ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 02.07.2024 yildagi PF-98-son

Farmonga muvofiq:

1) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Maktabgacha taʼlim agentligi (Agentlik) faoliyatini tugatish hamda Agentlikning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlarni vazirlik tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi;

2) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalarni bajarish yuklatildi:

ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

maktabgacha taʼlim va tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, taʼlim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish;

maktabgacha taʼlimning o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarini takomillashtirish, ularning umumiy o‘rta taʼlim dasturlari bilan uzviyligini taʼminlash;

davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha taʼlim bilan bosqichma-bosqich qamrab olinishini taʼminlash;

nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, ularga qonunchilik hujjatlariga muvofiq subsidiya va kompensatsiyalar ajratish, berilayotgan davlat ko‘magining samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan taʼsirchan nazoratni o‘rnatish;

maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining ratsional va belgilangan meʼyorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini taʼminlash;

sohada zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va hujjatlar aylanmasini qisqartirish orqali maktabgacha taʼlim xizmatlari sifatini oshirish;

3) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Agentlikning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilandi;

4) Agentlikning Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 17-uy manzilidagi bino-inshootlari operativ boshqaruv huquqi asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligiga berilishi belgilandi.