Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.12.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT MULKINI DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRIShDAN TUShADIGAN MABLAGʻLARNING TUShIShINI NAZORAT QILISh VA ULARNI TOʻLASh, TAQSIMLASh, HISOBGA OLISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI VAQTINChALIK NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-dekabrdagi 475-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarni toʻlash, taqsimlash va ulardan foydalanish masalalariga oid baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlardan oqilona va samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarning tushishini nazorat qilish va ularni toʻlash, taqsimlash, hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Vaqtinchalik nizom tasdiqlansin.
2. Davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlar sarflanishining quyidagi miqdorlari belgilab qoʻyilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi ichki qarzini qoplash uchun — 20 foiz;
xalq xoʻjaligi tuzilmasini qayta qurishni mablagʻ bilan taʼminlash uchun — 40 foiz;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlari uchun — 15 foiz;
belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun — 25 foiz, shu jumladan qimmatli qogʻozlar bozori infrastrukturasini yaratish, shakli oʻzgartirilgan korxona va tashkilotlardan davlat mulki ulushi egasining boshqaruv vazifalarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun “Oʻzdavjamgʻarma”ga — 0,5 foiz.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamgʻarmasi davlat mulkini xususiylashtirishdan tushadigan va ichki qarzni qoplashga yoʻnaltirilishi lozim boʻlgan vaqtincha boʻsh mablagʻlarni bank depozitlariga oʻtkazish, vazirliklar, idoralarga, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, vaqtincha moliyaviy jihatdan qiynalayotgan ayrim korxona va tashkilotlarga toʻlash, mulk bilan taʼminlash va qaytarish sharti bilan qisqa muddatli qarzlar berish uchun foydalanish tajribasini amaliyotda qoʻllasin.
4. “Oʻzdavjamgʻarma” hududiy boshqarmalarining ishlashlari uchun zarur sharoitlarni taʼminlash maqsadida:
“Oʻzshartnomasavdo” davlat uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ularni anjomlar va uskunalar bilan taʼminlash masalalarini koʻrib chiqsinlar va hal qilsinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yengil xizmat avtomashinalarini saqlash uchun limit ajratsin, “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi va “Toshshahartranskorxona” davlat uyushmasi esa ajratilgan limit doirasida ularga xizmat koʻrsatishni taʼminlasinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 23-avgust,
425-son

Vazirlar Mahkamasining

1993-yil 23-avgustdagi 425-son qarori bilan
TASDIQLANGAN

Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va
xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarning tushishini
nazorat qilish va ularni toʻlash, taqsimlash, hisobga olish
tartibi toʻgʻrisida
VAQTINChALIK NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Vaqtinchalik nizom “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat mulki jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” gi Farmoniga va Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-noyabrdagi 518-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. “Oʻzdavjamgʻarma”ning mablagʻlari quyidagilar hisobiga tarkib topadi:
davlat mulki obyektlarini (uy-joy fondidan tashqari) davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlar;
davlat korxonalari va tashkilotlarining ijarasi uchun toʻlovlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan yangidan taʼsis etilayotgan hamda tashkil etilgan aksionerlik jamiyatlarining aksiyalarini sotishdan olinadigan daromadlar;
davlatga tegishli boʻlgan aksiyalar boʻyicha olinadigan dividendlar.
3. “Oʻzdavjamgʻarma”ning mablagʻlari:
Oʻzbekiston Respublikasi ichki qarzini qoplashga;
respublika xalq xoʻjaligi tuzilmasini qayta qurishni mablagʻ bilan taʼminlashga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hududlarni ijtimoiy —iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga;
belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
4. Mazkur boʻlimning 2-bandida koʻrsatilgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahar boshqarmasining operatsiya boʻlimidagi “Oʻzdavjamgʻarma”ning 000746106 MFO 172682116-son maxsus schyotida toʻplanadi. Shunday schyotlar “Oʻzdavjamgʻarma”ning hududiy boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarida ham ochiladi.
5. Mazkur Vaqtinchalik nizomda xususiylashtirish obyektlarining sotuvchilari deb Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari tushuniladi.
6. Xususiylashtirilayotgan obyekt boʻyicha hisob-kitob shakllari va muddatlari davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish komissiyalari tomonidan “Oʻzdavjamgʻarma” ning vakillari ishtirokida belgilanadi, Davlat mulki qoʻmitasi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan tasdiqlanadi va sotuvchi bilan xaridor oʻrtasida tuziladigan oldi-sotdi shartnomasida aks ettiriladi.
II. Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarning tushishini nazorat qilish va ularni toʻlash, taqsimlash, hisobga olish tartibi
1. “Oʻzdavjamgʻarma” hududiy boshqarmalarining maxsus schyotlariga mablagʻlarni oʻtkazib sotuvchi (yuridik shaxs) tomonidan toʻlov topshirigʻi orqali amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslar ushbu schyotga mablagʻlarni xususiylashtirish obyektlarini sotish shartlari bilan belgilangan tartibda oʻtkazadilar.
2. Toʻlovchilar toʻlov hujjatlarida “Oʻzdavjamgʻarma” hududiy boshqarmasi maxsus schyotining rekvizitlarini, mazkur Vaqtinchalik nizomning 1-boʻlimi 2-bandiga muvofiq toʻlovning nomi, mablagʻlar oʻtkazilishining asosi (oldi-sotdi shartnomasi, keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijara shartnomasining yoki ular oʻrnini bosadigan boshqa hujjatning roʻyxatga olish raqamini, xususiylashtirish obyektining nomini koʻrsatishlari shart. Toʻlovchining toʻlov topshirigʻini toʻldirish uchun zarur boʻlgan “Oʻzdavjamgʻarma” hududiy boshqarmasi maxsus schyotining raqami va boshqa bank rekvizitlari xususiylashtirish obyektining oldi-sotdi shartnomasida yoki uning oʻrnini bosadigan boshqa hujjatda keltiriladi.
3. Hududiy boshqarmalar maxsus schyotlarining kredit saldosi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ijrochi apparatlariga qoldiriladigan 15 foiz chiqarib tashlangan holda har oyning 25-kunida Markaziy bank muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahar boshqarmasining operatsiya boʻlimidagi “Oʻzdavjamgʻarma” ning 000746106 MFO 172682116-son maxsus schyotiga oʻtkaziladi.
4. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan “Oʻzdavjamgʻarma” ning maxsus schyotiga tushgan mablagʻlar 1-boʻlimning 3-bandida koʻrsatilgan yoʻnalishlar va meʼyorlar boʻyicha quyidagi tartibda taqsimlanadi:
tushgan mablagʻlarning 20 foizi “Oʻzdavjamgʻarma” ning maxsus schyotida toʻplanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda va muddatlarda respublika ichki qarzini qoplashga yoʻnaltiriladi;
40 foizi — Moliya vazirligi va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi takliflariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining, vazirliklar va idoralarning buyurtmalariga koʻra Hukumatning qarorlariga muvofiq xalq xoʻjaligi tuzilmasini qayta qurishni mablagʻ bilan taʼminlashga yoʻnaltiriladi;
15 foizi — “Oʻzdavjamgʻarma” bilan Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga yoʻnaltiriladi;
25 foizi — Hukumat qarorlariga muvofiq davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
5. Mazkur boʻlimning 4-bandida nazarda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha mablagʻlarning ajratilishi respublika budjetidan mablagʻlarni ajratish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Mablagʻlarning tushishi va ular harakatining hisob-kitobi buxgalteriya hisobi va hisoboti haqidagi amaldagi Nizomga muvofiq Davlat mulki jamgʻarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan olib boriladi.
7. “Oʻzdavjamgʻarma” ning hududiy boshqarmalari mablagʻlar tushishi va ular harakatining hisob-kitobini tarmoqlar boʻyicha alohida-alohida va mablagʻlar tushishining manbalari boʻyicha har bir xususiylashtirish obyekti boʻyicha olib boradilar.
Xususiylashtirishdan olinadigan mablagʻlarning tushishi va ularning harakati haqidagi shu yoʻsindagi maʼlumotlar “Oʻzdavjamgʻarma” ning hududiy boshqarmalari tomonidan har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 1-kuni holatiga koʻra va 5-kunidan kechiktirmay “Oʻzdavjamgʻarma” ga va mahalliy statistika organiga topshiriladi.
8. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan barcha mablagʻlarga soliq solinmaydi.
9. Davlat mulki jamgʻarmasi va uning hududiy boshqarmalari:
xususiylashtirish obyektlarini sotib oluvchilardan ularga Davlat mulki qoʻmitasi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladigan oldi-sotdi shartnomalariga yoki ular oʻrnini bosadigan hujjatlarga muvofiq mablagʻlarning toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
bankning xizmat koʻrsatuvchi muassasalari bilan kelishgan holda bankdagi maxsus schyotlardagi mablagʻlarning harakati toʻgʻrisida tegishli koʻchirmalarni olib xususiylashtirishdan olinadigan mablagʻlarning tushishi ustidan kundalik nazoratni amalga oshiradilar;
xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlarni, shu mablagʻlarni turli oluvchilar oʻrtasida belgilangan tartibda oʻz vaqtida va toʻla hajmda taqsimlashni amalga oshiradilar.
10. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan chet el valyutasida tushadigan mablagʻlar belgilangan tartibda “Oʻzdavjamgʻarma” ning maxsus valyuta schyotiga oʻtkaziladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda taqsimlanadi.
III. Xususiylashtirish obyektlarining sotuvchilari,
xaridorlari va ularga xizmat koʻrsatuvchi bank
muassasalarining javobgarligi
1. Xususiylashtirilayotgan davlat korxonalari va tashkilotlarining xaridorlari mablagʻlarning toʻliq va oʻz vaqtida tushishi uchun qonunchilikka muvofiq javobgardirlar.
Obyektlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish uchun belgilangan muddatlarda toʻlanmagan pul mablagʻlari har bir kechiktirilgan kun uchun 0,5 foiz miqdorida qoʻshiladigan penya bilan soʻzsiz undirib olinadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari tegishli tarzda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomalari yoki ularning oʻrnini bosadigan hujjatlarni “Oʻzdavjamgʻarma”ga, uning hududiy boshqarmalariga topshiradilar.
3. Xaridor tomonidan oldi-sotdi shartnomasi talablarining bajarilishini “Oʻzdavjamgʻarma”, uning hududiy boshqarmalari nazorat qiladilar.
4. Bank muassasalari “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tegishli tarzda rasmiylashtirilgan va oʻz vaqtida taqdim qilingan toʻlov hujjatlari boʻyicha mablagʻlarning toʻgʻri, oʻz vaqtida va toʻliq tushishi hamda oʻtkazilishi uchun javobgardirlar.