Farmonga muvofiq:
2021 yil 1 iyundan:
fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilishi;
notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha maʼlumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha maʼlumot talab qilmasdan, «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimi orqali olinishi;
tadbirkorlik subyekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat berilishi;
xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinishi;
davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish uchun qo‘shimcha to‘langan yig‘imlar summasi Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytarilishi;
davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinishi, bunda ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinishi;
davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan ayrim hujjatlar va ularning nusxalarini talab qilish bekor qilinishi;
Davlat xizmatlari markazlari yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yagona vakolatli organ hisoblanishi;
davlat organlari va tashkilotlari, yuridik shaxslar birlashmalari, bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kooperativlari hamda advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi;
fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan davlat statistika organlariga dalolatnoma yozuvlarining nusxalarini yuborish va hisobotlarni topshirish amaliyoti bekor qilinishi;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tadbirkorlik subyektlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni Adliya vazirligi va davlat xizmatlari markazlaridan so‘rash to‘xtatilishi va ular maʼlumotlarni Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimidan mustaqil ravishda olishi belgilandi.