ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 31.05.2023 yildagi PF-81-son

Farmonga asosan:

1) Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (Vazirlik) deb qayta nomlandi;

2) 2023 yil 1 iyuldan O‘zbekiston Respublikasida «Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi» tizimi joriy qilinadi;

3) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga masʼul bo‘lgan Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi kiritildi;

4) Vazirlik tuzilmasida Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tashkil etildi;

5) 2024 yil 1 yanvardan atrof-muhitga taʼsiri bo‘yicha I toifaga va II toifaga kiruvchi yangi obyektlarni loyihalashtirishda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va (yoki) lokal suv tozalash inshootlari o‘rnatilishi ko‘zda tutilmagan loyihalarni davlat ekologik va shaharsozlik ekspertizalaridan o‘tkazish hamda qurilishi tugallangan obyektlarni, ularni o‘rnatmagan holda foydalanishga qabul qilish man etiladi;

6) 2024 yil yakuniga qadar xalqaro tajriba asosida respublikaning barcha hududlarini ekologik baholash bo‘yicha indikatorlar asosida “eco-indicator.uz” reytingi shakllantiriladi va har bir hududning ekologik pasporti eʼlon qilinadi;

7) 2024 yil 1 yanvardan:

uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta ko‘chatlarini (nihol) yetishtirish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) hisoblanadi;

sinov tariqasida o‘rmon xo‘jaliklari hududida ko‘chat yetishtirish, ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, o‘rmonzorlar barpo etish ishlari autsorsing asosida jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etgan holda amalga oshiriladi;

o‘rmon xo‘jaliklarida ko‘chat yetishtiruvchi pitomniklarni tashkil etish maqsadida, xo‘jaliklar hududlarining uzoq muddatli ijaraga beriladigan uchastkalari Vazirlik tomonidan belgilanadi;

davlat o‘rmon fondi uchastkalari faqat “E-auksion” platformasi orqali ijaraga beriladi;

Jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga ular tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, qonunchilikda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun joriy qilingan pensiyani hisoblash uchun ish stajini hisobga olish tartibi tatbiq etiladi;

8) 2024 yildan boshlab markazlashgan investitsiya loyihalari hamda atrof-muhitga taʼsiri bo‘yicha I-II toifaga kiruvchi faoliyat turlariga oid markazlashmagan investitsiya loyihalari belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizadan o‘tkaziladi;

9) 2023 yil 1 iyuldan boshlab aholi va keng jamoatchilik orasida atrof-muhitni himoyalash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan «Chiqindilarni ommaviy yig‘ish» (O‘zPlogging) umummilliy harakati tashkil etiladi.

10) 2024 yil 1 yanvardan Nukus shahrida:

ichimlik suvidan foydalanish bo‘yicha ko‘p qavatli uylar o‘rtasida «Tejamkor uy» va «Tejamkor xonadon» reyting tizimini ishga tushiriladi;

yil yakuniga ko‘ra, eng kam suv ishlatgan 20 ta xonadon hamda xonadonlarining 50 foizidan ortig‘i belgilangan meʼyorlardan kam suv ishlatgan 20 ta ko‘p qavatli uylar rag‘batlantiriladi;

g‘olib xonadon va uylarga Vazirlikning byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyosh panellari yoki uy atrofini yoritish moslamalarini bepul o‘rnatib beriladi.