Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAʼLIM MUASSASALARIGA QABUL QILISH BOʻYICHA DAVLAT KOMISSIYASINING TARKIBI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimiga izchil oʻtishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2003-yil 29-oktabrdagi 473-son qaroriga muvofiq hamda umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining 9-sinflari bitiruvchilarini 10-sinflarga, kasb-hunar kollejlariga, akademik litseylarga va oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishni puxta muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining shaxsiy tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga qoʻshimcha ravishda quyidagi funksiyalar yuklansin:
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 29-oktabrdagi 473-son qarori bilan tasdiqlangan 9-sinflarni bitiruvchilarni keyinchalik akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablarining 10-sinflarida oʻqitish bilan qamrab olishning istiqbolli koʻrsatkichlari soʻzsiz bajarilishini taʼminlash ishlarini tashkil etish;
9-sinflarni bitiruvchilarning umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitishning keyingi shakllari bilan toʻliq qamrab olinishini har yili tizimli nazorat qilish;
umumtaʼlim maktablarining vaqtincha ishlab turgan oʻninchi-oʻn birinchi sinflari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
9-sinflarni bitiruvchilarning qamrab olinishi monitoringini amalga oshirish, viloyatlar, shaharlar va tumanlar boʻyicha ishlarning ahvolini umumlashtirish va har yili 1-oktabrgacha, yangi oʻquv yili boshlanishi yakunlariga koʻra Vazirlar Mahkamasiga axborot materiallari tayyorlash.
3. Belgilansinki, Taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining oʻz vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlari oliy, oʻrta umumtaʼlim va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar uchun majburiy hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 30-oktabr,
475-son