ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 09.03.2023 yildagi O‘RQ-821-son

10 ta bob, 56 ta moddadan iborat.

1) Qonunning maqsadi:

Davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2) Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

davlat ishtirokidagi korxona — ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori ellik foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyati yoxud ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori xo‘jalik jamiyatining boshqa har bir aksiyadori (ishtirokchisi) ulushiga nisbatan ko‘p bo‘lgan xo‘jalik jamiyati;

davlat muassasasi — boshqaruv vazifalarini, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki boshqa notijorat tusdagi vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organi yoki tashkiloti tomonidan tashkil etilgan hamda to‘liq yoxud qisman u tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilot;

davlat mulki — respublika mulkidan va maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning mulkidan (munitsipal mulk) iborat bo‘lgan ommaviy mulk;

davlat mulki reyestri — davlat mulki to‘g‘risidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan yagona elektron axborot bazasi;

davlat ulushi — xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli bo‘lgan aksiyalar yoki ulushlar.

3) Davlat mulkini boshqarish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

davlat mulkining to‘liq hisobga olinishini taʼminlash;

davlat mulki ushbu Qonunda ko‘rsatilgan mezonlarga muvofiq bo‘lganda unga egalik qilish;

raqobat rivojlangan sohalarda davlat mulkini xususiylashtirish, qayta tashkil etish va tugatish orqali davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish;

davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv prinsiplarini joriy etish;

zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish;

ochiq va shaffof hisobot tizimini yaratish;

davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish, shuningdek ularni ichki va tashqi bozorlarda raqobatlashishga qodir bo‘lgan, samarali korxonalarga bosqichma-bosqich aylantirish bo‘yicha choralar ko‘rish.

4) Davlat mulkini boshqarishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

hisobdorlik;

ochiqlik va shaffoflik;

sog‘lom raqobat uchun shart-sharoitlarning tengligi;

davlat mulkiga egalik qilishning asoslanganligi;

davlat mulkidan foydalanishning samaradorligi;

mulkdor va tartibga soluvchi vazifalarining ajratilganligi;

atrof-muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilishning ustuvorligi.

5) Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra yuzaga keladi.

Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi quyidagi asoslarga ko‘ra ham yuzaga kelishi mumkin:

shartnomalar va boshqa bitimlar tuzilganda, shu jumladan garchi qonunda nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, lekin unga zid bo‘lmagan shartnomalar hamda boshqa bitimlar tuzilganda;

mol-mulkni va (yoki) mol-mulkdan foydalanish huquqini, soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek davlat ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlarni xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish yo‘li bilan ulushni olishda;

sud qarorlari asosida.

6) Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra bekor qilinadi.

Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi quyidagi asoslarga ko‘ra ham bekor qilinishi mumkin:

xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq;

davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi mulkiy huquqlarni (ulushlarni) olish evaziga boshqa shaxsga o‘tganda.