ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 17.02.2020 yildagi O‘RQ-604-son

Qonun 11 ta bob va 48 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi:

Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.

2. Maxsus iqtisodiy zona – tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan hudud.

3. Maxsus iqtisodiy zonalarning turlari

Maxsus iqtisodiy zonalar quyidagi turda tashkil etilishi mumkin:

erkin iqtisodiy zonalar;

maxsus ilmiy-texnologik zonalar;

turistik-rekreatsion zonalar;

erkin savdo zonalari;

maxsus sanoat zonalari.

4. Maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish

Maxsus iqtisodiy zona O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan o‘ttiz yil muddatga tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatishini va uni rivojlantirishni tashkil etish masalasi yuzasidan qaror qabul qiladi.

5. Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi

Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatishi va boshqarilishini taʼminlash uchun tashkil etiladigan davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxsdir.

6. Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi

Investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida investor elektron onlayn-auksionga qo‘yilgan yer uchastkasini ijaraga yoki bo‘sh turgan (foydalanilmayotgan) binoni olgan kundan eʼtiboran (bundan yer uchastkasi investorga tegishli bo‘lgan hollar mustasno) besh ish kuni ichida maxsus iqtisodiy zona joylashgan yerdagi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zi tashkil etayotgan tadbirkorlik subyektini yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yoki investor tomonidan ilgari tashkil etilgan tadbirkorlik subyektini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni taqdim etadi. Yuridik shaxs investitsiya bitimi imzolanganidan va Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilganidan keyin maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini oladi.

7. Maxsus huquqiy rejimning o‘ziga xos xususiyatlari

Maxsus iqtisodiy zonalarda maxsus bojxona, soliq rejimi, shuningdek fuqarolarning kirish, chiqish va bo‘lish rejimi, mehnat munosabatlari, moliya-kredit faoliyatini amalga oshirish shartlari hamda investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish va maxsus iqtisodiy zonani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan boshqa rejim o‘rnatilishi mumkin.

Maxsus huquqiy rejim qonunlar yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan o‘rnatiladi.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga berilgan imtiyozlar faqat maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshiriladigan faoliyatga nisbatan qo‘llaniladi.

Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari sifatida ro‘yxatga olingan chet el investorlari o‘ziga O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida berilgan barcha huquqlar, kafolatlar va imtiyozlardan foydalanishi mumkin.