ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Turizm, madaniy meros va sport sohalarida davlat boshqaruvini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 18.02.2022 yildagi PF-75-son

Farmonga muvofiq:

1) Quyidagilar:

Turizm va madaniy meros vazirligi;

Sportni rivojlantirish vazirligi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari tashkil qilindi;

2) Quyidagilar:

Turizm va madaniy meros vazirligi turizm va madaniy meros, Sportni rivojlantirish vazirligi esa sport sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari hisoblanishi;

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi o‘z vakolatlari doirasida umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi;

turizm, madaniy meros va sport masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda tegishincha Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi bilan kelishilishi va boshqalar belgilandi;

3) Quyidagilar Turizm va madaniy meros vazirligining asosiy vazifalari etib belgilandi:

tashqi va ichki turizmni har tomonlama kengaytirish, yangi turizm yo‘nalishlarini ishlab chiqish hamda ularni turizm bozorlarida joriy qilish, turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va davlatlararo standartlar hamda normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish, mamlakatning turizm imijini yana-da rivojlantirish;

turizm turlarini ko‘paytirish, eng avvalo, ichki va ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, taʼlim va ilmiy turizmni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, respublika hududlarining turizm salohiyatidan kelib chiqib turizmning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash, yangi turizm mahsulotlarini yaratish;

madaniy meros obyektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, davlat nazoratini amalga oshirish, YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar hujjatlarining normalari va tavsiyalarini implementatsiya qilish, tarixiy-madaniy hududlarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va o‘ziga xosligini saqlab qolish;

turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketingini olib borish, mamlakatimizning bebaho turizm salohiyatini ommalashtirish va targ‘ib qilish, milliy turizm mahsulotlari va brendlarining xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yo‘naltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish;

4) Quyidagilar Sportni rivojlantirish vazirligining asosiy vazifalari etib belgilandi:

har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar o‘rtasida sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish, ommaviy sport turlari va sog‘lom turmush tarzini yuritishga keng jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish, ularni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, sport taʼlimi tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish, sport turlari bo‘yicha yuqori natijador sportchilar zaxirasini yaratish;

sport infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan qishloq va chekka hududlarda sport obyektlarini ko‘paytirish, sport marketingini rivojlantirish, sport obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda sohani bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirish, nodavlat sport obyektlari va muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;

mamlakatimizda professional sportni, shu jumladan jamoaviy, qishki va ekstremal sport turlarini rivojlantirishni, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sportga qarshi tizimli choralar ko‘rishni taʼminlash;

Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash uchun istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya qilish), tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlik qilish;

paralimpiya harakatini rivojlantirish, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish, infratuzilmasini yaratish, istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya qilish) va professional sportga yo‘naltirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash;

5) Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri lavozimi Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri lavozimi etib qayta nomlandi.