ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Toshkent shahrida boks va gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 22.06.2024 yildagi PF-94-son

Farmonga muvofiq:

1) Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov hamda Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktablari Sport vazirligi tizimidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (Agentlik) tizimiga o‘tkazildi;

Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi – Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi, Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabi – Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi (ixtisoslashtirilgan sport maktablari) etib qayta nomlandi;

2) Quyidagi tartib o‘rnatiladi, unga muvofiq:

ixtisoslashtirilgan sport maktablarida o‘quv-tarbiya jarayoni 5 – 11-sinflar doirasida maxsus taʼlim dasturlari bo‘yicha tashkil etiladi;

Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabiga talab va takliflardan kelib chiqib, 7 – 11 yoshdagi o‘quvchi-sportchilarni ham 1 — 4-sinflarga o‘qishga qabul qilishga ruxsat etiladi;

ixtisoslashtirilgan sport maktablarining qabul jarayonlariga xalqaro va mahalliy trener-seleksionerlar jalb qilinadi;

o‘quvchi-sportchilarga taʼlim berish jarayoni har birida o‘quvchilar soni 12 nafardan kam bo‘lmagan, biroq 24 nafardan ortiq bo‘lmagan sinflarda amalga oshiriladi;

ixtisoslashtirilgan sport maktabi o‘quvchilarining umumiy cheklangan soni 168 nafar etib belgilanadi;

3) Quyidagilar belgilandi:

ixtisoslashtirilgan sport maktablarida qo‘shimcha o‘quv va sport to‘garaklari tashkil etilishi hamda terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzli sport musobaqalari o‘tkazib borilishi;

Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabida o‘quvchi-sportchilarning sutkalik oziq-ovqat normasi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari o‘quvchilari uchun tasdiqlangan meʼyorlarga muvofiq, Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabida esa – gimnastika sport turlari bo‘yicha davlat sport-taʼlim tashkilotlarida shug‘ullanuvchi o‘quvchi-sportchilar uchun tasdiqlangan oziq-ovqat meʼyorlariga muvofiq belgilanishi;

ixtisoslashtirilgan sport maktablari o‘quvchi-sportchilarining ovqatlanishi autsorsing usulida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tashkil etilishi;

ixtisoslashtirilgan sport maktablari o‘quvchi-sportchi va trenerlarining tadbirlarga, mahalliy va xalqaro musobaqalarga tayyorgarligi hamda ishtiroki bilan bog‘liq barcha xarajatlar har yili Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutib boriladi hamda Sport vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi;

ixtisoslashtirilgan sport maktablari o‘quvchi-sportchilari O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida alohida jamoa sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi;

ixtisoslashtirilgan sport maktablari tizimida boks va gimnastika bo‘yicha trenerlar maktabi tashkil qilinishi;

2024 yil 1 sentyabrdan ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlariga Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamg‘armasi hisobidan har oylik 100 foizgacha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi. Bunda ushbu ustamalarni ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlariga to‘lash tartibi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanishi;

ixtisoslashtirilgan sport maktablari direktorlari, direktor o‘rinbosarlari hamda fan o‘qituvchilariga umumiy o‘rta taʼlim muassasalari uchun qo‘llaniladigan qo‘shimcha to‘lovlar, rag‘batlantirish shartlari va imtiyozlari tatbiq etilishi;

ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar 2024 yilda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida moliyalashtiriladi, 2025 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishi.