Farmonga muvofiq:
1) 2024 — 2026 yillarda “O‘zmilliybank” AJ ishtirokida Buxoro va Namangan viloyatlarida 1 tadan hamda Toshkent shahrida 2 ta zargarlik markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif maʼqullandi;
2) Ushbu Farmonga muvofiq tashkil etiladigan zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda:
90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga — foiz hisoblanmasligi;
91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga — yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanishi belgilandi;
3) Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy resurslar bilan taʼminlash, yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va milliy brendlarni jahon bozorlarida ilgari surish maqsadida:
a) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 20 million AQSH dollari ekvivalentidagi maqsadli resurslari tijorat banklariga ularning buyurtmalariga asosan 5 yil muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 3 foiz bandga past foiz stavkada depozitga joylashtiriladi. Bunda:
tijorat banklari tomonidan depozitga joylashtirilgan mablag‘lar hisobidan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga investitsiya loyihalarini amalga oshirish, asbob-uskuna va ehtiyot qismlarini xarid qilish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadlariga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasida (shundan 3 foiz bank marjasi) milliy valyutada kreditlar ajratiladi;
depozitga joylashtirilgan mablag‘larga nisbatan Markaziy bankda shakllantiriladigan majburiy rezerv talablari qo‘llanilmaydi;
b) 2024 yil 1 avgustdan boshlab xorijiy ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun olib chiqiladigan tayyor zargarlik buyumlarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida undiriladi. Bunda tadbirkorlik subyektlariga:
ushbu zargarlik buyumlarini ko‘rgazma va yarmarkalarda sotish hamda ularni invoys asosida “eksport” bojxona rejimiga joylashtirish;
zargarlik buyumlarini ko‘rgazma va yarmarkalarda sotishdan tushadigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi o‘z hisob raqamlariga, shu jumladan bank o‘tkazmalari orqali yoki naqd pul shaklida kiritish huquqi beriladi;
v) 2024 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 oktyabrga qadar:
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etilishi;
“Uzbek Jewellery Fair” xalqaro ko‘rgazma savdosi doirasida O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan respublika hududiga vaqtincha olib kiriladigan hamda keyinchalik qaytarib olib chiqiladigan zargarlik buyumlariga nisbatan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda bojxona yig‘imlari undirilmasligi belgilandi;
4) 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi va uning hududiy bo‘limlariga quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat etilishi belgilandi:
zargarlik buyumlari bilan chakana savdo qilish, ularni tamg‘alash va asillik darajasini aniqlash qoidalariga rioya etilishini tekshirish bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda o‘tkazish;
nazorat tadbirlarini o‘tkazish jarayonlariga “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi mutaxassislarini jalb qilish;
zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyatini boshlash (tugatish) to‘g‘risidagi xabarnomalarni qabul qilish, mazkur sohada litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga rioya qilmasdan faoliyat yuritayotgan shaxslarni aniqlash va ularga zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘maklashishga oid funksiyalarini autsorsing asosida Savdo-sanoat palatasiga berish;
5) 2024 yil 1 noyabrdan boshlab:
chet elda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini, basharti ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, sotuvga qo‘yish va chakana savdoda realizatsiya qilish man etiladi. Bunda ushbu tartib buxgalteriya hisobi qonunchiligiga muvofiq 2024 yil 1 sentyabrga qadar rasmiylashtirilgan (kirim qilingan) zargarlik buyumlariga nisbatan tatbiq etilmasligi;
qimmatbaho metallarning hamda qimmatbaho metallar bilan qoplangan metallarning chiqindilari va parchalari litsenziya asosida eksport qilinadigan maxsus turdagi tovarlar ro‘yxatiga kiritilishi;
Asillik inspeksiyasining xulosasi bo‘lmagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqish man etilishi belgilandi;
jismoniy shaxslarga og‘irligi 200 grammgacha bo‘lgan kumushdan hamda 65 grammgacha bo‘lgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, ushbu miqdorlardan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat berilishi;
2027 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan tayyor zargarlik buyumlariga nisbatan import bojxona bojlari 20 foizdan 10 foizgacha kamaytirilishi belgilandi;
6) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:
a) “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarni hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib oluvchi tadbirkorlik subyektlarini ham aʼzolikka qabul qilishga ruxsat etilishi;
b) 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab 2027 yil 1 sentyabrga qadar:
“Hunarmand” uyushmasi aʼzolari uchun belgilangan soliq imtiyozlari “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga aʼzo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etilishi;
“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga aʼzo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarishda foydalaniladigan ko‘chmas mulk obyektlari hamda yer uchastkalari mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan ozod etilishi belgilandi.