ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 09.02.2024 yildagi 80-son

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turida hamda sanoat usulida baliq ovlash tartibi belgilandi.

Qoidalar O‘zbekiston hududidagi barcha tabiiy suv havzalarida faoliyat olib boruvchi yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.

Qoidalar sunʼiy suv havzalari hamda tabiiy suv havzasi hisoblanmaydigan irrigatsiya tarmoqlaridagi qafas (sadok) moslamalarida intensiv baliq yetishtirish texnologiyasi va akvakulturaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tabiiy suv havzalarida quyidagi baliq ovlash qurollari va vositalaridan foydalanish taqiqlanadi:

yoyma to‘rlar (nakidka);
ikki tomonlama mahkamlanadigan 10 tadan ortiq ilgakli vositalar (peremet);
maxsus tamg‘alanmagan va hisobga olinmagan har qanday to‘rlar;
changakli ovlash vositalari (astraga);
elektr qarmoq;
mahkamlanadigan tuzoqsimon to‘rlar (venter, mordushka) va boshqa baliq ovlashning brakonyerlik qurollari.

Baliqlarning urchish davrida, yaʼni Amudaryo va Sirdaryoda 11 martdan – 31 maygacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida 26 apreldan 10 iyungacha va boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16 apreldan 31 maygacha baliq ovlash taqiqlanadi.