Farmonga asosan:
1) Davlat sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatildi;
2) Bunda, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari uchun masʼul hisoblanadi;
3) Iqtisodiyot va moliya vazirligida xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Sanoat siyosatini amalga oshirish va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etildi va uning vazifalari belgilandi;
4) “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazilishi belgilandi;
5) Viloyat, shahar va tumanlarning iqtisodiyot va moliya boshqarmalari va bo‘limlarida sanoatni rivojlantirish va iqtisodiyotning resurslar bilan taʼminlanganligini tahlil qilish yig‘ma bo‘limlari tashkil etilishi ko‘zda tutildi;
6) Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida tashkil etilgan “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi “issiqxona gazlari savdosi” sohasida davlat tomonidan tartibga solish va xalqaro hamkorlik bo‘yicha ishchi organ hisoblanadi;
7) “Issiqxona gazlari savdosi” milliy tizimi 2024 yil 1 iyundan tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi hamda 2025 yil 1 yanvardan energetika va sanoat tarmoqlarida to‘liq joriy qilindi;
8) Respublika hududida amalga oshirilgan loyihalar asosida uglerod birliklarini xalqaro sertifikatsiyadan o‘tkazish va xalqaro «issiqxona gazlari savdosi» ixtiyoriy bozorlariga savdoga chiqarish uchun yo‘naltirish Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi;
9) 2024 yil 1 yanvardan boshlab kimyo sanoatini tartibga solish va muvofiqlashtirish funksiyalari quyidagicha taqsimlandi:
a) Iqtisodiyot va moliya vazirligiga:
kimyo sanoatida islohotlarni amalga oshirish, tarmoqda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, mavjud tabiiy resurslarni chuqur qayta ishlash va talab yuqori bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha yagona siyosatni amalga oshirish;
kimyo sanoatida siyosatni belgilovchi strategik hamda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish va islohotlar dasturlari, shuningdek, boshqa dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va ularning operatsion samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash;
kimyo sanoati korxonalarini asosiy xom ashyo bilan taʼminlash prognozlarini, shu jumladan ishlab chiqarish va resurs balanslarini shakllantirish hamda ijrosini muvofiqlashtirish.