|
Hujjat hali kuchga kirgan emas
|
Оʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 5-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3969]
1. Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Oliy sudi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran ikki oydan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. TOSHPULATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-sentabr,
502-son
Kelishildi:
Oliy sud raisi R. MAXMUDOVA
2026-yil 5-avgust
Bosh prokuror N. YOʻLDOSHEV
2026-yil 6-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2026-yil 4-sentabrdagi 502-son buyrugʻiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarining (bundan buyon matnda Qoidalar deb yuritiladi) buzilishiga doir maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni (bundan buyon matnda maʼmuriy ishlar deb yuritiladi) rasmiylashtirish, koʻrib chiqish hamda jismoniy va yuridik shaxslarning maʼmuriy ish hujjatlari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“Maʼmuriy amaliyot” moduli — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti (bundan buyon matnda IIV JXD deb yuritiladi) Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining (bundan buyon matnda YHXX deb yuritiladi) Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bundan buyon matnda YAAT deb yuritiladi) tarkibiga kiruvchi, Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish, hisobga olish, koʻrib chiqish va huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga (bundan buyon matnda huquqbuzar deb yuritiladi) nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorni shakllantiruvchi axborot tizimi;
“yagona darcha” tamoyili — YHXX huzuridagi Maʼmuriy amaliyot markazi (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) va hududiy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari maʼmuriy amaliyot markazlari (bundan buyon matnda hududiy markazlar deb yuritiladi) tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlar boʻyicha murojaatlarini (bundan buyon matnda murojaatlar deb yuritiladi) koʻrib chiqishga oid davlat xizmatlarini bir nuqtada koʻrsatish;
“eksterritoriallik” tamoyili — jismoniy shaxslarning yashash yoki turgan joyidan, yuridik shaxslarning joylashgan yuridik manzilidan qatʼi nazar, istalgan hududiy markazlarga murojaat qilish usuli;
“open space” tamoyili — Markaz va hududiy markazlarga murojaat qilish maqsadida kelgan jismoniy va yuridik shaxslar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri va toʻsiqsiz kirish imkonini beruvchi usul.
2. Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (bundan buyon matnda Kodeks deb yuritiladi) hamda mazkur Yoʻriqnoma va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
3. Jismoniy va yuridik shaxslarning Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlar boʻyicha murojaatlari “yagona darcha”, “eksterritoriallik” va “open space” tamoyillari asosida koʻrib chiqiladi.
4. Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlar, shu jumladan vazirlik va idoralar oʻrtasida Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlarga oid maʼlumotlar almashinuvi YHXX YAATning “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali amalga oshiriladi.
“Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali maʼmuriy ish hujjatlari va ish boʻyicha ashyoviy (ashyoviy dalilning rasmiylashtirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot), yozma hamda raqamli dalillar (bundan buyon matnda dalillar deb yuritiladi) sudlarga elektron shaklda yuboriladi.
5. Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqishning vazifalari har bir ishning holatini oʻz vaqtida, har tomonlama, toʻla va obyektiv ravishda aniqlab chiqishdan, bu ishni qonunchilik hujjatlariga muvofiq holda hal etishdan, chiqarilgan qarorning ijrosini taʼminlashdan, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitlarni aniqlashdan, huquqbuzarliklarning oldini olishdan, qonuniylikni mustahkamlashdan iboratdir.
6. Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlar qonuniylikka qatʼiy amal qilish asosida koʻrib chiqiladi. Qoidalarning buzilishi uchun taʼsir choralarini qoʻllash chogʻida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi vakolatli yuqori turuvchi organlar va mansabdor shaxslar tomonidan muntazam ravishda nazorat qilib turilishi bilan, prokuror nazorati bilan, shikoyat berish huquqi va qonunchilikda belgilangan boshqa tartiblar bilan taʼminlanadi.
7. Maʼmuriy ish hujjatlarini rasmiylashtirgan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati (bundan buyon matnda DYHXX deb yuritiladi) xodimi ushbu hujjatlardagi shaxsga, transport vositasiga va sodir etilgan qoidabuzarlikka doir maʼlumotlarning maxsus dasturiy taʼminot oʻrnatilgan mobil qurilmaga (bundan buyon matnda planshet deb yuritiladi) yoki qogʻoz shakldagi maʼmuriy ish hujjatlariga toʻgʻri kiritilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
8. Maʼmuriy ishning hujjatlarini qogʻoz shaklida yuritish zarurati yuzaga kelganda, ushbu hujjatlar pdf formatda skaner (nusxa) qilingan holda “Maʼmuriy amaliyot” moduliga planshet yoki kompyuter orqali elektron shaklda kiritiladi.
9. Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlar DYHXXning quyidagi xodimlari tomonidan “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali elektron shaklda yuritiladi:
Qoidalarni buzgan shaxsga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan DYHXX xodimlari;
Markaz va hududiy markazlarning xodimlari.
10. Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqishga vakolatli xodimlar oʻzlariga berilgan vakolatlar doirasida va faqat xizmat burchlarini bajarib turgan paytlardagina Kodeksda nazarda tutilgan maʼmuriy jazolarni qoʻllashlari mumkin.
11. “Maʼmuriy amaliyot” modulidagi maʼlumotlarni mazkur Yoʻriqnomaning 9-bandida nazarda tutilgan vakolatli xodimlar oʻrganish va ulardan foydalanish huquqiga ega.
12. “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali yuritiladigan maʼmuriy ishlarning toʻgʻri yuritilishini tekshirish va nazorat qilish Markaz hamda hududiy markazlarning masʼul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish
13. Qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma (bundan buyon matnda elektron shakldagi maʼmuriy bayonnoma deb yuritiladi) DYHXX xodimi tomonidan planshet yoki kompyuter yordamida “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali rasmiylashtiriladi, bundan maʼmuriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan holatlar mustasno.
Rasmiylashtirilgan elektron shakldagi maʼmuriy bayonnomani huquqbuzar, guvohlar, xolislar hamda jabrlanuvchilarga oʻzlarining elektron grafik imzosi yoki barmoq izi bilan tasdiqlash taklif etiladi.
Bunda elektron shakldagi maʼmuriy bayonnoma “Fuqarolarning biometrik hujjatlari elektron tizimi” yoki daktiloskopik taqqoslash yoxud multibiometrik identifikatsiya qilish dasturlari (bundan buyon matnda identifikatsiya tizimlari deb yuritiladi) orqali ularning shaxsini aniqlagan holda elektron raqamli imzo yoki elektron grafik imzo hamda QR-kod (matritsali shtrix kod) bilan tasdiqlanadi.
14. Maʼmuriy bayonnoma tuzish zarur boʻlib, uni huquqbuzarlik sodir etilgan joyda tuzish imkoni boʻlmasa, maʼmuriy bayonnoma DYHXX xodimi tomonidan yaqin oradagi ichki ishlar organlarida, transport vositalarini toʻxtash joylarida rasmiylashtirilishi mumkin.
15. Huquqbuzar, jabrlanuvchi, guvoh, xolis chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlsa, shuningdek identifikatsiya tizimlari yordamida ularning shaxsini aniqlashning imkoni boʻlmasa, biroq ularning yonida maʼlumotlar bazasiga kiritilmagan chet el pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, DYHXX xodimi ushbu hujjatlardagi shaxsga doir maʼlumotlarni planshetga yoki kompyuterga kiritadi.
16. Sodir etilgan huquqbuzarliklar keyinchalik aniqlanganda, maʼmuriy ishlar jabrlanuvchining arizasi bilan qoʻzgʻatilganda, huquqbuzar huquqbuzarlik faktini inkor etganda, sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan sanksiyada jarima jazosidan boshqa turdagi maʼmuriy jazo qoʻllanilishi nazarda tutilgan boʻlsa (bundan sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan sanksiyada maʼmuriy ogohlantirish jazosi qoʻllaniladigan holatlar mustasno), shuningdek, aloqa tarmogʻi mavjud boʻlmagan hududlarda yoki maʼmuriy ishni qogʻoz shaklda rasmiylashtirishni taqozo etadigan holatlarda mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasiga muvofiq shaklda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma (bundan buyon matnda qogʻoz shakldagi maʼmuriy bayonnoma deb yuritiladi) rasmiylashtirilib, pdf formatda skaner qilingan holda belgilangan tartibda “Maʼmuriy amaliyot” moduliga kiritiladi, bundan maʼmuriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan holatlar mustasno.
17. Qogʻoz shakldagi maʼmuriy bayonnoma blankasi qatʼiy hisobdagi hujjat hisoblanadi va unga yozuvlar aniq holda koʻk yoki qora rangli siyoh bilan qayd etiladi. Unda oʻchirib yozishga, (ilgari qayd etilgan yozuvlarni) tuzatishga hamda maxsus vositalar yordamida yoʻqotishga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Qoidalarni buzgan huquqbuzarlardan joyida jarima olish qatʼiyan man etiladi.
19. Elektron yoki qogʻoz shakldagi maʼmuriy bayonnomani rasmiylashtirishda huquqbuzarga quyidagilar tushuntiriladi:
maʼmuriy bayonnoma elektron shaklda rasmiylashtirilayotganligi yoki maʼmuriy bayonnoma qogʻoz shaklida rasmiylashtirilishining sabablari;
jarimani ixtiyoriy ravishda elektron toʻlov tizimlari, mobil ilovalar yoki bank kassalari orqali, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (bundan buyon matnda YIDXP deb yuritiladi)dagi shaxsiy kabineti yoki boshqa axborot tizimlari orqali toʻlashi mumkinligi;
huquqbuzar unga jarima solish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida jarima miqdorining ellik foizini yoki oʻttiz kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda toʻlagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinishi, shuningdek, jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi Kodeksning 3321-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda qoʻllanilmasligi;
maʼmuriy ish hujjatlari bilan tanishib chiqishga, izohlar berishga, dalillar keltirishga, oʻz iltimosini bayon etishga, ishni koʻrib chiqish vaqtida yuridik yordamdan foydalanishga, oʻz ona tilida soʻzlashga va tarjimonning xizmatlaridan foydalanishga, ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berishga haqli ekanligi;
maʼmuriy ish qachon va qayerda koʻrilishi haqidagi mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi elektron xabarnomaning YIDXPdagi yoki IIV JXD YHXXning mobil ilovasidagi shaxsiy kabineti orqali olinish mumkinligi;
huquqbuzarning Kodeks, mazkur Yoʻriqnoma va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlari.
20. Elektron yoki qogʻoz shakldagi maʼmuriy bayonnomani rasmiylashtirishda DYHXX xodimi huquqbuzarlik faktini tasdiqlash uchun planshet yoki boshqa mobil qurilmalardagi audio va videoyozuvlardan hamda fotosuratlardan, shuningdek boshqa maʼlumotlar (texnik ekspertiza xulosasi, oʻlchash vositalarining dalolatnomalari va boshqa maxsus hujjatlar)dan foydalanishi mumkin.
Huquqbuzarlik faktini tasdiqlash jarayonida boshqa mobil qurilmalardan foydalanilganda, DYHXX xodimi ushbu mobil qurilma toʻgʻrisida maʼlumotni (qurilmaning turi, modeli va boshqa) va undan foydalanish zarurati toʻgʻrisida tushuntirish berishi va huquqbuzarni ogohlantirishi lozim (maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish moslamalari bundan mustasno).
21. Agar fuqaro oʻzi sodir etgan huquqbuzarlik faktiga eʼtiroz bildirib, maʼmuriy bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bu haqda qogʻoz shakldagi maʼmuriy bayonnomaga yozib qoʻyiladi.
Huquqbuzar maʼmuriy bayonnomaning mazmuni yuzasidan unga ilova qilinadigan tushuntirish va mulohazalarini berishga, shuningdek, mazkur bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortish sabablarini bayon etishga haqli. Bunda DYHXX xodimi tomonidan guvohlar va (yoki) xolislar ishtirokida dalolatnoma tuziladi hamda pdf formatda skaner qilingan holda belgilangan tartibda “Maʼmuriy amaliyot” moduliga kiritiladi.
22. Huquqbuzar maʼmuriy bayonnomani imzolashdan hamda bu haqda izoh berish yoki tushuntirish berishdan bosh tortgan hollarda ushbu maʼmuriy bayonnoma guvohlar va (yoki) xolislar ishtirokida rasmiylashtiriladi.
Bunda mazkur talablarga rioya qilinmasdan rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
23. DYHXX xodimi tomonidan rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma, unga ilova qilingan hujjatlar hamda ish boʻyicha dalillar huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan eʼtiboran uch sutkadan kechiktirmagan holda maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan DYHXX xodimiga (elektron shakldagi maʼmuriy bayonnoma “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali elektron tarzda) yuboriladi.
24. Qoidabuzarlikni rasmiylashtirishda Kodeksning 54-moddasining ikkinchi qismida (transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar buzilishi qismida), 901-moddasida, 125-moddasining uchinchi , beshinchi va oltinchi qismlarida, 1251-moddasining ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida (bundan 1251-moddaning ikkinchi — toʻrtinch qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar avtomatlashtirilgan oʻlchov vositalari orqali aniqlangan hollar mustasno), 126-moddasida, 127-moddasining ikkinchi qismida, 1286-moddasida (agar transport vositasining haydovchisi boʻlmasa va toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarining buzilishi yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa), 12810, 131, 133-moddalarida, 134-moddasida (bundan yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisida xabarnoma tuzilgan hollar mustasno), 135-moddasida (bundan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi, haydovchilarning malaka oshirishdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikati yonida mavjud boʻlmaganligi hollari mustasno), 136-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 137, 1763-moddalarida, 194-moddasida (ichki ishlar organi xodimining transport vositasini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qonuniy talabini bajarmaslik qismida) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilganda, shuningdek qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollar aniqlanganda, transport vositalari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilgunga va ushlab turish sababi bartaraf etilgunga qadar toʻxtash joylarida (jarima maydonlarida) ushlab turilishi mumkin.
25. Kodeksning 290-moddasiga koʻra sodir etilgan huquqbuzarlik uchun Kodeksga muvofiq transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish tarzida maʼmuriy jazo qoʻllanilishi mumkin boʻlsa, huquqbuzar tomonidan DYHXX xodimiga taqdim etilgan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyiladi va bu haqda maʼmuriy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi.
Olib qoʻyilgan haydovchilik guvohnomasi maʼmuriy bayonnomaga ilova etilgan holda hududiy markaz xodimiga topshiriladi.
26. Kodeksning 127-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilganda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, unga tovush chiqaruvchi yoki yorituvchi maxsus qurilma yoxud davlat raqam belgilarini koʻrish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga toʻsqinlik qiladigan ashyolar ilova qilinadi. Ushbu qurilmalar guvohlar ishtirokida yechib olinib, dalolatnoma tuziladi va ushbu dalolatnoma pdf formatda skaner qilingan holda belgilangan tartibda “Maʼmuriy amaliyot” moduliga kiritiladi.
27. Huquqbuzarlikni rasmiylashtirish jarayonida transport vositasini boshqargan shaxs mast holatda deb hisoblashga asoslar boʻlganda, DYHXX xodimi mazkur shaxsni transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish choralarini koʻrib, mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazishi kerak.
Shaxsning mastlik holatini aniqlash Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3099, 2018-yil 14-dekabr) talablari asosida amalga oshiriladi.
28. Mastlik holati belgilangan tartibda tasdiqlanganda, DYHXX xodimi huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy bayonnomani mazkur Yoʻriqnomaning 16 — 23-bandlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirib, transport vositasini ushlab turish uchun toʻxtash joylariga (jarima maydonlariga) joylashtirish choralarini koʻradi.
29. Huquqbuzar tekshirishdan oʻtishdan boʻyin tovlagan taqdirda, DYHXX xodimi ikki guvoh yoki xolis ishtirokida (bundan kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda amalga oshiriladigan tekshiruvlar mustasno) maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, huquqbuzarni transport vositasini boshqarishdan chetlashtiradi va transport vositasini ushlab turish uchun toʻxtash joylariga (jarima maydonlariga) joylashtirish choralarini koʻradi.
Bunda maʼmuriy bayonnomada mastlik belgilari va huquqbuzarning tekshirishdan boʻyin tovlash harakatlari batafsil koʻrsatiladi hamda ushbu maʼmuriy bayonnomaga huquqbuzarning boʻyin tovlash sabablari haqidagi tushuntirish xati va ikki guvoh yoki xolis ishtirokida tuzilgan dalolatnoma (bundan kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda amalga oshiriladigan tekshiruvlar mustasno) ilova qilinadi.
DYHXX xodimi tomonidan kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda amalga oshirilgan tekshiruv jarayoni aks etgan videotasvir maʼmuriy bayonnomaga ilova qilinishi lozim.
30. Transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan taqdirda, DYHXX xodimi oʻz vakolatlari doirasida maʼmuriy bayonnomani rasmiylashtiradi, mazkur Yoʻriqnomaning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi elektron dalolatnomani tuzadi, elektron dalolatnomani tuzish imkoni boʻlmagan hollarda (planshetda texnik uzilishlar yuz berganda yoki maʼmuriy bayonnoma qogʻoz shaklida rasmiylashtirilgan holatlarda), ushbu dalolatnoma qogʻoz shaklida tuzilishi mumkin.
31. Elektron dalolatnoma planshet yoki kompyuter orqali IIV JXD YHXX YAATning “Jarima maydonchasi” axborot tizimida (bundan buyon matnda “Jarima maydoni” moduli deb yuritiladi) real vaqt rejimida tuziladi.
Elektron dalolatnomaning nusxasi transport vositasini jarima maydonchasida saqlash uchun masʼul boʻlgan shaxsga “Jarima maydoni” moduli va huquqbuzarga IIV JXD YHXXning mobil ilovasi orqali yuboriladi hamda bayonnomaga biriktiriladi. Bunda huquqbuzarga DYHXX xodimi tomonidan dalolatnomani IIV JXD YHXXning mobil ilovasi orqali olish mumkinligi tushuntiriladi.
Dalolatnoma qogʻoz shaklda rasmiylashtirilgan holatlarda uch nusxada tuzilib, birinchi nusxasi transport vositasini jarima maydonchasida saqlash uchun masʼul boʻlgan shaxsda qoldiriladi, ikkinchi nusxasi bayonnomaga biriktiriladi, uchinchi nusxasi huquqbuzarga beriladi.
32. Jarima maydoniga qoʻyilayotgan hamda chiqarilayotgan transport vositasi haqidagi maʼlumotlar jarima maydonining masʼul shaxsi tomonidan “Jarima maydoni” moduliga kiritilishi shart.
Bunda jarima maydonining masʼul shaxsi avtomototransport vositasini jarima maydoniga qoʻyishda “Jarima maydoni” moduli orqali oʻz shaxsiy kabinetidan foydalangan holda uning davlat raqami belgisini kiritganda, transport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda shakllantiriladi, transport vositasining holati va boshqa zarur boʻlgan maʼlumotlar esa qoʻshimcha tarzda kiritiladi.
33. Transport vositasi jarima maydonchasiga qoʻyilgandan keyin, uni ushlab turish sababi bartaraf etilgandan yoki maʼmuriy ish koʻrib chiqilgandan soʻng, DYHXX xodimining “Jarima maydoni” modulidan foydalangan holda rasmiylashtirilgan mazkur Yoʻriqnomaning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi elektron ruxsatnomasi asosida chiqariladi.
Transport vositasini jarima maydonidan olib chiqishga transport vositasining egasiga yoki mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan yoki boshqargan shaxsga ruxsat etiladi.
34. DYHXXning xodimlari Kodeksning 54, 123-moddalari, 125-moddasining birinchi, ikkinchi, uchinchi, beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlarida, 1251, 1253, 126, 127, 128, 1281, 1282, 1283, 1284, 1285, 1286, 1287, 1288, 1289, 12810, 129, 130, 131, 133, 134, 135, 1351, 136, 137, 138, 139, 140, 147, 194, 196-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun belgilangan tartibda elektron yoki qogʻoz shaklda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiradi.
DYHXX xodimi huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida Kodeksning 123-moddasi, 125-moddasi birinchi va ikkinchi qismlari, 127-moddasi birinchi qismi, 128, 1282-moddasi, 1284-moddasi, 1288, 1289, 1351, 138-moddasining birinchi, ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar yuzasidan elektron maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisida qarorni planshet orqali rasmiylashtiradi.
Bunda ushbu qarorning xos raqami va jarima miqdori haqidagi maʼlumotlar mazkur Yoʻriqnomaning 62-bandiga muvofiq yuboriladi.
Huquqbuzarlik rasmiylashtirilayotgan joyda maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorni chop etish imkoniyati mavjud boʻlgan taqdirda, qaror qogʻozda chop etilib, huquqbuzarga taqdim etiladi.
35. Maʼmuriy ogohlantirish maʼmuriy jazo chorasi sifatida huquqbuzarni qonunga xilof xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirgan holda unga rasmiy tanbeh berishdan iboratdir.
Agar Kodeksning 125-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida, 1281, 1282, 1286, 1351-moddalarida hamda 138-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs oʻz qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlganda, shuningdek, sodir etilgan huquqbuzarlikda Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda, bu haqda elektron yoki qogʻoz shakldagi maʼmuriy bayonnomada koʻrsatib oʻtiladi.
36. Qoidalarni buzish natijasida transport vositalari, yuklar, yoʻl va boshqa inshootlarga yoki oʻzgalar mol-mulkiga moddiy zarar yetkazilsa, maʼmuriy bayonnomaga mazkur Yoʻriqnomaning 6-ilovasiga muvofiq shakldagi hodisaning chizmasi, shuningdek hodisa ishtirokchilarining, guvohlarining tushuntirishlari ilova qilinadi.
Hodisaning chizmasida transport vositalarining hodisadan keyingi holatini tiklash imkonini beruvchi aniq maʼlumotlar (ularning muqim obyektlarga nisbatan holati) koʻrsatiladi. Chizma uni chizgan vakolatli shaxs, haydovchilar, guvohlar yoki xolislar tomonidan imzolanadi.
37. Yoʻl-transport hodisasi haqida berilgan xabar yuzasidan DYHXX xodimi hodisa sodir boʻlgan joyga yetib kelganda yoʻl-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 201 va 202-moddalariga muvofiq tuzilgan boʻlsa, DYHXX xodimi ushbu xabarnoma nusxasini olib bildirgi asosida ichki ishlar organlari navbatchilik qismiga topshiradi.
Bunda yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomani tuzish uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 201-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan istalgan bittasi mavjud boʻlmagan taqdirda DYHXX xodimi yoʻl-transport hodisasini umumiy tartibda rasmiylashtirib, toʻplangan hujjatlarni tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi vakolatli (mansabdor) shaxsga taqdim etadi.
38. Maʼmuriy ish hujjatlari Kodeksning 282-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi IIV JXD YHXX YAATning “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali tegishli sudlarga yuboriladi.
39. Haydovchilarga tergov yoki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning vakolatli (mansabdor) shaxsi, surishtiruvchi tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 7-ilovasiga muvofiq shaklda Transport vositalarining shikastlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma beriladi.
40. Yoʻl-transport hodisasiga doir maʼmuriy ish boʻyicha jabrlanuvchi yoxud uning qonuniy vakili yarashuv toʻgʻrisida ariza berishi mumkin.
Bunda ushbu ariza maʼmuriy ish DYHXXning vakolatli xodimi tomonidan koʻrib chiqilayotgan vaqtda, shuningdek, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud qaror chiqarguniga qadar berilishi mumkin.
Arizada yetkazilgan zarar bartaraf etilgani, shuningdek, yarashilganligi munosabati bilan maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi ish yuritilishini tugatish toʻgʻrisidagi iltimos koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Agar ish boʻyicha bir necha jabrlanuvchi boʻlsa, faqat barcha jabrlanuvchilar bilan yarashuvga erishilgan taqdirda, yarashuv toʻgʻrisidagi ishni yuritish mumkin.
DYHXX vakolatli (mansabdor) shaxsi arizani qabul qilish chogʻida jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga, agar sud yarashuvni tasdiqlasa, u mazkur ish boʻyicha ish yuritishni qayta tiklash haqida iltimosnoma berish huquqini yoʻqotishini tushuntirishi shart.
41. Yoʻl-transport hodisasiga doir maʼmuriy ishni koʻrib chiquvchi DYHXX vakolatli (mansabdor) shaxsi taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqaradi va maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ish materiallarini Kodeksning 3133-moddasida belgilangan tartibda sudga yuboradi.
42. Huquqbuzarlikni rasmiylashtirish jarayonida huquqbuzarlikda jinoyat alomatlari mavjudligi maʼlum boʻlsa, DYHXX xodimi shu kunning oʻzida holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda tegishliligi boʻyicha prokurorga yoki tergov organlariga yuboradi.
3-bob. Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish
1-§ Elektron yoki qogʻoz shaklda rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnomalarni koʻrib chiqish
43. Hududiy markaz xodimi DYHXX xodimi tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan joyda elektron shaklda rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnomaning belgilangan tartibda rasmiylashtirilganligini “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali koʻrib chiqadi.
Koʻrib chiqish natijasiga koʻra, rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma va unga ilova qilingan hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan yoki toʻliq hajmda taqdim etilmagan taqdirda, hududiy markaz xodimi ushbu bayonnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali uni rasmiylashtirgan DYHXX xodimiga qaytaradi.
44. DYHXX xodimi tomonidan qogʻoz shaklda rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma va unga ilova qilingan boshqa hujjatlar hududiy markazga kelib tushgan kuni ushbu hududiy markaz xodimi tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilib olinadi.
Agar qogʻoz shaklida rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma va unga ilova qilingan hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan yoki toʻliq hajmda taqdim etilmagan taqdirda, ushbu hujjatlar hududiy markaz xodimi tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi hamda kamchiliklarni bartaraf etish uchun ularni rasmiylashtirgan DYHXX xodimiga shu vaqtning oʻzida qaytariladi.
45. Elektron yoki qogʻoz shaklida rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma va unga ilova qilingan hujjatlardagi kamchiliklar aniqlangan kundan boshlab bir sutka ichida bartaraf etilib, hududiy markaz xodimiga qayta taqdim etilishi lozim.
46. Maʼmuriy ish maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ishtirokida koʻrib chiqiladi, bundan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan maʼmuriy ish mustasno.
Maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsga ish qachon va qayerda koʻrilishi haqida mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi elektron xabarnoma “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali uning YIDXPdagi yoki IIV JXD YHXXning mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi, bundan mazkur Yoʻriqnomaning 34-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan holat mustasno.
Maʼmuriy ishni koʻrib chiqishda Kodeksning 295 — 300-moddalarida (jabrlanuvchi, qonuniy vakillar, advokat, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon) nazarda tutilgan shaxslar qatnashishi mumkin.
47. Huquqbuzarni ish qachon va qayerda koʻrib chiqilishidan oʻz vaqtida xabardor etilganligi haqida maʼlumotlar boʻlganda, undan ishni koʻrib chiqishni kechiktirish haqida iltimosnoma tushmagan taqdirda ish uning ishtirokisiz koʻrib chiqilishi mumkin.
48. Maʼmuriy ish hujjatlari huquqbuzar ishtirokida koʻrib chiqilayotganda, mazkur Yoʻriqnomaning 50-bandida nazarda tutilgan vakolatli shaxslar ishni oʻzini huquqbuzarga tanishtirishdan boshlaydi.
Ishni koʻrib chiquvchi vakolatli shaxs qanday ish koʻrib chiqilayotganligi, maʼmuriy javobgarlikka kim tortilayotganligini eʼlon qiladi, ishni koʻrib chiqishda qatnashuvchi shaxslarga ularning huquqlari va vazifalarini tushuntiradi, maʼmuriy bayonnomani oʻqib eshittiradi. Ishni koʻrib chiqishda qatnashayotgan shaxslarni tinglaydi, dalillarni oʻrganadi va tushgan iltimoslar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qiladi.
49. Maʼmuriy ish hujjatlari qabul qilib olingan kundan boshlab 15 kun muddat ichida koʻrib chiqiladi.
50. Kodeksning 54, 123, 125-moddasining birinchi, ikkinchi, uchinchi, beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlarida, 1251, 126-moddalarida, 127-moddasining birinchi qismida, 128, 1281, 1282, 1283, 1284, 1285, 1286, 1287, 1288, 1289, 129, 130, 135, 1351-moddalarida, 136-moddasining uchinchi qismida, 138, 139-moddalarida, 140-moddasining birinchi qismida, 147-moddasida (avtomobil yoʻllarini oʻzboshimchalik bilan qazish, ularda sunʼiy notekisliklar va toʻsiqlar yaratish, avtomobil yoʻlida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shu jumladan yoʻllarda qurilish-qazish ishlarini olib borgan shaxslar tomonidan belgilangan muddatlarda yoʻl infratuzilmasini oldingi holatiga keltirmaslik, shuningdek yoʻllarni saqlash qoidalarini buzishga taalluqli qoidabuzarliklardan tashqari) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar YHXX (boshqarmasining) boshligʻi, uning oʻrinbosarlari, yoʻl-patrul xizmati boʻlimi (boʻlinmasi, guruhi) hamda Markaz va hududiy markazlarning xodimlari, yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimining (boʻlinmasining) boshligʻi, DYHXXning katta inspektori va yoʻl harakati xavfsizligi guruhining maʼmuriy amaliyot boʻyicha inspektori, ular yoʻqligida esa ichki ishlar boʻlimining boshligʻi yoki uning oʻrinbosari tomonidan koʻrib chiqiladi va huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
51. Kodeksning 125-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida, 1282 va 1351-moddalarida hamda 138-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda, DYHXX xodimi tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida mazkur Yoʻriqnomaning 8-ilovasiga muvofiq shaklda maʼmuriy ogohlantirish qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida qayd etilgan hamda Kodeksning 1281 va 1286-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha hududiy markaz xodimlari tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 8-ilovasiga muvofiq shaklda maʼmuriy ogohlantirish qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.
52. Maʼmuriy ogohlantirish qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror haqidagi maʼlumot huquqbuzarga YIDXP hamda IIV JXD YHXXning mobil ilovasidagi shaxsiy kabineti orqali avtomatik tarzda yuboriladi.
53. Maʼmuriy ogohlantirish jazo chorasi ayni bir shaxsga nisbatan bir yil davomida bir martadan ortiq qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
54. Hududiy markaz xodimlari sud organlari tomonidan koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan, Kodeksning 1253-moddasi, 127-moddasining ikkinchi qismida, 12810, 131, 133, 134-moddalarida, 136-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 137-moddasida, 140-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida, 194, 196-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni mazkur Yoʻriqnomaning 70-bandiga muvofiq jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga yuboradi.
55. Maʼmuriy ish hujjatini koʻrib chiqishda quyidagi holatlar aniqlanishi lozim:
maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan-etilmaganligi;
huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joy;
shaxs huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor-aybdor emasligi va maʼmuriy javobgarlikka tortilish-tortilmasligi;
javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki ogʻirlashtiruvchi holatlar bor-yoʻqligi;
maʼmuriy ishni toʻgʻri hal etishda ahamiyatga molik boshqa holatlar.
Bu holatlar quyidagi vositalar: maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishlari, jabrlanuvchi, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspert xulosasi, dalillar, ashyo va hujjatlarni olib qoʻyish toʻgʻrisida tuzilgan dalolatnoma, audio-, videoyozuvlardan va fotosuratlardan iborat materiallar, shuningdek boshqa materiallar bilan belgilanadi.
Bunda Kodeksning tegishli moddalarida maʼmuriy jazoni kuchaytirish nazarda tutilgan va takroriyligi hisobga olinadigan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda maʼmuriy ishni koʻrib chiqayotganda huquqbuzarning avvalgi huquqbuzarliklarining takroriyligi aniqlanishi shart.
56. Alkogolli ichimlikdan mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud shaxsning aql-idrokiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida transport vositasini boshqarish, mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoxud ularning analoglari yoki shaxsning aql-idrokiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida ekanligini belgilangan tartibda aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlash, svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yoʻl harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga boʻysunmaslik, ichki ishlar organi xodimining transport vositasini toʻxtatish haqidagi qonuniy talabini bajarmaslik, belgilangan harakat tezligini oshirish, temir yoʻlning oʻtish joylaridan oʻtish qoidalarini buzish, transport vositalarini quvib oʻtish qoidalarini buzish, tezkor va maxsus xizmatlarning koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalari toʻsiqsiz oʻtib ketishi uchun xalaqit berish, yoʻlning qarama-qarshi harakatlanish uchun moʻljallangan tomoniga yoki boʻlagiga Qoidalarni buzgan holda chiqish, avariya holatini yuzaga keltirish, odam tashish qoidalarini buzish, yuk tashish, shatakka olish qoidalarini buzish, transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan yoxud aynan shu transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari mavjud boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi, xuddi shuningdek transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi, yoʻl bezoriligi qoʻpol huquqbuzarliklar hisoblanadi.
57. Maʼmuriy ish hujjatlarini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
maʼmuriy jazoni qoʻllash toʻgʻrisida;
ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida.
58. Maʼmuriy ish hujjatlarini oʻrganish davomida, aniqlangan huquqbuzarlik holati voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan boʻlsa, rasmiylashtirilgan ish hujjatlari huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalariga joʻnatiladi.
Agar maʼmuriy ish Kodeksning tegishli moddalariga muvofiq sud organlari tomonidan koʻrib chiqilishi lozim boʻlsa yoki huquqbuzar huquqbuzarlik faktini inkor etsa, ish hujjatlari sud organlariga yuboriladi.
59. Mazkur Yoʻriqnomaning 50-bandida nazarda tutilgan vakolatli shaxslar tomonidan maʼmuriy ish koʻrib chiqilib, shu ish yuzasidan “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali ushbu Yoʻriqnomaning 9-ilovasiga muvofiq shaklda elektron maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisida qaror chiqariladi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
qaror chiqargan organning (vakolatli shaxsning) nomi;
ish koʻrib chiqilgan sana;
ishi koʻrib chiqilayotgan shaxs xususidagi maʼlumotlar;
ishni koʻrib chiqish paytida aniqlangan holatlarning bayoni;
Kodeksning maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi;
ish yuzasidan qabul qilingan qaror.
60. Agar huquqbuzar oʻziga nisbatan chiqarilgan maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarordan norozi boʻlgan va sudga murojaat qilgan taqdirda, vakolatli shaxs tomonidan maʼmuriy ish hujjatlari “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali tegishli sudga yuborilishi taʼminlanadi.
61. Quyidagi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda maʼmuriy ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim:
maʼmuriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yoʻq boʻlsa;
maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish paytida shaxs oʻn olti yoshga toʻlmagan boʻlsa;
gʻayrihuquqiy harakat yoki harakatsizlikni sodir etgan shaxs aqli noraso boʻlsa;
shaxs harakatni zaruriy mudofaa holatida yoki oxirgi zarurat holatida qilgan boʻlsa;
shaxs harakatni jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qoʻrqitish natijasida qilgan boʻlsa;
amnistiya akti chiqishi, agar u maʼmuriy jazo chorasini qoʻllanishni bekor qilsa;
maʼmuriy javobgarlikni belgilovchi hujjat bekor qilingan boʻlsa;
maʼmuriy ishni koʻrib chiqish paytiga kelib Kodeksning 36-moddasida nazarda tutilgan muddatlar oʻtib ketgan boʻlsa;
maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs xususida shu fakt yuzasidan maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisida vakolatli organ (mansabdor shaxs) qaror chiqargan boʻlsa yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni tugatish toʻgʻrisida chiqarilgan qaror bekor qilinmagan boʻlsa, shuningdek mazkur fakt yuzasidan jinoyat toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa;
shaxs ish yuritila boshlagan paytda vafot etgan boʻlsa;
mazkur Yoʻriqnomaning 79-bandi ikkinchi xatboshisi va 82-bandida nazarda tutilgan hollarda.
62. Maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorning xos raqami va jarima miqdori haqidagi maʼlumotlar huquqbuzarning YIDXP hamda IIV JXD YHXXning mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetiga yoki “SMS” xabar orqali telefon raqamiga yoki pochta xizmati orqali yashash manziliga yuboriladi. Huquqbuzar bu maʼlumotlarni ejarima.uz veb-sayti orqali ham olishi mumkin.
63. Huquqbuzar jarima toʻlovlarini toʻlaganidan soʻng toʻlov amalga oshirilganligi haqidagi maʼlumotlarni ejarima.uz veb-sayti yoki YIDXP hamda IIV JXD YHXXning mobil ilovasidagi shaxsiy kabineti orqali olishi mumkin.
64. Kodeksning 131, 140-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy ishlarni koʻrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllash haqida chiqarilgan qarorni shu huquqbuzar ishlab yoki oʻqib turgan joydagi maʼmuriyat eʼtiboriga yetkazadi.
65. Qoidalarning temir yoʻl kesishmalari orqali harakatlanish bandining buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan maʼmuriy hujjatlar boʻyicha jazo choralari Kodeksning 130-moddasi asosida qoʻllaniladi.
Temir yoʻl kesishmasi oldida 2.5 “Toʻxtamasdan harakatlanish taqiqlangan” yoʻl belgisi talabini bajarmaslik ham Kodeksning 130-moddasi boʻyicha maʼmuriy choralarining qoʻllanilishiga olib keladi.
66. Maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, davom etayotgan huquqbuzarlik uchun esa huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.
Jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan boʻlsa-yu, lekin huquqbuzarning harakatlarida maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud boʻlsa, maʼmuriy jazo chorasi jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida, agar Kodeksning 36-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlar oʻtmagan boʻlsa, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.
67. Bitta shaxs ikki yoki undan ortiq huquqbuzarlik sodir etgan boʻlib, har bir huquqbuzarlik boʻyicha alohida maʼmuriy hujjatlar rasmiylashtirilgan taqdirda maʼmuriy jazo har bir huquqbuzarlik uchun alohida-alohida qoʻllaniladi.
Agarda shaxs bir necha maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan boʻlib, shu haqdagi ishlar bir vaqtning oʻzida aynan bir vakolatli shaxs tomonidan koʻrib chiqilayotgan boʻlsa, bu shaxsga nisbatan qoʻllaniladigan uzil-kesil jazo ogʻirroq maʼmuriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qoʻllaniladi.
68. Maʼmuriy ishni koʻrib chiqish davomida ishda koʻrsatilgan huquqbuzarlikda jinoyat alomatlari mavjudligi maʼlum boʻlsa, shu kunning oʻzida holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tegishliligi boʻyicha prokurorga yoki tergov organlariga yuboriladi.
69. Maʼmuriy ishni koʻrib chiqayotganda sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi toʻgʻrisida yoki Kodeksning Maxsus qismidagi moddalarning sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq jazo chorasini qoʻllash uchun asoslar borligi haqida xulosaga kelingan taqdirda, maʼmuriy ish huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli huquqbuzarni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi yoki yengilroq maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash haqidagi mazkur Yoʻriqnomaning 10-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtirilgan taqdimnoma bilan sudga yuboriladi.
70. Maʼmuriy ishni koʻrib chiqish davomida, ishda koʻrsatilgan huquqbuzarlik sud organlari tomonidan koʻrib chiqilishi aniqlanganda, sud organlariga taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar rasmiylashtirilib, ushbu ishlar uch sutka ichida “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali maʼmuriy ishni koʻrib chiqish uchun tegishli sud organiga yuboriladi.
71. Harbiy xizmatchilar va yigʻinga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar, shuningdek ichki ishlar organlarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining oddiy askarlar va boshliqlar tarkibiga mansub shaxslar Qoidalarni buzganliklari uchun umumiy asoslarda maʼmuriy javobgarlikka tortiladilar.
Muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilariga jarima solinishi mumkin emas.
72. Daxlsizlik huquqiga ega boʻlgan shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish masalasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
73. Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan chet el fuqarolari Qoidalarni buzganligi uchun umumiy asoslarda maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
Immunitetga ega boʻlgan chet el fuqarolariga nisbatan mazkur Yoʻriqnomaning Oʻzbekiston Respublikasi qatnashchi boʻlgan xalqaro shartnomalar va bitimlarga zid boʻlmagan qismi qoʻllaniladi.
74. Oʻzbekiston Respublikasiga avtosayyoh sifatida kelgan yoki xalqaro yuk (yoʻlovchi)larni tashiyotgan haydovchi tomonidan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganda, huquqbuzarga rasmiylashtirilgan maʼmuriy bayonnoma va uning haydovchilik hujjatlari buyurtma xat orqali huquqbuzarlik sodir etilgan hududdagi sudga maʼmuriy jazo chorasini koʻrish uchun taqdim etiladi.
Bunda transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar olinganligi toʻgʻrisida avtosayyohning eslatmasiga, xalqaro yuklar (yoʻlovchilar)ni tashiyotgan haydovchining bu safarga asos boʻlgan ruxsatnomasining “qoʻshimcha maʼlumotlar” bandiga yozib qoʻyiladi.
Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish muddati tugagach, qaytarib olinmagan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar kuzatuv xati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi. Xatda haydovchining fuqaroligi, transport vositasining roʻyxat raqami, yuki tashilayotgan tashkilotning nomi, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarning olib qoʻyish vaqti va sababi koʻrsatiladi.
75. Kodeksning 313-moddasiga muvofiq ishni koʻrib chiqayotgan vakolatli (mansabdor) shaxs maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilishi sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni aniqlaganda, tashkilotlar rahbarlariga ana shu sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrish haqida taqdimnoma kiritishi lozim.
2-§ Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklarini koʻrib chiqish
76. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidabuzarliklari qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori yoki mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan shaxs tortiladi.
Yuridik shaxsga qonunchilikka muvofiq tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxsi yoki mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan shaxs tortiladi.
77. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidabuzarligi qayd etilgan taqdirda huquqbuzarlikning takroriyligi inobatga olinmasdan jarima solish toʻgʻrisida qaror chiqariladi, bundan mazkur Yoʻriqnomaning 96-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hol mustasno.
78. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklari hududiy markaz xodimlari tomonidan koʻrib chiqiladi.
79. Hududiy markaz xodimi tomonidan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning qayd etilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat ichida yuborilganligi tekshiriladi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qoidabuzarlik qayd etilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat ichida hududiy markazga kelib tushmagan taqdirda, ushbu maʼlumotlar koʻrib chiqilmaydi va hududiy markaz xodimi tomonidan mazkur maʼmuriy ish tugatiladi.
80. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali Kodeksning 125-moddasi birinchi (xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslikka oid qismida), beshinchi va oltinchi qismlarida, 128 (bundan ushbu moddaning yoʻlning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilangan talablarga rioya etmaslikka, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishga, yoʻlovchilarga yoki piyodalarga loyqa sachratishga oid qismlari mustasno), 1281, 1283, 1284, 1285, 1286, 1287, 1289, 12810, 129 va 130-moddalarida, 135-moddasining ikkinchi (transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxslarga taalluqli qismida) va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar qayd etiladi.
Bunda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali Kodeksning 12810-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron tarzda shakllantirilib, koʻrib chiqish uchun “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali sud organlariga yuboriladi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali Kodeks 135-moddasining ikkinchi (transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan shaxslarga taalluqli qismida) va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, ushbu huquqbuzarlik holatini koʻrib chiqqan hududiy markaz xodimi tomonidan huquqbuzarga transport vositasini boshqarishni topshirgan shaxsni aniqlash ishlari tashkil etiladi.
Transport vositasini boshqarishni topshirgan shaxs aniqlangan taqdirda, unga nisbatan mazkur Yoʻriqnomaning 13 — 23-bandlariga muvofiq elektron yoki qogʻoz shakldagi maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi va rasmiylashtirilgan maʼmuriy ish hujjatlari mazkur yoʻriqnomaning 46 — 49-bandlariga muvofiq koʻrib chiqiladi.
81. Yoʻl harakati qoidabuzarliklari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay, maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.
82. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrib chiqish davomida transport vositasining mulkdori toʻgʻrisidagi maʼlumot mavjud boʻlmaganda, ushbu maʼlumotlar yuzasidan maʼmuriy ish hududiy markaz xodimlari tomonidan tugatiladi.
83. Kodeksning 171-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilmasdan huquqbuzarning ishtirokisiz mazkur Yoʻriqnomaning 11-ilovasiga muvofiq shakldagi jarima solish toʻgʻrisidagi qaror chiqariladi.
84. Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qoʻllanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, yuridik kuchga ega boʻlgan elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi hamda uni tuzgan vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning koʻchirma nusxasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qoʻllanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, elektron hujjatni qogʻozdagi hujjatga aylantirish yoʻli bilan tayyorlanadi hamda mazkur qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida buyurtma pochta joʻnatmasi tarzida huquqbuzarga yuboriladi.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror elektron hujjat shaklida huquqbuzarning YIDXP hamda IIV JXD YHXXning mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetiga ham avtomatik tarzda joʻnatiladi.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorda ushbu qaror chiqarilgan sana va joy, uni chiqargan organning nomi, shaxsning lavozimi va familiyasi, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt, joy va holatlar, Kodeks Maxsus qismining mazkur huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi, moddasining qismi koʻrsatilgan holda, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari bilan qayd etilgan transport vositasining huquqbuzarlik sodir etilgan paytdagi davlat raqami belgisi bilan tushirilgan tasviri, qabul qilingan qaror, tayinlangan jarimani toʻlash tartibi va muddatlari, maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning huquq va majburiyatlari, shuningdek jarima solish toʻgʻrisidagi qaror xususida shikoyat berishning protsessual tartibi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
85. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari yoki avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar (texnik ekspertiza xulosasi, oʻlchash vositalarining dalolatnomalari, log-fayllar va boshqa hujjatlar) elektron aloqa tarmogʻi orqali real vaqt rejimida “Maʼmuriy amaliyot” moduliga konvertatsiya qilish yoʻli bilan taqdim etiladi.
86. Oʻzbekiston Respublikasiga avtosayyoh sifatida kelgan yoki xalqaro yuk (yoʻlovchi)larni tashiyotgan haydovchi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik holatlari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilganda, ushbu huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi maʼlumot va jarima solish toʻgʻrisidagi qaror, ularning ijrosi taʼminlanishi uchun Bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali real vaqt rejimida yuboriladi.
3-§ Maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqishda jarima ballari
87. Kodeksning 125-moddasi uchinchi va beshinchi qismlarida, 126-moddasida, 127-moddasi birinchi qismida, 1283-moddalarida, 1284-moddasi ikkinchi qismida, 1285, 1286, 1288, 1289, 129, 130-moddalarida, 137-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganligi uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan mazkur moddalarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi.
Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima ballining eng yuqori miqdori ikki balldan oshmasligi kerak.
88. Jarima ballari mazkur Yoʻriqnomaning 87-bandi birinchi xatboshida nazarda tutilgan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida hisoblab boriladi va hisoblangan jarima ballari bir yil oʻtgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.
89. Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida oʻn ikki balldan oshgan hollarda, qoʻshimcha jazo qoʻllash uchun maʼmuriy ish hujjatlari avtomatik tarzda elektron shaklda “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlariga yuboriladi.
Bunda huquqbuzar bir yil davomida oʻn ikki balldan oshgan huquqbuzarliklar sodir etganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali avtomatik ravishda maʼmuriy ish hujjatlariga ilova etiladi.
4-bob. Qoidalarning buzilishiga doir maʼmuriy ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berish va protest bildirish
90. Maʼmuriy ish yuzasidan qaror ustidan oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari va advokat tomonidan, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ tomonidan shikoyat berilishi mumkin.
91. Maʼmuriy ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) yoki jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga shikoyat berilishi mumkin.
Shikoyat maʼmuriy ish yuzasidan qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) orqali yoki bevosita shikoyat yoʻllangan sudga yuboriladi.
Maʼmuriy ish yuzasidan qaror chiqargan organ (mansabdor shaxs) shikoyatni olgach, uni uch sutka ichida maʼmuriy ish bilan birga shikoyatni koʻrib chiqish huquqiga ega boʻlgan organ (mansabdor shaxs)ga yuboradi.
92. Maʼmuriy ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat shu qarorning nusxasi olingan kundan boshlab oʻn kun ichida berilishi mumkin. Mazkur muddat uzrli sabablar bilan (kasallik, taʼtil, xizmat safari va shaxsga bogʻliq boʻlmagan boshqa obyektiv holatlar) oʻtkazib yuborilgan taqdirda tegishli tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgach, ustidan qaror chiqarilgan shaxsning arizasiga muvofiq shikoyatni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan shaxs tomonidan qayta tiklanishi mumkin.
Belgilangan muddatda shikoyat berish maʼmuriy jazo qoʻllanishi toʻgʻrisidagi qarorning ijrosini shikoyat koʻrib chiqilgunga qadar toʻxtatib turadi, bundan maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanishi toʻgʻrisidagi qaror mustasno.
93. Prokuror maʼmuriy ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan qaror chiqargan organga (vakolatli shaxsga) yoki yuqori turuvchi organga (vakolatli shaxsga) protest bildirishi mumkin.
Prokurorning protest bildirishi maʼmuriy ish yuzasidan qabul qilingan qaror ijrosini protest koʻrib chiqilgunga qadar toʻxtatib turadi.
94. Shikoyat yoki protestni koʻrib chiqishga vakolati boʻlgan shaxs shikoyat yoki protestda koʻrsatilgan holatlarni 10 kun ichida oʻrganib chiqadi va zarurat boʻlganda holat yuzasidan belgilangan tartibda xizmat tekshiruvini oʻtkazadi.
95. Maʼmuriy ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyatni yoki protestni koʻrib chiqib, vakolatli shaxs quyidagi hal qiluv qarorlardan birini qabul qiladi:
chiqarilgan qarorni oʻzgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldirish toʻgʻrisida;
chiqarilgan qarorni bekor qilish va ishni qayta koʻrib chiqish uchun yuborish toʻgʻrisida;
chiqarilgan qarorni bekor qilish va ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjatda nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish toʻgʻrisida.
96. Agar maʼmuriy ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan berilgan shikoyatni koʻrib chiqish jarayonida tegishli transport vositasiga huquqbuzarlik qayd etilgan paytda egalik qilgan shaxs aniqlansa yoxud mazkur transport vositasi boshqa shaxslarning gʻayrihuquqiy xatti-harakatlari natijasida transport vositasi mulkdorining egaligidan chiqib ketganligi aniqlansa, transport vositasining mulkdori oʻziga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi.
Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik boʻyicha ish yangidan koʻrib chiqish uchun yuborilib, qaror bekor qilingan taqdirda, mazkur ish maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan u ilgari sodir etgan huquqbuzarliklarning takroriyligi inobatga olingan holda umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
97. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha vakolatli shaxs mazkur Yoʻriqnomaning 12-ilovasiga muvofiq shakldagi hal qiluv qarorini qabul qiladi.
98. Agar maʼmuriy ish yuzasidan chiqarilgan qaror bunga vakolati boʻlmagan DYHXX xodimi tomonidan chiqarilgan boʻlsa, qaror bekor qilinadi va ish Markazga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
99. Maʼmuriy ish yuzasidan chiqarilgan qarorning bekor qilinishi olib qoʻyilgan haydovchilik guvohnomasini qaytarib berishga asos boʻladi.
100. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror bekor qilingan taqdirda undirilgan pul miqdori qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qaytarib beriladi.
101. DYHXX xodimi tomonidan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Yoʻriqnoma va boshqa qonunchilik hujjatlariga nomuvofiq rasmiylashtirilgan taqdirda ushbu xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi. Bunda DYHXX xodimiga nisbatan koʻrilgan tegishli choralar haqidagi maʼlumot maʼmuriy ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
5-bob. Maʼmuriy ish yuzasidan chiqarilgan qarorni ijro etish
102. Agarda Kodeksda va boshqa qonunchilik hujjatlarida oʻzgacha qoida belgilanmagan boʻlsa, maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan paytdan boshlab ijro etilishi lozim.
Agar maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab uch oy mobaynida ijroga qaratilmagan boʻlsa, u holda bunday qaror ijro etilmaydi. Ushbu holat boʻyicha DYHXX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi va unga nisbatan koʻrilgan tegishli choralar haqidagi maʼlumot maʼmuriy ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
103. Qoidalarni buzganlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab oltmish kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda esa, shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi toʻgʻrisida xabar berilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay toʻlashi lozim.
Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun solingan jarima huquqbuzar tomonidan bank kassalari, elektron toʻlov tizimlari yoki mobil ilovalar orqali toʻlanadi.
104. Qoidalarni buzganlik uchun jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran oltmish kun ichida jarima toʻlanmagan taqdirda, jarima solish toʻgʻrisida qaror chiqargan vakolatli organ tomonidan elektron tizimlarda avtomatik tarzda joylashtirilgan maʼlumotga koʻra transport vositasi jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turiladi (bundan jarima uchun toʻlov elektron toʻlov tizimlari, mobil ilovalar yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladigan hollar mustasno).
105. Jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran oltmish kun ichida belgilangan jarima toʻlanmagan boʻlsa, ushbu qarorda koʻrsatilgan transport vositasi haqidagi maʼlumotlar DYHXX xodimlari planshetlari va boshqa axborot tizimlarida real vaqt rejimida avtomatik tarzda aks ettiriladi. DYHXX xodimlari ushbu maʼlumotlarga asosan maʼmuriy bayonnomani rasmiylashtirmagan holda mazkur Yoʻriqnomaning 30 va 31-bandlarida belgilangan harakatlarni amalga oshirishi lozim.
Bunda jarima solish haqidagi qarorda belgilangan jarima elektron toʻlov tizimlari, mobil ilovalar yoki bank kassalari orqali joyida toʻliq toʻlanib, toʻlov amalga oshirilganligi haqidagi maʼlumot tegishli elektron axborot tizimida avtomatik ravishda aks etganligi tasdiqlangan taqdirda transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilmaydi.
106. Mazkur Yoʻriqnomaning 105-bandida nazarda tutilgan talablarga muvofiq ushlab turilgan (jarima maydonchasiga joylashtirilgan) transport vositalarini ushlab turish sababi bartaraf etilganligi (jarima solish haqidagi qarorda belgilangan jarimalar toʻlanganligi) hududiy markaz xodimlari tomonidan “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali real vaqt rejimida tekshiriladi.
Tekshirish natijasiga koʻra, transport vositasini ushlab turish sababi bartaraf etilganligi tasdiqlanganidan soʻng hududiy markaz xodimi “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali mazkur Yoʻriqnomaning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi elektron ruxsatnomani IIV JXD YHXX YAATning “Jarima maydoni” moduliga yuboradi.
Elektron ruxsatnomaning nusxasi huquqbuzarning talabiga koʻra qogʻoz shaklda ham chop etilib, unga taqdim etilishi mumkin.
107. Huquqbuzar oʻziga nisbatan chiqarilgan jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida jarima miqdorining ellik foizini yoki oʻttiz kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda toʻlagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinadi, quyidagi hollar bundan mustasno:
jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;
xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda.
108. Huquqbuzar jarimani Kodeksda belgilangan muddat ichida toʻlamagan taqdirda maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosini amalga oshirish maqsadida ijro hujjatlari “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning hududiy boʻlinmalariga yuboriladi, bunda jarimani ixtiyoriy toʻlash imkoniyati toʻgʻrisida huquqbuzarni xabardor qilgan holda unga maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorning yuborilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot ijro hujjatiga ilova qilinadi.
Maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat berish ushbu qarorning ijrosini shikoyat koʻrib chiqilgunga qadar toʻxtatib turadi.
109. Majburiy ijroga qaratilgan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ijro etilganidan soʻng davlat ijrochisi ijro ishini yuritishni tamomlash toʻgʻrisida qaror chiqaradi va uning bir nusxasini uni chiqargan organga (mansabdor shaxsga) yoki sudga yuboradi.
110. Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomalari ularning yashash joyidagi YHXBning saqlash uchun vakolatli boʻlgan boʻlinmalarida saqlanadi.
6-bob. Murojaatlarni “yagona darcha”, “eksterritoriallik” va “open space” tamoyillari asosida koʻrib chiqish
111. Jismoniy va yuridik shaxslarning maʼmuriy ishlar boʻyicha murojaatlari “yagona darcha”, “eksterritoriallik” va “open space” tamoyillari asosida Markaz va hududiy markazlarda koʻrib chiqiladi.
112. Qoidalarning buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan YIDXP orqali kelib tushgan murojaatlar Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 3-iyuldagi 382-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning maʼmuriy reglamentiga muvofiq koʻrib chiqiladi.
113. Markaz va hududiy markazlarda murojaatchilarni qabul qilish uchun belgilangan joylarda elektron navbat tashkil etiladi, murojaatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish hamda ularni “open space”, “yagona darcha” va “eksterritoriallik” tamoyillari asosida koʻrib chiqish uchun boshqa zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
114. Murojaatchilar Markaz va hududiy markazlarga kelganda, maxsus axborot qurilmalari orqali navbat olib, ushbu qurilmalarda shikoyat va murojaat shaklini tanlab, zarur boʻlgan maʼlumotlarni kiritganidan soʻng Markaz va hududiy markaz xodimlari tomonidan qabul qilinadilar.
115. Markaz va hududiy markazlarning ishchi-xizmatchilari murojaatchilarga elektron navbat olish yoki murojaatlarni shakllantirishda hamda maxsus axborot qurilmalaridan foydalanishda har tomonlama koʻmak koʻrsatadi.
116. Markaz va hududiy markazlarning xodimlari murojaatchilarga quyidagilarni tushuntirishi shart:
Markaz va hududiy markazlarda faqat maʼmuriy ishlar bilan bogʻliq murojaatlar koʻrib chiqilishini;
ushbu murojaatlarni koʻrib chiqilishining batafsil tartibini;
maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarordan norozi boʻlgan taqdirda, ushbu maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkinligini;
maʼmuriy ish yuzasidan jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili hamda advokatlar belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega ekanligini.
117. Murojaatlarni koʻrib chiqishda Markaz va hududiy markazlarning xodimlari quyidagilarni amalga oshiradi:
murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonida murojaatchilardan ortiqcha maʼlumot va hujjatlarni talab etmagan holda, zarur boʻlgan maʼlumot va hujjatlarni tegishli vazirlik va idoralardan “Maʼmuriy amaliyot” moduli orqali olishni;
murojaatlarning tahlili asosida muammolarning kelib chiqish sabablarini oʻrganishni va murojaatchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda javoblar berishni;
Qoidalarning buzilishi bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa murojaatlar kelib tushganda, mazkur murojaatlarning mazmunidan kelib chiqqan holda, ularni DYHXXning tegishliligi boʻyicha boʻlinmalariga yuborish va murojaatchilarga, ushbu boʻlinmalar joylashgan joylari va boshqa zarur boʻlgan maʼlumotlar toʻgʻrisida tushuntirish berishni.
Maʼmuriy ish yuzasidan yoki chiqarilgan qaror yuzasidan kelib tushgan murojaatlar amaldagi qonunchilik hujjatlari va mazkur Yoʻriqnoma talablari asosida koʻrib chiqiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
118. Mazkur Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
1-ILOVA
1-ILOVA


Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
2-ILOVA
2-ILOVA


Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
3-ILOVA
3-ILOVA

Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
4-ILOVA
4-ILOVA

Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
5-ILOVA
5-ILOVA

Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
6-ILOVA
6-ILOVA


Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
7-ILOVA
7-ILOVA

Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
8-ILOVA
8-ILOVA

Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
9-ILOVA
9-ILOVA


Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
10-ILOVA
10-ILOVA

Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
11-ILOVA
11-ILOVA


Huquq va majburiyatlaringiz:
Tayinlangan jarimani qaror chiqarilgan kundan boshlab oltmish (60) kundan kechiktirmay, ushbu qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda esa, shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi toʻgʻrisida xabar berilgan kundan eʼtiboran oʻttiz (30) kundan kechiktirmay toʻlashingiz lozim.
Mazkur qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran oltmish (60) kun oʻtgach jarima toʻlanmagan taqdirda transport vositangiz qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turiladi.
Mazkur qaror ustidan yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga yoki jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga uning nusxasini olgan kuningizdan boshlab (10) oʻn kun ichida shikoyat berishingiz mumkin. Shikoyat maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) orqali yoki bevosita shikoyat yoʻllangan sudga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 3321-moddasiga muvofiq huquqbuzar jarima solish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida jarima miqdorining ellik foizini yoki oʻttiz kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda toʻlagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinadi, quyidagi hollar bundan mustasno:
Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 131, 136 va 140-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda;
jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;
xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda.
Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
12-ILOVA
12-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2026-yil 4-sentabrdagi 502-son buyrugʻiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 31-maydagi 68-son “Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2240, 2011-yil 5-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 27-son, 286-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2015-yil 3-sentabrdagi 155-son “Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2240-1, 2015-yil 7-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 40-son, 521-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017-yil 26-iyuldagi 159-son “Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2240-2, 2017-yil 8-avgust) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y., 32-son, 822-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 13-fevraldagi 34-son “Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2240-3, 2018-yil 1-mart) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2018-y., 10/18/2240-3/0836-son).
5. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 15-iyundagi 195-son “Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2240-4, 2020-yil 15-iyul) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2020-y., 10/20/2240-4/1070-son).
6. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 25-dekabrdagi 338-son “Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2240-5, 2021-yil 6-yanvar) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2021-y., 10/21/2240-5/1702-son).
7. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2022-yil 25-avgustdagi 326-son “Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2240-6, 2022-yil 13-oktabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 10/22/2240-6/0930-son).
8. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2023-yil 12-iyuldagi 361-son “Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2240-7, 2023-yil 14-avgust) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 10/23/2240-7/0605-son).
9. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2024-yil 25-iyundagi 186-son “Yoʻl harakati qoidalarining buzilishiga doir maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning 58-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2240-8, 2024-yil 12-iyul) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 10/24/2240-8/0503-son).
10. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 15-mh-son “Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3313, 2021-yil 28-iyul) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) ilovaning 136-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2026 y., 10/26/3969/1107-son)