ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
“Oliy Darajali Doʻstlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 11.03.2020 yildagi O‘RQ-609-son

Qonun 5 ta moddadan iborat

1. Qonun bilan “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni taʼsis etilgan.

2. Qonunga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni to‘g‘risidagi nizom hamda “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenining tavsifi ilova qilingan.

3. Nizomga ko‘ra, “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan:

xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;

xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;

xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari;

atoqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, taʼlim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, maʼnaviyat, madaniyat va sport sohalarining ko‘zga ko‘ringan ulkan namoyandalari, insonparvarlik ruhidagi ezgu ishlari bilan nom qozongan metsenatlar, biznes hamjamiyatining taniqli vakillari mukofotlanadi.

4. “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan:

O‘zbekiston Respublikasi bilan chet davlatlari o‘rtasida har tomonlama manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro hurmat va ishonchni kuchaytirishdagi shaxsiy hissasi;

xorijiy mamlakatlarning xalqlari bilan do‘stlik, hamjihatlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasida ko‘rsatgan alohida xizmatlari;

umuminsoniy va milliy maʼnaviy qadriyatlarni, tarixiy merosimizni asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib etish, turli xalqlar madaniyati va sanʼatini yana-da boyitishdagi faol ishtiroki;

tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish, yirik ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek innovatsion g‘oya va texnologiyalarni yaratish hamda turli sohalarga tatbiq etishda erishgan salmoqli natijalari;

ilm-fan va maʼrifat, madaniyat, sanʼat va adabiyot, taʼlim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarini, shuningdek inson kapitalini rivojlantirish borasidagi katta yutuqlari;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlashdagi ko‘p yillik va fidokorona mehnati;

kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizni demokratik yangilashdagi roli va ahamiyatini oshirish, jamiyat va davlat o‘rtasidagi tizimli va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari;

ekologik muammolarni hal etish, sayyoramiz va mamlakatimizda qulay atrof-muhitni taʼminlash, inson genofondini saqlash, bioxilma-xillik va tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, hozirgi va kelgusi avlodning ekologik xavfsizligi haqida g‘amxo‘rlik qilishga qaratilgan ko‘p yillik samarali faoliyati;

xalqaro miqyosdagi ulkan jamoatchilik, gumanitar va xayriya faoliyati uchun mukofotlanadi.

5. “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovg‘alarini oladilar, shuningdek qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.