ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 20.11.2023 yildagi 612-son

Unga ko‘ra, ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YAIDXP (my.gov.uz)da ro‘yxatdan o‘tadi.

Arizalar YAIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.

Ariza beruvchidan tegishli maʼlumotnoma turi bo‘yicha belgilangan maʼlumotlar va hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan miqdorlarda yig‘im undiriladi.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan yig‘imning 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi.

Noto‘g‘ri maʼlumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan xizmat ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, uning so‘rovnomasi ko‘rilmasdan qoldiriladi. Bunda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.

Tegishli so‘rovnoma to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.

Davlat xizmatlari markazi maʼlumotnoma kelib tushgandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Vakolatli organ tomonidan rasmiylashtirilgan maʼlumotnomada noto‘g‘ri maʼlumotlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ariza beruvchi 15 kun ichida yig‘im to‘lamasdan belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.