Farmonga asosan:
1) Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi etib belgilandi;
2) Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi;
3) Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustuvor g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish va normalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini izchil amalga oshirish bo‘yicha ekspertlik kengashlari tuzildi;
4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish jarayonini axborot-tahliliy, ilmiy va ekspertlik jihatdan taʼminlash uchun masʼul etib belgilandi;
5) 2023 yil 1 sentyabrdan respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros obyektlariga, jumladan ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirish tartibi joriy etildi;
6) 2023 yil 1 avgustdan soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qatʼi nazar farzandlarining O‘zbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlarida taʼlim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritildi;
7) 2023 yil 1 iyundan quyidagilar bekor qilindi:
to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi;
chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar.
8) 2023 yil 1 sentyabrdan oliy taʼlim tashkilotlari yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga advokatlik tuzilmalarida mehnat qonunchiligiga muvofiq o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida ish faoliyatini olib borishga ruxsat etildi.