ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 08.07.2020 yildagi O‘RQ-627-son

Qonun 7 ta bob va 43 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi:

Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.

2. Tabiiy erkinlik holatida yashayotgan yovvoyi hayvonlarni (ularning yashash faoliyati mahsulotlarini) tutish maqsadida ularni izlash, ularning iziga tushish va ularni taʼqib qilish, tutishga urinish yoki tutish (otish, tutib olish) ov qilishdir.

3. Haqiqiy ovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan va ov qilish sohasida xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan chet ellik fuqaro ovchidir.

4. Ov qilish joylari ov qilish uchun foydalaniladigan yoki foydalanilishi mumkin bo‘lgan, yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti, bo‘lish va urchish joylari, ularning ko‘chib o‘tish yo‘llari bo‘lgan yerlar, suv obyektlari va o‘rmonlardan iborat bo‘ladi.

5. Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir har yilgi kvota yovvoyi hayvonlarning ko‘p miqdorda tutiladigan turlariga, shuningdek yovvoyi hayvonlarning kamyob va oz sonli turlariga nisbatan belgilanadi. Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota yovvoyi hayvonlar sonini hisobga olish hamda tutiladigan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish maʼlumotlari asosida belgilanadi.

6. Kelgusi yil uchun yovvoyi hayvonlarni tutishga doir talabnomalar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan joriy yilning 1 noyabridan 15 noyabriga qadar (qo‘shimcha kvota uchun 1 apreldan 15 aprelga qadar) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga topshiriladi.

7. Ov qilish turlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

sport va havaskorlik maqsadida ov qilish;

sanoat maqsadida ov qilish;

o‘lja olish maqsadida ov qilish;

yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda yoki sunʼiy yaratilgan yashash muhitida saqlash va ko‘paytirish maqsadida ov qilish;

ilmiy, tibbiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun ov qilish;

yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish maqsadida ov qilish.

8. Ov qilish mavsumi va muddatlari

Ov qilish mavsumi yilning yovvoyi hayvonlarni ov qilish ruxsat etilgan davridir.

Ov qilish muddati yilning maʼlum davri bo‘lib, bu davr mobaynida muayyan turdagi yovvoyi hayvonlarni ovlash amalga oshirilishi mumkin.

Ov qilish mavsumida haftaning ikki kuni – seshanba, chorshanba – O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qushlarni ov qilish uchun yopiqdir. Bundan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida ilmiy, tibbiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun qushlarni tutish hollari mustasno.

9. Ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ovchilik minimumi bo‘yicha sinov imtihonini topshirgan jismoniy shaxslarga ovchilar jamoat birlashmalari tomonidan beriladi.