ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 16.04.2020 yildagi PF-5980-son

Farmonga muvofiq:

1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi (Jamoatchilik palatasi) hamda uning hududiy jamoatchilik palatalari tashkil etildi;

2) Quyidagilar Jamoatchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

davlat, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yana-da jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy shakldagi tizimli hamda samarali muloqotini yo‘lga qo‘yish hamda ularning ijtimoiy manfaatlari kelishilishini taʼminlash;

fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga ko‘maklashish;

aholi fikrini tizimli o‘rganib borish, joylarda va sohalarda aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini hamda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ularning yechimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalariga va Hukumatga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflar kiritib borish va boshqalar;

3) Quyidagilar:

a) Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organlari hisoblanishi;

b) Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar aʼzodan iborat bo‘lishi va uning tarkibi tegishli tartibda shakllantirilishi;

v) hududiy jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar aʼzodan iborat bo‘lishi;

g) hududiy jamoatchilik palatalari tarkibi jamoatchilik forumlarida tavsiya etilgan hududlarda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantirilishi;

d) Jamoatchilik palatasining va hududiy jamoatchilik palatalarining birinchi umumiy yig‘ilishlarida:

ularning faoliyatlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilishi;

ularning komissiyalari shakllantirilishi va rahbarlari saylanishi;

Jamoatchilik palatasi raisi – Jamoatchilik palatasi Kengashi raisi va uning uchta o‘rinbosari, jumladan bitta birinchi o‘rinbosari – Jamoatchilik palatasi apparati rahbari, shuningdek hududiy jamoatchilik palatalarining raislari va ularning o‘rinbosarlari saylanishi;

Jamoatchilik palatasining va hududiy jamoatchilik palatalarining faoliyatlarini samarali tashkil etish maqsadida ularning boshqaruv organlari – Jamoatchilik palatasi Kengashi va hududiy jamoatchilik palatalarining kengashlari tuzilishi;

ye) Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolarining vakolat muddati Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalarining birinchi umumiy yig‘ilishlari o‘tkazilgan kundan boshlab, 3 yil etib belgilandi;

4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasining va hududiy jamoatchilik palatalarining tuzilmasi tasdiqlandi;

5) Jamoatchilik palatasining faoliyati uning ijro organi – yuridik shaxs hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi apparati (Apparat) tomonidan taʼminlanishi va Apparat faoliyatini moliyalashtirishning manbalari belgilandi;

6) “Mening fikrim” veb-portalini Jamoatchilik palatasi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi;

7) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlarida Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari tomonidan jamoatchilik uchun dolzarb bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlil natijalarini har chorakda ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etiladi;

Jamoatchilik palatasi har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida yillik milliy maʼruzalarni taqdim etadi;

Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolari har bir davlat organining ochiq hayʼat majlisida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida, “Hukumat soati”da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari majlislarida ishtirok etishga haqli va boshqalar;

8) Apparat:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Milliy statistika qo‘mitasi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, boshqa vazirlik va idoralarning statistika axboroti;

Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari majburiy yuboriladigan reyestrga kiritilishi belgilandi;

9) Apparatga quyidagi huquqlar berildi:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari mutaxassislarini, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari xodimlarini, shuningdek, mahalliy va xorijiy olimlar va mutaxassislarni shartnoma asosida tadqiqotlar olib borishga jalb qilish;

tadqiqotlar olib borish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, jamg‘armalar, mahalliy va xorijiy tadqiqot markazlari va o‘quv muassasalari bilan shartnomalar tuzish;

noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot-tahliliy sharhlar va maʼruzalar, “Fuqarolik jamiyati” jurnali, “Jamiyat” gazetasi va boshqa nashrlarni chop etish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlardan zarur statistik, tahliliy va boshqa maʼlumotlarni so‘rash va olish.