Farmonga muvofiq:
1) Suv xo‘jaligi vazirligi barcha manbalar bo‘yicha yagona suv balansini yurituvchi hamda Davlat suv kadastrini tashkil etish va yuritishga oid ishlarni muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi hamda uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
yagona suv balansi va Davlat suv kadastrini yuritish;
transchegaraviy va ichki daryolar, soylar suvlarini samarali boshqarish hamda tabiiy ko‘llar, suv inshootlari va yer osti manbalarida yetarli suv zaxirasini yaratish orqali mamlakat suv xavfsizligini taʼminlash;
irrigatsiya va melioratsiya tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotning barcha sohalaridagi isteʼmolchilarni suv bilan uzluksiz taʼminlash;
raqamli texnologiyalarni keng qo‘llagan holda suv resurslarini boshqarish va suv hisobini yuritishning shaffof tizimini yo‘lga qo‘yish;
sohaga resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, ilm-fan yutuqlari va nou-xaularni keng joriy etish;
suvdan foydalanish va suvni boshqarishga bozor mexanizmlarini keng joriy qilish orqali suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
suvdan unumli foydalanish va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni tashkil etish va boshqalar;
2) Quyidagilar suv xo‘jaligi boshqaruvini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
Suv xo‘jaligi vazirligi tuzilmasini yuqori, o‘rta va quyi bo‘g‘inlarga ajratgan holda tashkil qilish hamda funksiyalarni aniq belgilash;
Suv xo‘jaligi vazirligining yagona suv balansini va kadastrini yuritishdagi vakolatini aniq belgilash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratining samaradorligini oshirish;
strategik va innovatsion g‘oyalar, ilmiy asoslangan taklif va tashabbuslar asosida soha rivojlanishini taʼminlash;
suv xo‘jaligi obyektlarida shaffof biznes yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali suv xo‘jaligi obyektlarining xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish;
suvdan foydalanishga ruxsat berish tizimini soddalashtirish orqali suvdan foydalanuvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish;
mehnatga haq to‘lash tizimini takomillashtirish orqali sohaga malakali mutaxassislarni jalb qilish va kadrlar qo‘nimsizligini kamaytirish;
yirik suv xo‘jaligi obyektlarini qurish loyiha hujjatlarini ishlab chiqish tizimini tubdan isloh qilish hamda sohaviy loyiha institutlari faoliyatini jonlantirish;
3) Quyidagilar tasdiqlandi:
Suv xo‘jaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasi;
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligining tashkiliy tuzilmasi;
Suv xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish departamentining tashkiliy tuzilmasi;
Suv xo‘jaligi vazirligi tashkilotlarining uch bo‘g‘indan iborat vertikal boshqaruv tizimi hamda funksiyalar taqsimoti;
4) 2024 yil 1 iyuldan boshlab Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tuzilmasidagi tashkilotlar xodimlarining yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentlari oshirilgan miqdorda hamda 2025 yildan boshlab ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda har oylik ustamalar qo‘llanishi belgilandi;
5) Quyidagilar:
Suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zGIP” MCHJ va “Suvloyiha” MCHJ tashkilotlarining davlat nomidan ishtirokchisi funksiyalarini amalga oshiruvchi organ hisoblanishi;
Suv xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari tomonidan suv resurslarini boshqarish borasidagi faoliyatiga uchinchi shaxslar, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuvi taqiqlanishi belgilandi.