Farmonga muvofiq:
1) Butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilishi belgilandi;
2) Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi;
3) 2022 yil 1 apreldan boshlab jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida quyidagi tartib o‘rnatilishi belgilandi:
aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;
rag‘batlantirish huquqbuzarlik bo‘yicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi;
huquqbuzarlik holati bo‘yicha fotosurat, videoyozuv va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
rag‘batlantirish mablag‘lari undiriladigan jarimalarning tegishli organlar hisobida qoldiriladigan qismidan qoplab beriladi;
4) Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar “102” tezkor qisqa raqami yoki “Ekonazorat” axborot tizimi orqali qabul qilinishi belgilandi;
5) Davlat ekologiya qo‘mitasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar “Yashil makon” platformasini ishga tushirishi belgilandi;
6) 2022 yil 1 martdan boshlab quyidagi tartib o‘rnatilishi belgilandi:
o‘simliklar dunyosi obyektlari davlat kadastri tarkibida respublikaning barcha hududlaridagi va har qanday turdagi daraxtlarning hisobini yuritish hamda ularni biriktirish uchun “Daraxtlar reyestri” tizimi joriy etiladi;
yuridik shaxslar – aholi punktidagi binolar va inshootlarning mulkdorlari yoki ulardan foydalanuvchilar, shu jumladan ijaraga oluvchilar o‘ziga biriktirilgan daraxtlarni saqlash va parvarish qilish uchun masʼul hisoblanadi;
har bir yuridik shaxs – aholi punktidagi binolar va inshootlarning mulkdori yoki ulardan foydalanuvchiga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organi tomonidan tutash hududlardan kelib chiqqan holda unga biriktiriladigan barcha daraxtlar bo‘yicha “Daraxtlar reyestri”dan yagona ko‘chirma beriladi;
tutash hududlardagi biriktirilgan daraxtlar bo‘yicha “Daraxtlar reyestri”dan ko‘chirma mazkur daraxtlar va ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan hech qanday huquqni keltirib chiqarmaydi.