-bosqichda – 29 yil muddatga;

v) elektron onlayn-auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xo‘jaliklariga (ovchilik bazalari va pitomniklarga) tutash hududdagi ov qilish joylari Ekologiya vazirligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun biriktirib beriladi;

g) ovchilik xo‘jaliklari:

Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan formatda ishlab chiqilgan va kelishilgan 10 yilga mo‘ljallangan texnik-iqtisodiy asosnoma materiallari asosida faoliyat yuritadi;

pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni to‘liq bosqichda yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan holda o‘zlariga biriktirilgan ov qilish joylariga qo‘yib yuborilgan yovvoyi hayvonlar soniga teng miqdorida yovvoyi hayvonlarni Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartib asosida, ularning urchish paytlaridan tashqari yil davomida ov qilishni tashkil etadi. Bunda, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma olish talab etilmaydi;

d) yovvoyi hayvonlarning urchish paytlari Zoologiya institutining xulosasi asosida belgilanadi.

2024 yil 1 sentyabrgacha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘ziga tegishli yer uchastkalarida ovchilik bazalari va pitomniklar tashkil etilgan taqdirda, ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ushbu yer uchastkasiga tutash hududdagi ov qilish joylari Ekologiya vazirligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan 49 yil muddatga biriktirib beriladi;

2) Ekologiya vazirligiga quyidagi vakolatlar berildi:

ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaning namunaviy shaklini tasdiqlash;

ovchilik xo‘jaligini yuritishda texnik-iqtisodiy asosnoma materiallarining formatini tasdiqlash;

yuridik va jismoniy shaxslar bilan ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risida shartnoma tuzish;

3) Quyidagilar:

a) 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab ovchilarga ovchilik yo‘llanmasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar asosida Ekologiya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan elektron dastur orqali berilishi;

b) yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota hayvonot dunyosi obyektlarining davlat kadastri maʼlumotlari, yovvoyi hayvonlar sonini hisobga olish va tutiladigan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish maʼlumotlari, respublikada mavjud o‘rmon xo‘jaliklari, qo‘riqxonalar, pitomniklar va shunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan olingan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish maʼlumotlaridan kelib chiqqan holda Ekologiya vazirligi tomonidan o‘rnatilishi;

v) o‘lja ovi tashkil etilganda ov mavsumidan qatʼi nazar haftaning barcha kunlarida ov qilishga ruxsat berilishi;

g) sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan to‘rlarni faqat sanoat usulida baliq ovlash uchun kvotalar ajratilgan baliqchilik xo‘jaliklariga sotishga yo‘l qo‘yiladi, kvotalar ajratilmagan baliqchilik xo‘jaliklariga sotish taqiqlanishi belgilandi;

4) 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab ovchilik guvohnomasini berishning quyidagi tartibi o‘rnatildi:

ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish (o‘quv kurslar) joriy etiladi;

ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ekologiya vazirligi huzuridagi Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti (Departament) tomonidan 2 yil muddatga beriladi;

ovchilik guvohnomasi berilganligi to‘g‘risidagi maʼlumot jismoniy shaxslarning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlariga integratsiya qilinadi;

ovchilik guvohnomasini olish uchun o‘quv kurslari bioxilma-xillikni asrash, hayvonlarning turlari va anatomiyasi, ov qilish qoidalari, ov qilish etikasi va ov usullari hamda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus bilimlar o‘rgatilishini nazarda tutgan holda Departament yoki taʼlim muassasalari tomonidan tashkil etiladi;

ovchilik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish uchun o‘quv kurslarida qayta o‘qish talab etilmaydi;

ovchilik guvohnomasini rasmiylashtirganlik uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida, nafaqadagi va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida belgilanadi;

ovchilik guvohnomasini berish tartibi va ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni o‘quv kurslarida o‘qitish tartibi Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadi.