Farmonga asosan:
1) Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutini (Institut) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi maʼqullandi;
2) Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
respublikadagi kriminogen vaziyatga oid chuqur tadqiqotlarni amalga oshirish, jinoyatchilik tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil va prognoz qilish, uning ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik, maʼnaviy-maʼrifiy, huquqiy, tibbiy va tashkiliy omillarini kompleks ilmiy diagnoz asosida aniqlash;
hududlar kesimida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralarining samaradorligini ilmiy jihatdan baholash, shuningdek, ilmiy tahlil, prognoz va diagnoz xulosalariga asoslangan holda, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish orqali jinoyatchilik omillarini bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;
ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini bajarish orqali kriminologik faoliyat amaliyotida mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha ilmiy asoslangan kompleks yechimlarni ishlab chiqish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni tashkil etish;
jamoatchilik o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lgan jinoyatlarning omillarini aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ishlab chiqishda belgilangan tartibda mutaxassis sifatida surishtiruv va dastlabki tergov organlariga uslubiy ko‘maklashish;
jahon kriminologiyasi va xorijiy davlatlar kriminologik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchiligining ilg‘or tajribalarini doimiy o‘rganish hamda uning natijalarini O‘zbekiston Respublikasi sharoitlarida joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish;
kriminologiya sohasi bo‘yicha mustaqil izlanuvchilik shaklida oliy malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, talabgorlarni belgilangan tartibda ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarga taqdim etish.
3) Institut kriminologik faoliyatni ilmiy va ekspertlik jihatdan taʼminlashga ixtisoslashgan, Ichki ishlar vazirligi tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega, respublika ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanishi;
Institut Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi;
Institut o‘z vazifalarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari hamda mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshirishi, uning faoliyatiga to‘sqinlik qilish, tadqiqot hisobotidagi maʼlumotlarni o‘zgartirishi uchun taʼsir ko‘rsatish taqiqlanishi;
Institutga Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qilishi belgilandi;
4) Ilmiy va oliy taʼlim muassasalarining kriminologik tadqiqotlar va kriminologiya fanini o‘qitish sohasidagi hamkorligini samarali tashkil etish maqsadida Institut huzurida O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya kengashi tashkil etilishi belgilandi.