ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Respublikada kavrak yetishtirishni rivojlantirish va sanoatlashtirishni ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 27.04.2022 yildagi PF-116-son

Farmonga muvofiq:

1) Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga (Qo‘mita) kavrak yetishtirishni jadal rivojlantirishni taʼminlash bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

o‘ziga tegishli yaylov yer maydonlarida faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini saqlab qolish, muhofaza qilish, samarali tiklanishini va takror ko‘paytirishni tashkil qilishda ko‘maklashish;

respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan madaniy kavrak plantatsiyalari tashkil etilishini monitoring qilish;

respublika hududlarida kavrakni sanoat usulida qayta ishlash hajmini ko‘paytirish va tayyor mahsulot holida eksport qilish hamda mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish bo‘yicha sharoitlar yaratish;

2) Kavrak yetishtirish klasterlarini tashkil etish quyidagi shartlar asosida amalga oshirilishi:

Qo‘mita, «Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish» uyushmasi va tashabbuskorlar o‘rtasida tomonlarning huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi shartnoma tuzilishi;

tashabbuskorga yaylovlardan samarali foydalanish, ularning holatini yaxshilash, yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligini saqlab qolish, uni madaniy usullarda ko‘paytirish, klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya usulida kavrak xom ashyosini yig‘ish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishga oid majburiyatlar yuklanishi;

Shuningdek, Qo‘mita mazkur talablar asosida salohiyatli investorlarni jalb etishga shaxsan masʼul hisoblanishi belgilandi.

3) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga ko‘ra 2022 yil 1 maydan boshlab:

a) Qo‘mitaning doimiy egaligidagi yer maydonlarida:

yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligining O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hamda kiritilmagan barcha turlarini g‘amlash (yig‘ish) uchun kvotalar Qo‘mitaning buyurtmasiga ko‘ra, to‘lov evaziga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi asosida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

mazkur kvotalar doirasida yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligi xomashyosidan maxsus foydalanish uchun hamda yovvoyi holda o‘suvchi kavrak o‘simligining O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hamda kiritilmagan barcha turlarini chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan beriladi;

b) Qo‘mita kavrak mahsulotlari bozor konyunkturasi va ishlab chiqarish xarajatlarini tahlil qiladi, shuningdek, eksport hajmlari monitoringini yuritadi va ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularning eksport hajmini oshirish uchun masʼul hisoblanadi;

4) a) 2022 yil 1 maydan boshlab uch yil davomida:

kavrak yetishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlaridan olinadigan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foiz miqdorida qo‘llanilishi;

kavrak o‘simligini yetishtiruvchilar va uning xom ashyosini qayta ishlovchi korxonalar tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan import qilinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar va furnituralar bojxona bojidan ozod etilishi;

b) Qo‘mita Uyushma bilan birgalikda qorako‘l va qorako‘lcha teri, jun va kavrak mahsulotlari (TIF TN bo‘yicha 4302197500, 0504000000, 5101 – 5109, 5602, 570110, 5701109, 1301 90 0000 kodlari) eksport hajmlari monitoringini yuritishi va ushbu mahsulotlarning eksport hajmini oshirish choralarini ko‘rishi belgilandi.