ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 03.06.2024 yildagi PF-84-son

Farmonga muvofiq:

1) Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tugatildi;

2) Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi (Inspeksiya) tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi;

3) 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:

a) isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etilishi:

yillik litsenziya to‘lovlarini, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilish;

alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishda va ularning savdosida sifat talablariga, shuningdek, aksiz markalarini qo‘llash hamda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartiblariga rioya etish;

alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi videokuzatuv vositalarini o‘rnatish;

b) yashirin ishlab chiqarish, aksiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish holatlari aniqlanganda ishlab chiqarish uskunalari davlat foydasiga o‘tkazilishi;

v) qalbaki aksiz markali, aksiz markasiz, raqamli identifikatsiya vositasi bilan markirovkalanmagan, qalbaki markirovka kodlari bilan markirovkalangan alkogol va tamaki mahsulotlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan muomaladan olinadi va ushbu mahsulotlar bilan savdo qilish huquqini beruvchi litsenziya (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat) belgilangan tartibda bekor qilinishi;

g) isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ulgurji realizatsiyasiga oid shartnomalar soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yilishi;

d) har yarim yil yakunlari bo‘yicha aroq, shuningdek, isteʼmol etil spirtidan aroq va likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarishda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish ko‘rsatkichi 60 foizdan kam bo‘lganda, belgilangan 60 foizning bajarilmagan qismiga aksiz solig‘i summasining 50 foizi miqdorida moliyaviy jarima hisoblanishi belgilandi;

4) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:

2025 yil 1 yanvargacha ishlab chiqarish quvvatlaridan va ishlab chiqarilgan mahsulotlardan samarali va maqsadli foydalanish hamda isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari qoldiqlari ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlarini (bundan tabiiy va ko‘piklanadigan vinolar, pivo va pivo ichimliklari mustasno) ishlab chiqaruvchi har bir korxonaga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari biriktiriladi;

ishlab chiqaruvchi “Litsenziya” axborot tizimi orqali litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish haqida xabardor qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida Inspeksiya tomonidan Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda soliqlar va yig‘imlarning to‘liq to‘langanligi hamda isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlarining qoldiqlari xatlovdan o‘tkaziladi;

5) 2024 yil 1 iyuldan boshlab, O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida isteʼmol etil spirti alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun katta lotlar, boshqa ishlab chiqaruvchilar (xizmat ko‘rsatuvchilar) uchun esa — kichik lotlar orqali sotilishi belgilandi;

6) 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab isteʼmol va texnik etil spirti xarid qilgan ishlab chiqaruvchilar tomonidan O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining axborot tizimiga xarid qilish jarayonida joylashtirilgan isteʼmol va texnik etil spirtidan foydalanish maqsadlaridan boshqa maqsadda foydalanilganligi aniqlanganda, oxirgi 12 oyda birja savdolarida xarid qilingan isteʼmol va texnik etil spirti hajmiga hisoblanadigan aksiz solig‘i summasining 2,5 baravari miqdorida soliq organlari tomonidan moliyaviy jarima qo‘llanilishi belgilandi;

7) Inspeksiyaga isteʼmol va texnik etil spirtini masofaviy onlayn kuzatish (GPS) tizimi o‘rnatilmagan, elektron hisobvaraq-fakturasiz, tovar-transport yuk xatisiz hamda belgilangan talablarga javob bermaydigan transport vositalariga yuklash va tashish holatlari litsenziya talablarini buzish deb baholanib, litsenziyaning amal qilishini 10 kun muddatga to‘xtatib turish vakolati berildi.

Bunda ushbu bandda nazarda tutilgan litsenziya talablari 1 yil ichida takroran buzilgan taqdirda, bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida moliyaviy jarima qo‘llaniladi;

8) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarining tranziti uchun quyidagi talablar joriy etiladi:

tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yo‘li bilan tashilgan taqdirda, uni olib o‘tish jadvalining mavjudligi;

yuk olib o‘tuvchi tomonidan tegishli bojxona to‘lovlarining summasi O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazilganligi;

tamaki tashuvchi transport vositalarining faqat inspeksion ko‘rik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali o‘tkazilishi;

qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bo‘lgan tamaki mahsulotlarini respublika hududidan tranzit olib o‘tishga ruxsat etilishi, bundan aksiz markasi qo‘llanilmaydigan davlatlardan import qilish yoki ularga eksport qilish hamda qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar mustasno.