Farmonga muvofiq:
1) Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (Konsepsiya) tasdiqlandi va unda quyidagilar nazarda tutilishi belgilandi:
oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish;
O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining flagmaniga aylantirish;
respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy taʼlim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy taʼlim muassasalari ro‘yxatiga kiritish;
oliy taʼlim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish;
xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy taʼlimning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan taʼlimdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish;
oliy taʼlim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish va boshqalar;
b) O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi;
2) Nodavlat notijorat tashkilot shaklidagi Respublika oliy taʼlim kengashini (Kengash) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:
professor-o‘qituvchilar, talabalar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish, jamoatchilik va ish beruvchilarning fikrini o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni tahlil qilish orqali oliy taʼlim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
oliy taʼlimni davlat tomonidan boshqarish tizimi samaradorligiga va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ular tomonidan taʼlim berishda qo‘llanilayotgan taʼlim-tarbiya usullarining taʼsirchanligiga xolisona baho berish;
taʼlim berishda yuqori sifatni taʼminlash yuzasidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish;
oliy taʼlim muassasalarida shaffoflik, xolislik va obyektivlikni taʼminlash, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirilishi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
oliy taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va pedagoglarning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni mazmunli va maqsadli tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
xalqaro aloqalar natijadorligini tahlil qilib borish, qo‘shma dasturlar samaradorligini baholash, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-o‘qituvchilar va xorijdagi vatandoshlarni oliy taʼlim tizimiga jalb etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
oliy taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash va takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish asosida ularni respublika oliy taʼlim muassasalari sharoitida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
3) Quyidagilar:
Kengashning faoliyati natijalari, ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining hayʼat majlisida yiliga kamida ikki marta Kengash aʼzolari bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi, natijasi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinishi;
Kengash tomonidan tayyorlangan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tarkibida oliy taʼlim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda oliy taʼlim muassasalari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi, ular Kengashga vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak beradilar, so‘ralgan zarur maʼlumotlarni taqdim etib borishi;
Kengash faoliyati natijalari, oliy taʼlim tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borishi belgilandi.