Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA XORIJIY DAVLATLAR OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI MUXBIRLARINING KASB FAOLIYATINI TARTIBGA SOLUVCHI ASOSIY QOIDALARNI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlariga ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalarga muvofiq oʻz kasb faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 1998-yil 11-sentabrdagi 391-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1998-y., 9-son, 34-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 24-fevral,
33-son
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar
ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb
faoliyatini tartibga soluvchi
ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb
faoliyatini tartibga soluvchi
ASOSIY QOIDALAR
I. Umumiy qoidalar
1. Axborotning barcha shakllari erkin va keng tarqatilishini koʻzlab, ushbu sohadagi hamkorlikni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlari (jurnalistlari)ning faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiya qilish asosida ruxsat beriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan muxbirlarning huquqiy maqomi va kasb faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “ Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida ”, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, ushbu Asosiy qoidalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalari bilan tartibga solinadi.
II. Muxbirlik punkti (byurosi, ofisi)ni ochish
3. Xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalarining muxbirlik punktlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining quyidagi hujjatlar asosida qabul qilingan qarori xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlik punktini ochish uchun asos hisoblanadi:
manfaatdor xorijiy axborot vositasi rahbariyatining Oʻzbekiston Respublikasida muxbirlik punkti ochish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri nomiga murojaatnoma xati;
manfaatdor ommaviy axborot vositasi toʻgʻrisida maʼlumotnoma-axborot;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining Oʻzbekiston Respublikasida manfaatdor xorijiy ommaviy axborot vositasining muxbirlik punkti ochilishining maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 859-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/859/2096-son)
Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlardan dastlabki ikkitasi Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik yoki konsullik muassasalari orqali beriladi yoxud bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etiladi.
4. Tegishli murojaatnoma olingan kundan boshlab ikki oydan oshmaydigan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositasi muxbirlik punktini ochish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan muxbirlik punktlari reyestrini yuritadi, ularga maxsus guvohnoma beriladi.
III. Xorijiy muxbirlarni akkreditatsiya qilish
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining quyidagi hujjatlar asosida qabul qilingan qarori xorijiy davlat ommaviy axborot vositalarining vakillarini doimiy xorijiy muxbir sifatida akkreditatsiya qilish uchun asos hisoblanadi:
manfaatdor xorijiy axborot vositasi rahbariyatining Oʻzbekiston Respublikasida muxbirlik punkti ochish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri nomiga murojaatnoma xati. Xatga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
manfaatdor ommaviy axborot vositasi toʻgʻrisida maʼlumotnoma-axborot;
akkreditatsiya qilinadigan xorijiy muxbirning tarjimai holi maʼlumotlari va tegishli namunadagi toʻrtta fotosurati.
Murojaat xati Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik yoki konsullik muassasalari orqali beriladi yoxud bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etiladi.
6. Doimiy xorijiy muxbirni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror tegishli murojaatnoma olingan kundan boshlab ikki oydan koʻp boʻlmagan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Akkreditatsiya qilingan muxbir Oʻzbekiston Respublikasiga kelgach, unga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi doimiy xorijiy muxbir sifatida akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida 2 yil muddatgacha amal qiladigan guvohnoma beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga tegishli ommaviy axborot vositalarining doimiy xorijiy muxbirini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasining tavsiyanomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunigacha boʻlgan muddatda qabul qilinadi. Akkreditatsiya olish uchun ushbu Asosiy qoidalarning 5-bandida talab etilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda xorijiy ommaviy axborot vositasi taʼsischisi (taʼsischilari) va uning faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumot ham taqdim etilishi zarur.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 453-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.06.2019-y., 09/19/453/3232-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Vaqtinchalik xorijiy muxbirni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri nomiga xorijiy davlatning tegishli ommaviy axborot vositasi rahbariyatining yozma murojaatnomasi taqdim etilgandan keyin ikki haftadan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Ijobiy qaror qabul qilingach Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi akkreditatsiya qilingan muxbirga vaqtinchalik xorijiy muxbir sifatida akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisida uch oygacha amal qilish muddati bilan guvohnoma beradi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi 207-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.03.2018-y., 09/18/207/0920-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida materiallarni, shu jumladan, kinoxronikal, Oʻzbekistonning turistik salohiyati, tabiati, madaniyati, anʼanalari va aholi turmush tarzi toʻgʻrisidagi dasturlarni, publitsistik va tarixiy materiallarni suratga olishni moʻljallayotgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining iltimosnomasi mavjud boʻlgan taqdirda vaqtincha xorijiy muxbir sifatida akkreditatsiyadan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma murojaatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga tushgandan keyin besh ish kunigacha muddatda beriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi 207-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.03.2018-y., 09/18/207/0920-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi akkreditatsiya qilingan doimiy xorijiy muxbirlarning oila aʼzolariga xorijiy muxbirning oila aʼzolari kartochkasini beradi.
9. Manfaatdor xorijiy ommaviy axborot vositasi rahbariyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga uning akkreditatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddati oʻtgungacha ikki oydan kechikmay muxbirni akkreditatsiya qilinganlik muddatini uzaytirish haqida iltimos bilan murojaat qilishga haqlidir, aks holda akkreditatsiya qilish belgilangan tartibda toʻxtatilishi mumkin.
10. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma yoʻqotib qoʻyilgan taqdirda xorijiy muxbir bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar qilishi shart. Dublikat berish masalasi ikki hafta mobaynida koʻrib chiqiladi.
11. Akkreditatsiya muddati tugagan, takroriy akkreditatsiya qilingan yoki akkreditatsiya muddatidan oldin toʻxtatilgan hollarda doimiy yoki vaqtinchalik akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar akkreditatsiya qilinganlik toʻgʻrisida ilgari berilgan guvohnomani Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga topshiradilar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy muxbirni akkreditatsiya qilishni Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonunlari yoki ushbu Asosiy qoidalar asosida rad etishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bunday qarorning sabablari toʻgʻrisida xorijiy muxbirni yozma ravishda xabardor qiladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasida oʻtkaziladigan xalqaro yoki milliy darajadagi turli tadbirlar (kongresslar, simpoziumlar, syezdlar, anjumanlar, seminarlar va shu kabilar)ni yoritish uchun taklif qilingan xorijiy davlat ommaviy axborot vositasi vakili Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida vaqtinchalik xorijiy muxbir sifatida akkreditatsiya qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifni yoritish uchun xorijiy davlatlarning rasmiy delegatsiyalariga fotograf yoki videooperator sifatida hamrohlik qilayotgan xorijiy mamlakatlar davlat organlarining xodimlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish talab etilmaydi.
Xorijiy davlatlarning rasmiy delegatsiyalariga hamrohlik qilayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarini vaqtincha akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror xorijiy davlatning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yoki Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuborilgan rasmiy verbal notasi asosida besh ish kunidan kechikmasdan qabul qilinadi. Ushbu holatda Asosiy qoidalarning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi 207-sonli qaroriga asosan ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.03.2018-y., 09/18/207/0920-son)
IV. Xorijiy muxbirlarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishi va bu yerda boʻlishi
14. Xorijiy muxbirlarga kelish vizalari Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ularni doimiy yoki vaqtinchalik xorijiy muxbirlar sifatida akkreditatsiya qilishga roziligiga koʻra beriladi.
Akkreditatsiya qilingan doimiy xorijiy muxbirlarga manfaatdor xorijiy ommaviy axborot vositasining murojaatnomasi asosida, konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan, akkreditatsiya muddatiga koʻp martalik vizalar rasmiylashtiriladi. Koʻp martalik vizalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻrsatmasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida esa — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan beriladi.
15. Doimiy yoki vaqtincha akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbir vaqtincha almashtirilgan taqdirda (taʼtil, kasallik, boshqa mamlakatlarga xizmat safarlari va hokazolar) viza berish toʻgʻrisidagi masala tegishli murojaatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga tushgan kundan boshlab ikki hafta muddatda hal etiladi.
V. Xorijiy muxbirlarning asosiy huquq va majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
16. Chet el fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻladigan akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar va ularning oila aʼzolari muxbirning kasb faoliyati davrida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar va majburiyatlarni bajaradilar. Xorijiy muxbirlarning huquq va majburiyatlari shuningdek manfaatdor davlatlar bilan oʻzaro ahdlashuv asosida ikki tomonlama tartibda boshqarilishi mumkin.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Akkreditatsiya qilingan doimiy xorijiy muxbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Diplomatik servis xizmati” davlat muassasasining xizmatlaridan xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonlari maʼmuriy-texnik xodimlari bilan teng shartlarda foydalanadilar.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-yanvardagi 26-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.01.2026-y., 09/26/26/0076-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Diplomatik servis xizmati” davlat muassasasi akkreditatsiya qilingan doimiy xorijiy muxbirlarning iltimosi boʻyicha ular faoliyatining zarur shart-sharoitlarini taʼminlash bilan bogʻliq amaliy masalalarga oid axborotlarni taqdim etadi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-yanvardagi 26-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.01.2026-y., 09/26/26/0076-son)
18. Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga shaxsiy foydalanish, shuningdek kasb faoliyatini amalga oshirish uchun moʻljallangan buyumlarni, akkreditatsiya qilish muddati tamom boʻlgandan keyin ularni Oʻzbekiston Respublikasidan qaytarib olib chiqib ketish majburiyati bilan, bojxona toʻlovlari toʻlamasdan olib kirishlari mumkin, bojxonada rasmiylashtirish va bojxona omborida saqlash yigʻimlari bundan mustasno. Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar tomonidan olib kiriladigan avtotransport vositalarini bojxonada rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar va transport vositalarini chetdan vaqtincha olib kelish shartlari toʻgʻrisida” 2004-yil 17-avgustdagi 399-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbir xorijiy davlatning oʻzi vakili boʻlgan ommaviy axborot vositasiga ogʻzaki, yozma yoki audiovizual xususiyatga ega boʻlgan axborotni xorijiy mamlakatlar bilan aloqa qilishning Oʻzbekiston Respublikasidagi mavjud kanallari orqali berish huquqiga egadir.
20. Xorijiy muxbirning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati qonun bilan qoʻriqlanadi. Davlat xorijiy muxbirga axborotni erkin olish va tarqatishni kafolatlaydi, uni kasb faoliyatini amalga oshirish paytida himoya qilishni taʼminlaydi. Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirning kasb faoliyatiga aralashish, undan oʻz kasb majburiyatlarini bajarish chogʻida olingan biror-bir maʼlumotlarni talab qilish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy muxbirlar tomonidan “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda boʻlishlari va tranzit oʻtishlari tartibi toʻgʻrisida” 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son qarori, mazkur Asosiy qoidalar yoki ommaviy axborot vositalari sohasidagi boshqa qonunchilik buzilgan taqdirda ogohlantirishi yoki uning akkreditatsiyasini muddatidan oldin toʻxtatishi, yoki kirish vizasini bekor qilishi, shuningdek respublikadan chiqarib yuborishgacha taʼsir koʻrsatish maʼmuriy choralarini koʻrishi mumkin.
Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlarga mavjud konstitutsiyaviy tuzumni zoʻravonlik bilan oʻzgartirishga, Oʻzbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini buzishga daʼvat etish, urush va zoʻravonlikni, shafqatsizlik, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib qilish taqiqlanadi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlariga aralashish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, ularning shaxsiy hayotiga aralashish va qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka olib keladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etish taqiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligini buzishda aybdor boʻlgan xorijiy muxbirlar va ularning oila aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya olmagan xorijiy muxbirlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi kasb faoliyati taqiqlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka olib keladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
22. Xorijiy muxbirlar sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlik punktlarining texnik xodimlari amaldagi qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bildirishnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq organlarida belgilangan tartibda hisobga turadilar, oʻz daromadlari toʻgʻrisida deklaratsiya toʻldiradilar va soliq organlariga jurnalistlik faoliyatidan olinadigan daromadlardan soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish va toʻlash bilan bogʻliq bank hujjatlari va maʼlumotlarni topshiradilar. Soliq haqidagi qonunlar buzilganligi uchun koʻrsatib oʻtilgan shaxslar va ularning ish beruvchilari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya olmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari sifatidagi kasb faoliyati taqiqlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka olib keladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 174-175-moddasi.
VI. Xorijiy muxbirlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida yurishi
23. Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin yurish huquqiga ega, borish uchun yopiq boʻlgan yoki maxsus ruxsatnomani talab etadigan joylar bundan mustasno. Xorijiy muxbir Oʻzbekiston Respublikasi hududida yurishda akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani oʻzi bilan olib yurishi shart.
VII. Texnik xodimlar va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar
Oldingi tahrirga qarang.
24. Akkreditatsiya qilingan muxbirlik punktlari va xorijiy muxbirlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Diplomatik servis xizmati” davlat muassasasi orqali texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar sifatida ishga yollashi mumkin.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-yanvardagi 26-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.01.2026-y., 09/26/26/0076-son)
25. Akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlik punkti va xorijiy muxbir texnik xodimlarining va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarining jurnalistlik faoliyat bilan shugʻullanishi taqiqlanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 9-son, 65-modda; 2016-y., 25-son, 308-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.03.2018-y., 09/18/207/0920-son, 25.10.2018-y., 09/18/859/2096-son, 03.06.2019-y., 09/19/453/3232-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 26.01.2026-y., 09/26/26/0076-son)