ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 29.02.2024 yildagi O‘RQ-917-son

7 ta bob, 45 ta moddadan iborat.

1) Qonunning maqsadi:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) faoliyatini tartibga solishdan iborat.

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z faoliyati bilan bola huquqlarini himoya qilishning mavjud shakllarini va vositalarini to‘ldiradi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchiligini takomillashtirishga va uni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi, fuqarolarning bola huquqlari sohasidagi huquqiy madaniyatini oshirishga yordamlashadi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda hamda davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga hisobdordir.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil guvohnomadan o‘z vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi.

3) Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xolislik, ochiqlik, bola huquqlarining ustuvorligidan iboratdir.

4) Saylanish kuni yigirma besh yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga saylanishi mumkin.

5) Bola huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanadi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.

6) Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimidan quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin:

u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risida ariza bergan taqdirda;

uning sog‘lig‘i holati barqaror tarzda buzilgan va bu tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan xulosa bilan tasdiqlangan taqdirda;

unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;

u qonunga ko‘ra Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatiga nomuvofiq bo‘lgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;

u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda;

u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan taqdirda;

u vafot etgan taqdirda.

7) Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarish strategiyasini va bola huquqlari masalalari bo‘yicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;

bolalar hamda ularning qonuniy vakillari o‘rtasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni tushuntirish;

bola huquqlari va Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati haqidagi xalqaro hamda milliy normalar qoidalarini targ‘ib qilish va boshqalar.