OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
QARORI
Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 27-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3441-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi hamda 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 5-maydagi 10/5-son qarori (roʻyxat raqami 3441, 2023-yil 8-iyun) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2023-y., 10/23/3441/0346-son) bilan tasdiqlangan Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 8-iyul,
19/11-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 8-iyuldagi 19/11-son qaroriga
ILOVA
Tijorat banklari tomonidan koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar va oʻzgartirish
1. Muqaddima “tijorat banklari” degan soʻzlardan keyin “, shu jumladan islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Bank faoliyatini amalga oshirish uchun zaruriyati mavjud boʻlmagan (foydalanilmaydigan) koʻchmas mulk va boshqa mol-mulkni sotishda sotuvchi bank tomonidan xaridorning moliyalanishini oʻz ichiga olsa, bank ushbu operatsiyaga kreditlash (moliyalashtirish) sifatida yondashishi lozim. Bunda bank kreditlashga (moliyalashtirishga) nisbatan belgilangan talablarni bajarishi zarur.”.
3. 10-band “litsenziya” degan soʻzdan keyin “va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
4. 11-band quyidagi mazmundagi oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“islomiy moliya operatsiyalari sifatida mijozni moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan yuridik shaxslar va (yoki) yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) sotib olingan ulushlar yoki aksiyalar.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026 y., 10/26/3441-2/0789-son)