Farmonga muvofiq:
1) Adliya vazirligi (Vazirlik) zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
a) aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘nalishida:
jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni bartaraf etish hisobiga tezkor, qulay va sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatilishini taʼminlash;
davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan tegishli axborot tizimlari, resurslar va maʼlumotlar bazalarini joriy etish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish va samaradorligini baholash;
b) intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish yo‘nalishida:
intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish;
2) Quyidagilar:
a) yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallari hamda FHDYO organlari barcha huquq va vakolatlarini saqlagan holda tuman (shahar) adliya bo‘limlari tuzilmasiga va bo‘ysunuviga o‘tkazilishi;
b) Vazirlik:
Davlat xizmatlari agentligi hamda Intellektual mulk agentligining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi;
jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish hamda intellektual mulk (intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish) sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi hamda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasini ifodalovchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanishi belgilandi;
3) 2022 yil 1 maydan boshlab quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:
qonunchilikka muvofiq mahalliy ijro hokimiyati organlari qarorlarini qabul qilishda hududiy adliya organlari ijobiy xulosasi olinishi belgilangan hollarda, bunday xulosa olinmasdan tegishli qarorlarni qabul qilish (chiqarish)ga yo‘l qo‘yilmaydi;
Vazirlik tomonidan vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro hokimiyati organlarining norma ijodkorligi faoliyati monitoring qilinadi hamda uning natijasi bo‘yicha har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boriladi;
4) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga ko‘ra 2023 yil 1 apreldan boshlab:
mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasida (Yagona baza) saqlanadi;
“Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi Yagona bazani yuritish, texnik taʼminlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonini muvofiqlashtirish bo‘yicha masʼul – operator etib belgilanadi;
obyektning elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga mualliflik huquqi obyektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan joylashtiriladi;
mualliflik huquqi obyektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan obyektning elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga kiritilgandan so‘ng, uning saqlovga qabul qilinganligi to‘g‘risida hujjat taqdim qilinadi;
5) Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalariga o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berildi:
davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy jazo qo‘llash;
intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash;
davlat organlari va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda yuzaga kelgan mehnat nizosini ko‘rish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilish;
6) Vazirlik tuzilmasida:
Xalqaro-huquqiy hamkorlik departamenti;
Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi;
Huquqiy xizmat ko‘rsatishni tartibga solish boshqarmasi;
Qonunchilikni tizimlashtirish va tartibga solish taʼsirini baholash boshqarmasi;
Davlat xizmatlari departamenti;
Intellektual mulk departamenti tashkil etildi.