|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2016-yil 13-apreldagi OʻRQ-404-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
1-modda. Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Buxgalteriya hisobini tashkil etish hamda hisobot tuzish bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Basharti, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ushbu Qonunda bayon etilganidan koʻra boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnomalar qoidalari qoʻllanadi.
2-modda. Buxgalteriya hisobining maqsadi va vazifalari
Buxgalteriya hisobining maqsadi foydalanuvchilarni oʻz vaqtida toʻliq hamda aniq moliyaviy va boshqa buxgalteriya axboroti bilan taʼminlashdir.
Buxgalteriya hisobining vazifalari:
buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarida aktivlarning holati va harakati, mulkiy huquqlar va majburiyatlarning holati toʻgʻrisidagi toʻliq hamda aniq maʼlumotlarni shakllantirish;
samarali boshqarish maqsadida buxgalteriya hisobi maʼlumotlarini umumlashtirish;
moliyaviy, soliqqa doir va boshqa hisobotlarni tuzishdan iboratdir.
3-modda. Buxgalteriya hisobi subyektlari
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan yuridik shaxslar, ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda undan tashqarida joylashgan shuʼba korxonalari, filiallari, vakolatxonalari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari buxgalteriya hisobi subyektlaridir.
Yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda buxgalteriya hisobni yuritadi va buxgalteriya (moliya) hisobotini taqdim etadi.
4-modda. Buxgalteriya hisobi obyektlari
Asosiy va joriy aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, zaxiralar, daromadlar va xarajatlar, foyda, zararlar hamda ularning harakati bilan bogʻliq xoʻjalik operatsiyalari buxgalteriya hisobining obyektlaridir. Buxgalteriya hisobining obyektlari jamlama hisobvaraqlarda aks ettiriladi. Analitik hisobni yuritish tartibi buxgalteriya hisobi subyekti tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
5-modda. Buxgalteriya hisobi va hisobotini tartibga solish
Buxgalteriya hisobi va hisobotini tartibga solish, buxgalteriya hisobi ctandartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga yuklanadi.
Buxgalteriya hisobini yuritish qoidalari buxgalteriya hisobi standartlari bilan, shu jumladan kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun soddalashtirilgan buxgalteriya hisobini yuritish standarti bilan belgilanadi.
Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobining soddalashtirilgan tarzda yuritish tartibi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (20-sonli BHMS) “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tartibi”ga muvofiq amalga oshiriladi (roʻyxat raqami 2501, 14.08.2013-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
Budjet tashkilotlarining buxgalteriya hisobini va moliyaviy hisobotini tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan budjet hisobi standartlari asosida amalga oshiriladi.
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-361-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 686-modda)
Banklarning buxgalteriya hisobi va hisobotni tartibga solish Markaziy bank tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
6-modda. Buxgalteriya hisobining asosiy qoidalari
Buxgalteriya hisobining asosiy qoidalari quyidagilardir:
buxgalteriya hisobini ikki yoqlama yozuv usulida yuritish;
uzluksizlik;
xoʻjalik operatsiyalari, aktivlar va passivlarni pulda baholanishi;
aniqlik;
hisoblash;
oldindan koʻra bilish (ehtiyotkorlik);
mazmunning shakldan ustunligi;
koʻrsatkichlarning qiyoslanuvchanligi;
moliyaviy hisobotning betarafligi;
hisobot davri daromadlari va xarajatlarining muvofiqligi;
aktivlar va majburiyatlarning haqiqiy baholanishi.
7-modda. Buxgalteriya hisobini tashkil etish
Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishni korxona, muassasa va tashkilot rahbari amalga oshiradi.
Rahbar quyidagi huquqlarga ega:
bosh buxgalter rahbarligida buxgalteriya hisobi xizmatini tashkil etish yoki shartnoma asosida jalb qilingan buxgalter xizmatidan foydalanish;
buxgalteriya hisobi yuritishni shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan buxgalteriya firmasiga yoki tarkibiga buxgalteriya subyekti ham kiradigan xoʻjalik birlashmasining markazlashtirilgan hisobga olish boʻlimiga yuklash;
buxgalteriya hisobini mustaqil yuritish.
Rahbar quyidagilarni taʼminlashi shart:
ichki hisob va hisobot tizimi ishlab chiqilishini;
xoʻjalik operatsiyalarini nazorat qilish tartibini;
buxgalteriya hisobi toʻliq va aniq yuritilishini;
hisob-kitob hujjatlarining saqlanishini;
tashqi foydalanuvchilar uchun moliyaviy hisobot tayyorlanishini;
soliq hisobotlari va boshqa moliyaviy hujjatlar tayyorlanishini;
hisob-kitoblar oʻz vaqtida amalga oshirilishini.
8-modda. Imzo huquqi
Pul, tovar-moddiy va boshqa boyliklarni qabul qilish va berish uchun asos boʻlib xizmat qiladigan hujjatlar, korxona, muassasa va tashkilotning kredit va hisob-kitob majburiyatlari, shuningdek buxgalteriya hisobotlari va balanslari rahbar tomonidan yoki u belgilaydigan shaxslar tomonidan imzolanadi.
Rahbar imzolash huquqiga ega boʻlgan shaxslarini ikkita roʻyxatini tasdiqlaydi. Birinchi roʻyxatga — rahbarlik vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar, ikkinchisiga — buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar kiradi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning imzosi boʻlmagan hujjatlar haqiqiy hisoblanmaydi.
9-modda. Boshlangʻich hisob hujjatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Xoʻjalik operatsiyalarining buxgalteriya hisobi uchun operatsiyalar amalga oshirilganligini qayd etuvchi boshlangʻich hisob hujjatlari va ularni oʻtkazishga doir farmoyishlar asos boʻladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan savdo va servis sohasida olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqi korporativ plastik kartalardan foydalangan holda toʻlanganida toʻlov terminallarining cheklari ham boshlangʻich hisob hujjatlari deb tan olinadi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Boshlangʻich hisob hujjatlari xoʻjalik operatsiyalari amalga oshirilayotgan vaqtda yoki operatsiyalar amalga oshirib boʻlinganidan keyin tuziladi.
Hisobot davriga tegishli boʻlgan xoʻjalik operatsiyalari, agar ular amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar olinmagan boʻlsa, tegishli boshlangʻich hujjat rasmiylashtirilib, buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Boshlangʻich hisob hujjatlarining majburiy rekvizitlari quyidagilardir:
korxonaning (muassasaning) nomi;
hujjatning nomi va raqami, u tuzilgan sana va joy;
xoʻjalik operatsiyasining nomi, mazmuni va miqdor oʻlchovi (natura holida va pulda ifodalangan holida);
masʼul shaxslarning shaxsiy imzolari.
Boshlangʻich hisob hujjatlarini tuzgan hamda imzolagan shaxslar ularning oʻz vaqtida toʻgʻri va aniq tuzilishi, shuningdek buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun ularning belgilangan muddatlarda topshirilishiga javobgardirlar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlangan Buxgalterlik hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanuvi toʻgʻrisidagi Nizom (roʻyxat raqami 1297, 14.01.2004-y.).
Boshlangʻich hisob hujjatlariga xoʻjalik operatsiyasi qatnashchilari tomonidan tasdiqlanmagan tuzatishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bank va kassalar hujjatlarida tuzatishlar va oʻchirib yozishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
10-modda. Buxgalteriya hisobi registrlari
Buxgalteriya hisobi registrlari ikki yoqlama yozuv qoidalariga muvofiq yuritiladigan jurnallar, qaydnomalar, daftarlar, tasdiqlangan blankalar (shakllar)dir.
Registrlar texnika vositalaridan foydalanishda olingan mashinogramma koʻrinishidagi yozuvlar yoʻli bilan, shuningdek magnit tasmalari, disklar, disketlar va boshqa mashinalarda bajarilishi mumkin. Registrlarni shakllantirish tartibi buxgalteriya hisobi standartlari bilan belgilanadi.
Buxgalteriya hisobi registrlariga tasdiqlanmagan tuzatishlarning kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
11-modda. Aktivlar va majburiyatlarni inventarizatsiya qilish
Buxgalteriya hisobi va hisoboti maʼlumotlarining toʻgʻriligi hamda aniqligi aktivlar va majburiyatlarni majburiy suratda inventarizatsiya qilish orqali tasdiqlanadi. Inventarizatsiya obyektlari, uni oʻtkazish tartibi va muddatlari inventarizatsiya boʻyicha buxgalteriya hisobi standartiga muvofiq belgilanadi.
Qarang: Inventarizatsiyani tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (19-son BHMS) (roʻyxat № 833, 02.11.1999-y.).
12-modda. Aktivlar va majburiyatlarni baholash
Oborot aktivlarni baholash quyidagi ikki bahoning eng pasti boʻyicha — balans tuzilayotgan sanadagi haqiqiy tannarxi boʻyicha — (sotib olish narxi yoki ishlab chiqarish tannarxi) yoki bozor bahosi boʻyicha (sof sotish qiymati) amalga oshiriladi.
Asosiy mablagʻlar va nomoddiy aktivlar ularning toʻliq boshlangʻich qiymati boʻyicha hisobga olinadi.
Asosiy mablagʻlar va nomoddiy aktivlar qiymatini hisobdan chiqarish ularning qiymati toʻliq toʻlangunga yoki obyekt safdan chiqib ketgunga qadar boʻlgan eskirishini (amortizatsiyani) hisoblash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Amortizatsiya ajratmalari obyekt foydalanishga topshirilganidan keyingi oydan boshlab amalga oshiriladi. Erning qiymati amortizatsiya qilinmaydi.
Moliyaviy qoʻyilmalar buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq hisobga olinadi.
Qarang: Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (12-son BHMS) (roʻyxat № 596, 16.01.1999-y.).
Majburiyatlar taraflarning kelishuviga binoan pul bilan aks ettiriladi.
Sud qarori boʻyicha yuzaga kelgan majburiyatlar tegishli summada aks ettiriladi.
Potensial majburiyatlar dastlabki haqiqiy bahosi boʻyicha aks ettiriladi.
Buxgalteriya hisobi milliy valyuta — soʻmda kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Budjet tashkilotlarining aktivlari va majburiyatlarini baholash budjet hisobi standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(12-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-361-sonli Qonuniga asosan toʻqqizinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 686-modda)
13-modda. Daromadlar va xarajatlarni hisobga olish
Daromadlar va xarajatlar, toʻlangan vaqti va pul kelib tushgan sanadan qatʼi nazar, qaysi davrga taalluqli boʻlsa, oʻsha hisobot davrida aks ettiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi boʻyicha daromadlar va xarajatlar ular kelib tushgan yoki toʻlangan davrda budjet hisobi standartlariga muvofiq aks ettiriladi.
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-361-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 686-modda)
14-modda. Xususiy kapitalni hisobga olish
Xususiy kapital — ustav kapitali, qoʻshilgan, zaxira kapitalidan, hamda taqsimlanmagan foydadan tarkib topadi.
Ustav kapitali — taʼsis hujjatlarida belgilangan hissalarning (pul ifodasida) yigʻindisidir. Ustav kapitaliga hissa shaklida qoʻshiladigan moddiy va nomoddiy aktivlar taʼsischilar kelishuviga yoki yuridik shaxs ijroiya organining qaroriga koʻra belgilanadi va hisobga olinadi.
Qoʻshilgan kapital aksiyalarni nominal qiymatidan baland narxlarda dastlabki sotishdan olinadigan emissiya daromadini aks ettiradi.
Zaxira kapitali mol-mulkni qayta baholash chogʻida hosil boʻladigan inflyatsiya zaxiralarini, shuningdek tekinga olingan mol-mulk qiymatini aks ettiradi.
Taqsimlanmagan foyda foydaning jamgʻarilayotganini ifodalaydi va mulkdorlarning qaroriga binoan ustav kapitaliga qoʻshilishi mumkin.
15-modda. Garovni hisobga olish
Oʻzining yoki oʻzgalarning majburiyatlarini taʼminlash uchun garovga berilgan mol-mulk qiymati, shu jumladan pul mablagʻlari korxona tomonidan boshqa aktivlardan alohida hisobga olinadi.
Garovga olingan mol-mulk qiymati, garov sifatida qabul qilib olingan pul mablagʻlari va valyuta boyliklari qiymati alohida balansdan tashqari hisobvaraqlarda aks ettiriladi.
16-modda. Moliyaviy hisobot
Moliyaviy hisobot buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida tuziladi.
Moliyaviy hisobot quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
buxgalteriya balansi;
moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;
Oldingi tahrirga qarang.
(16-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobot;
xususiy kapital toʻgʻrisidagi hisobot;
izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar.
Kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy hisoboti soddalashtirilgan shaklda tuziladi.
Qarang: Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan hisoblarni soddalashtirib yuritish va hisobotlarni tuzish tartibi haqidagi Buxgalteriya hisobining milliy standartiga (20-son BHMS) (roʻyxat № 879, 24.01.2000-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
Budjet tashkilotlarining moliyaviy hisoboti budjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq tuziladi va taqdim etiladi.
Moliyaviy hisobotning tarkibi va mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Qarang: “Moliyaviy hisobot shakllari va ularni toʻldirish boʻyicha qoidalarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining buyrugʻi (roʻyxat raqami 1209, 24.01.2003-y.).
(16-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-361-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi va beshinchi qismlarga almashtirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 686-modda)
17-modda. Umumlashtirilgan moliyaviy hisobot
Shuʼba korxonalari, filiallari va vakolatxonalari boʻlgan korxonalar umumlashtirilgan moliyaviy hisobot tuzadi.
Shuʼba korxonalarga qoʻshilgan hissalar bosh korxonaning moliyaviy hisobotida uning moliyaviy qoʻyilmalari sifatida aks ettiriladi.
Yuridik shaxslar oʻz filiallari, vakolatxonalari va boshqa tarkibiy boʻlinmalarini mustaqil balansga ajratishlari mumkin boʻlib, ularning balanslari va boshqa hisobot shakllarini oʻzlarining umumlashtirilgan hisobotiga kiritishlari shart.
Umumlashtirilgan hisobotga bosh korxona, uning shuʼba korxonalari, filiallari va vakolatxonalarining moliyaviy hisobotlari ilova qilinadi.
Umumlashtirilgan hisobot buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq tuziladi.
Xoʻjalik yurituvchi bosh jamiyat nazorati ostidagi xoʻjalik yurituvchi jamiyatlar guruhining jamlangan moliyaviy hisobotini tuzish va taqdim etish tartibi hamda shuʼba xoʻjalik jamiyatlariga investitsiyalarni bosh jamiyatning alohida moliyaviy hisobotida hisobga olish tartibi Jamlangan moliyaviy hisobotlar va shuʼba xoʻjalik jamiyatlariga sarmoyalarni hisobga olish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standartida belgilangan (8-son BHMS) (roʻyxat № 580, 28.12.1998-y.).
Ushbu moddaning talablari vazirliklar, idoralar va budjet tashkilotlarining jamlama moliyaviy hisobotiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
18-modda. Moliyaviy hisobotning hisobot davri
1-yanvardan 31-dekabrga qadar boʻlgan kalendar yil moliyaviy hisobotning hisobot davri hisoblanadi.
Yangidan tashkil etilgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxs huquqi qoʻlga kiritilgan sanadan boshlab oʻsha yilning 31-dekabriga qadar boʻlgan davri yuridik shaxs hisoblanmaydiganlar uchun esa, uning davlat organlarida roʻyxatga olingan sanadan boshlab birinchi hisobot yili deb hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar yuridik (budjet tashkilotlaridan tashqari) shaxs 1-oktabrdan keyin roʻyxatga olingan boʻlsa, birinchi hisobot yili keyingi yilning 31-dekabrida tugaydi.
(18-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-361-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 686-modda)
Roʻyxatdan oʻtishga yoki yuridik shaxs huquqini qoʻlga kiritishga qadar amalga oshirilgan xoʻjalik operatsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar birinchi hisobot yili moliyaviy hisobotiga kiritiladi.
19-modda. Moliyaviy hisobotni taqdim etish
Moliyaviy hisobot quyidagilarga taqdim etiladi:
soliq organlariga;
taʼsis hujjatlariga muvofiq mulkdorlarga;
davlat statistika organlariga;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa organlarga.
Moliya hisoboti hisobot yili boshdan qoʻshilib boruvchi jamlama tartibida yilning har choragida taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(19-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-361-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 686-modda)
Moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilaydi.
Qarang: Choraklik va yillik moliyaviy hisobotlarni taqdim qilish muddatlari toʻgʻrisidagi Nizom (roʻyxat № 942, 03.07.2000-y.).
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi buxgalteriya hisobining ayrim subyektlari uchun moliyaviy hisobotni taqdim etishning boshqa muddatlarini belgilashi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-iyundagi 227-sonli qarori bilan tasdiqlangan Taqdim etish davriyligi qisqartiriladigan moliya va davlat statistika hisoboti shakllarining roʻyxati.
20-modda. Moliyaviy hisobotni eʼlon qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning yillik moliyaviy hisoboti manfaatdor banklar, birjalar, investorlar, kreditorlar va boshqa shaxslar uchun oshkora hisoblanadi.
(20-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi OʻRQ-372-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek sugʻurta tashkilotlari, banklar va boshqa moliya tashkilotlari har yilgi moliyaviy hisobotni aksiyadorlarning yoki buxgalteriya hisobi subyektining boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin ijobiy auditorlik xulosasi bilan birga eʼlon qilishi shart.
(20-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
21-modda. Tugatish vaqtida moliyaviy hisobot
Xoʻjalik yurituvchi subyekt tugatilgan vaqtda yakuniy moliyaviy hisobot tuziladi.
Tugatish boʻyicha operatsiyalarni hisobga olish, tugatish balansi va hisobotni tuzish, aktivlar qiymatini aniqlash yuzasidan javobgarlik tugatish komissiyasi zimmasiga yuklanadi.
Umidsiz qarzlar va zararlar tugatish balansiga kiritilmaydi.
Majburiyatlar ularni uzish vaqtiga qadar hisoblangan foizlari bilan tugatish balansida aks ettiriladi.
22-modda. Buxgalteriya axborotining maxfiyligi
Buxgalteriya hisobini yuritishda maxfiylikka rioya qilinadi. Buxgalteriya hisobi registrlarining mazmuni bilan tanishishga maʼmuriyat ruxsati bilan yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Buxgalteriya hisobi registrlari bilan tanishishga ruxsat etilgan shaxslar ularning maxfiyligini saqlashlari shart. Maxfiylikni buzganlik qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishga sabab boʻladi.
23-modda. Buxgalteriya hujjatlarini saqlash
Buxgalteriya hujjatlari va registrlar, mikrofilmlar yoki kompyuter hisobi moliyaviy maʼlumotlari kamida uch yil, moliyaviy hisobot esa qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida saqlanadi.
Buxgalteriya hujjatlarini olib qoʻyish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Buxgalteriya hujjatlarini olib qoʻyish asosi va tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat protsessual kodeksining 157—168-moddalarida belgilangan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlangan Buxgalterlik hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanuvi toʻgʻrisidagi Nizomning 28-bandiga qarang (roʻyxat. № 1297, 14.01.2004-y.).
24-modda. Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 175-1-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 30-avgust,
279-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 142-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 18-son, 233-modda, 41-son, 543-modda, 52-son, 686-modda; 2014-y., 20-son, 222-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda)