Farmonga muvofiq:
1) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga ko‘ra:
a) xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 220 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar 2024 yil 1 martga qadar tijorat banklariga yo‘naltiriladi. Bunda tijorat banklari tomonidan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada:
oziq-ovqat yo‘nalishidagi, sohada mahsulot yetishtirishdan tortib uni isteʼmolchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun – 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan;
aylanma mablag‘lar uchun – 18 oy muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan imtiyozli kreditlar ajratiladi;
b) eksport qiluvchi korxonalarni yana-da qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024 yil 1 martdan boshlab Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun 2 yil muddatgacha ular tomonidan oxirgi 12 oy davomida eksport hajmi:
100 ming AQSH dollaridan 1 million AQSH dollarigacha bo‘lganda – 100 ming AQSH dollarigacha;
1 million AQSH dollaridan 2 million AQSH dollarigacha bo‘lganda – 1 million AQSH dollarigacha;
2 million AQSH dollaridan 4 million AQSH dollarigacha bo‘lganda – 1 million AQSH dollarigacha;
4 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lganda – 3 million AQSH dollarigacha moliyaviy resurslar ajratiladi;
Bunda:
a) moliyaviy resurslar yillik 4 foiz stavkadan (shundan 2 foizi bank marjasi) oshmagan miqdorda taqdim etiladi;
eksport qiluvchilar tomonidan aylanma mablag‘lar olingandan so‘ng kelgusi yilda eksport hajmi kamida 20 foizga oshmagan taqdirda, imtiyozli kredit tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi;
v) oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlovchi sanoat korxonalari va eksport qiluvchilar tomonidan xorijiy davlatlarda savdo uyi va do‘konlarini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming AQSH dollarigacha mablag‘ni xorijiy hisob raqamlarga o‘tkazishga ruxsat beriladi;
2) Quyidagilar belgilandi:
a) kichik sanoat zonalari uchun tatbiq etilgan imtiyozlar ular tarkibida tashkil etilgan oziq-ovqat sanoati texnoparklariga ham joriy qilinishi;
b) kichik sanoat zonalari tarkibidagi oziq-ovqat sanoati texnoparklarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari uchun ajratiladigan yer uchastkalari bo‘yicha mablag‘lar elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblari tomonidan uch yil davomida teng ulushlarda to‘lab berilishi;
v) 2024 yil 1 yanvardan:
Xalqaro akkrediatsiya forumi (IAF) tomonidan ko‘p tomonlama tan olish bitimiga kiritilgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirida xalqaro sifatni boshqarish tizimini joriy qilish hamda zarur bo‘lgan uskuna va laboratoriya jihozlarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, lekin 500 million so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiyalar ajratilishi;
yillik tushumida tayyor oziq-ovqat mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan hamda har yili 1 million dollardan ortiq hajmdagi eksportni amalga oshiruvchi mahalliy korxonalar tomonidan injener-texnolog, marketolog, dizayner va xalqaro standartlar bo‘yicha xorijiy mutaxassislar jalb qilinganda, ularga hisoblangan ish haqining 30 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab berilishi;
3) O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni taʼminlashning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlandi va uning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni taʼminlash hamda aholining barcha qatlamlari sog‘lom va faol hayot kechirishi uchun tabiiy, moliyaviy va moddiy resurslardan foydalanishning samarali iqtisodiy va ekologik boshqaruv tizimlarini joriy qilish;
erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan mexanizmlar orqali strategik ahamiyatga ega qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari hamda ularning xomashyo zaxiralarini yaratish;
oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni taʼminlash jarayonida tabiiy va texnogen ofatlar, global siyosiy va iqtisodiy inqirozlar, pandemiya, harbiy amaliyot va boshqa hodisalarning salbiy taʼsiri oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish, shuningdek, xabardor qilish va monitoring platformasini yaratish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash uchun ijtimoiy himoya milliy tizimlarini takomillashtirish va ularning barqarorligini taʼminlash;
jamoatchilikni keng jalb qilgan holda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizlik ko‘rsatkichlarini nazorat qilish, sog‘lom ovqatlanish tamoyillari va ularga rioya qilish amaliyotlarini keng targ‘ib etish.