ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Maʼmuriy islohotlar doirasida qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 28.08.2023 yildagi PF-151-son

Farmonga asosan:

  1. Quyidagilar tasdiqlandi:

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari;

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish dasturi;

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida yangi tuzilayotgan muassasalar faoliyatini tashkil qilish dasturi;

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasi;

2) Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari Toshkent shahri hokimligi bo‘ysunuvidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkazilib, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlariga aylantirilishi belgilandi;

3) Qurilish obyektlarida qurilish-montaj ishlarining sifati va loyiha hujjatlariga muvofiqligi, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondidan va ichimlik suvdan foydalanish yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish uchun Inspeksiya masʼul hisoblanadi;

4) Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirishga masʼul etib belgilandi;

5) Qurilish faoliyati subyektlarining (buyurtmachi, loyihachi, pudratchi bo‘yicha) majburiy tartibdagi nazorat tadbirlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasida amalga oshirilishi ko‘zda tutildi;

6) Shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda 1 marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:

a) 2023 yil 1 oktyabrdan:

loyiha boshqaruvi va texnik nazoratni, shu jumladan yo‘nalishlar bo‘yicha nazoratni olib boruvchi mutaxassislar;

loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib boruvchi mutaxassislar, shuningdek, loyiha bosh muhandislari va bosh arxitektorlari;

pudrat tashkilotlarining ichki nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar;

b) 2024 yil 1 yanvardan:

nazorat o‘lchovini amalga oshiruvchi mutaxassislar;

ekspert tashkilotlari ekspertlari;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari rahbarlari;

v) 2024 yil 1 apreldan:

tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari;

qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.