ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 02.07.2020 yildagi O‘RQ-626-son

Qonun 8 ta bob va 48 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi:

Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.

2. Geodeziya va kartografiya faoliyati – yer shaklining, tashqi gravitatsiya maydonining parametrlarini, yer sathining koordinata nuqtalarini va ularning vaqt bo‘yicha o‘zgarishlarini aniqlashga, davlat geodeziya, gravimetriya va nivelir tarmoqlarini, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan sunʼiy yo‘ldosh orqali kuzatish stansiyalari tarmog‘ini yaratish, rivojlantirish va ishlash holatida saqlab turishga, davlat kadastrlari, geofazoviy maʼlumotlar banklari (bazalari) va geoaxborot tizimlari uchun topografik, tematik xaritalar, rejalarni va kartografik asosni yaratishga hamda yangilashga qaratilgan ilmiy, ishlab chiqarish va boshqaruv faoliyati.

3. Geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi

4. Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning turlari:

umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar;

maxsus (tarmoqqa oid) ahamiyatga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar.

5. Geodeziya va kartografiya faoliyati mahsulotlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (maʼlumotlar);

geodeziya punktlari;

fazoviy (geofazoviy) maʼlumotlar;

geografik axborot tizimlari;

fazoviy maʼlumotlarning infratuzilmasi;

ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlarning natijalari, shu jumladan geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar.

6. Geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (maʼlumotlar) O‘zbekiston Respublikasining kartografiya-geodeziya fondini tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasining kartografiya-geodeziya fondi tarkibiga davlat va idoraviy kartografiya-geodeziya fondlari kiradi.