ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 01.02.2024 yildagi PF-25-son

Farmonga muvofiq:

1) IT-park hududida raqamli texnologiyalar sohasida mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan maxsus hudud sifatida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini (International Digital Technology Center — “ENTERPRISE UZBEKISTAN” – Markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi;

2) Raqamli texnologiyalar vazirligiga Markaz hududida xorijiy IT kompaniyalar uchun qo‘llaniladigan maxsus huquqiy rejimni joriy qilish maqsadida quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

raqamli texnologiyalar sohasida tadbirkorlik va investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan qulay sharoitlar yaratish orqali mamlakatda raqamli iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish;

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari, shuningdek, boshqa korxonalar va tashkilotlar uchun konsalting, huquqiy, moliyaviy va boshqa xizmatlarni rivojlantirish;

korxona va tashkilotlarning raqamli texnologiyalari hamda xizmatlari eksportini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning tashqi bozorlardagi faoliyatini kengaytirishga ko‘maklashish;

Markaz hududida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish;

3) Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga 2024 yil 1 dekabrga qadar eksperimentning dastlabki natijasini inobatga olgan holda “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirig‘i yuklatildi hamda qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilishi taʼminlanishi ko‘zda tutildi:

Markaz boshqaruvi hamda uning maqomi;

raqamli texnologiyalar sohasida investitsiyalarni jalb etish va eksport faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, bojxona va soliq sohasini tartibga solish, mehnat munosabatlari hamda boshqa shartlarning alohida tartibi va huquqiy normalarni belgilovchi maxsus huquqiy rejim;

moliya va bank faoliyatini amalga oshirish, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, intellektual mulkni himoya qilish, shuningdek, tijorat va fuqarolik nizolarini ko‘rib chiqishning alohida tartibi;

Markazni moliyalashtirish manbalari va boshqa masalalar.