Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.08.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING “ADABIYOT, SANʼAT VA MEʼMORChILIK SOHASIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUKOFOTLARI BERISh TARTIBINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA” 1996-YIL 13 FEVRALDAGI 58-SON QARORIGA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 8-avgustdagi 168-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlarini taʼsis etish toʻgʻrisida” 2006-yil 25-iyuldagi PF–3781–son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil etish haqida” 1997-yil 23-yanvardagi Farmoniga muvofiq tasviriy va amaliy sanʼat, xalq hunarmandchiligi sohasida Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etilganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 13-fevraldagi 58-son qarorining 2-bandi quyidagi ikki xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tasviriy va amaliy sanʼat, xalq hunarmandchiligi sohasidagi Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofotlarini 1997-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan har uch yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida berish tartibi joriy qilinsin.
Kamoliddin Behzod nomidagi uchta Davlat mukofotining biri 80 ta eng kam oylik ish haqi miqdorida belgilansin.
2. Mazkur qarorga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
2-bandiga “Navroʻz bayrami arafasida” soʻzlari “Mustaqillik bayrami arafasida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4-bandning toʻrtinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
2-banddagi va 4-bandning ikkinchi xatboshidagi, shuningdek, ilovaning sarlavhasi va 1-bandidagi “adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik” soʻzlari “adabiyot va sanʼat” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-ilovaning 2-bandidagi “monumental tasviriy sanʼat, …meʼmorchilik, meʼmorchilik-badiiy taʼmirlash” soʻzlari, 6-bandidagi “tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmalarini” soʻzlari, 3-ilovaning 3-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari” soʻzlari chiqarib tashlansin;
3-ilovaning 2-bandi quyidagi tahrirda berilsin:
“2. Qoʻmita ishiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan rais jamoatchilik asosida boshchilik qiladi.”;
3-ilovaning 6-bandi “Alisher Navoiy nomidagi” soʻzlaridan keyin “Kamoliddin Behzod nomidagi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
3-ilovaning 10-bandidagi “Oʻzbekiston Davlat bankida” soʻzlari “bank muassasalarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining tasviriy va amaliy sanʼat, xalq hunarmandchiligi sohasida Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofoti toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mukofotlari qoʻmitasining tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 26-mart,
158-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-martdagi 158-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining tasviriy va amaliy sanʼat, xalq hunarmandchiligi sohasida Kamoliddin Behzod Davlat mukofoti toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasining Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofoti tasviriy va amaliy sanʼat, xalq hunarmandchiligi sohasida yaratilgan milliy istiqlol gʻoyalarini yorqin badiiy shakllarda aks ettirilgan Oʻzbekistonning buyuk tarixini va hozirgi yuksalish jarayonini haqqoniy obrazlar orqali gavdalantirgan va keng jamoatchilik tomonidan tan olingan yetuk sanʼat asarlari uchun beriladi.
2. Mukofotga soʻnggi toʻrt yil mobaynida yaratilgan, koʻrgazmaga qoʻyilgan yoki boshqa tarzda eʼlon qilingan monument tasviriy sanʼat, meʼmorchilik-badiiy taʼmirlash va haykaltaroshlik asarlari koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
Hujjatlarni taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mukofotlari qoʻmitasi tomonidan belgilanadi
3. Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofotiga taqdim etish toʻgʻrisidagi qarorlar vazirliklar, davlat qoʻmitalari, ijodiy uyushmalar, respublika va xalqaro jamoat tashkilotlari rahbar organlari tomonidan qabul qilinadi.
Mehnat jamoalari, ijodiy va ilmiy jamoalar yuqorida qayd etilgan tashkilotlarda koʻrib chiqish uchun Kamoliddin Behzod nomidagi mukofotni olishga nomzod koʻrsatish boʻyicha taklif kiritish, shuningdek, tavsiya etilgan asarlar va ishlarga doir oʻz fikr-mulohazalarini qoʻmitaga maʼlum qilish huquqiga egadir.
4. Oʻzbekiston Respublikasining boshqa Davlat mukofotiga ilgari sazovor boʻlgan asarlar Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilmaydi.
5. Ishlarni Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etadigan jamoa faqat ijodiy hissasi hal qiluvchi boʻlgan asosiy mualliflarni roʻyxatga kiritishi kerak. Bir mukofotga talabgorlar soni 3 kishidan oshmasligi lozim.
6. Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilgan sanʼat asarlari koʻrgazmalarni koʻrishni tashkil qilish, shuningdek, ularga zarur materiallarni oʻz vaqtida taqdim etish tegishli vazirliklar, kompaniyalar, ijodiy uyushmalar va boshqa manfaatdor tashkilotlar zimmasiga yuklanadi.
Koʻrsatib oʻtilgan talablar bajarilmagan taqdirda Qoʻmita ishlarni koʻrib chiqishni rad etishi mumkin.
7. Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofotini berishga doir takliflar toʻgʻrisidagi qarorni Qoʻmita oʻz tarkibining kamida ikki qismi ishtirokida, yashirin ovoz berish orqali koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasining Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan ijodkorlarga tantanali vaziyatda sovrindorlik yorliqlari va faxriy nishonlar topshiriladi.
Mukofotning puli mualliflar jamoasi oʻrtasida (agar ular bir ijodkordan koʻp boʻlsa) teng ulushlarda taqsimlanadi. Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofoti sovrindori faxriy nishoni koʻkrakning oʻng tomoniga taqiladi.
9. Vafot etgan Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofoti sovrindorining (yoki vafotidan soʻng mukofotlanganning) yorligʻi faxriy nishoni yodgorlik tariqasida uning oilasiga topshiriladi. Mazkur mukofotning puli Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunida nazarda tutilgan tartibda meros qilib beriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasining Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofoti takroran berilmaydi.