ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 28.07.2023 yildagi PF-119-son

Farmonga asosan:

1) Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida fuqarolarning huquq belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan uy-joylari joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi, unda joylashgan bino va inshootlarga mulk huquqi eʼtirof etiladi. Bunda:

a) yer uchastkasiga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini eʼtirof etish uchun:

fuqaro ushbu uy-joydan 2018 yil 1 maygacha bo‘lgan davrdan boshlab o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalangan bo‘lishi, ushbu holat kosmik suratlarni qayta ishlash orqali hamda so‘nggi besh yil uchun yer solig‘i va mol-mulk solig‘i to‘langanligi bilan tasdiqlangan bo‘lishi;

huquqni eʼtirof etish boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasligi;

yer uchastkasi bo‘sh bo‘lmasligi, unda qurilgan uy-joy yashash uchun mo‘ljallangan bo‘lishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligi;

yer uchastkasi sug‘oriladigan yerlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, transport, aloqa va mudofaa maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, kimyoviy yoki radioaktiv moddalar bilan ifloslangan yerlar toifasiga kirmasligi, suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalarida, yer usti va yer osti suvlarining hosil bo‘lish zonalarida joylashmagan bo‘lishi shartligi;

b) yer uchastkasiga ijara huquqi 1998 yil 30 aprelga qadar egallangan yerlar uchun — 0,24 gektargacha, 1998 yil 1 maydan 2018 yil 1 mayga qadar egallangan yerlar uchun — 0,06 gektargacha hajmda eʼtirof etiladi;

v) uy-joy egalari hamda tuman (shahar) hokimi o‘rtasida yer uchastkasi ijarasi shartnomasini tuzish talab etilmaydi;

2) Huquqlarni eʼtirof etish xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan tasdiqlanadigan uy-joylar ro‘yxatiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qarori bilan rasmiylashtirilishi belgilandi. Bunda:

talabgorlar va (yoki) chegaradosh yer uchastkalari egalari o‘rtasida nizo mavjud bo‘lgan hollarda, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari nizo bartaraf etilganidan keyin qabul qilinadi;

xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan qarorlar qabul qilish hamda ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishning oxirgi muddati — 2024 yil 1 avgust hisoblanadi;

xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining ushbu bandda nazarda tutilgan qarorlari tegishli adliya organida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganidan keyin qabul qilinadi va rasmiy eʼlon qilinganidan keyin kuchga kiradi.