Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI VA O‘ZBEKISTON KASABA UYuShMALARI FEDERATSIYASI KENGAShINING
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI IJTIMOIY SUG‘URTA JAMG‘ARMASINING TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur qarorning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ijtimoiy Sug‘urta jamg‘armasini tashkil etishga taalluqli qismi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 27-dekabrdagi 459-son “O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy ta’minot vazirligi huzurida Pensiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ijtimoiy ta’minot tizimida davlat kafolatlarini amalga oshirish hamda ijtimoiy sug‘urta mablag‘larining to‘g‘ri va samarali sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi qaror qiladilar:
1. Sobiq SSSR Pensiya fondining O‘zbekiston Respublika bo‘limi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilsin. Unga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi tizimidan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha, farzand tug‘ilganda, dafn etishga beriladigan nafaqalarni to‘lashga yo‘naltiriladigan davlat ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari berilsin.
Qayd etilgan maqsadlardagi ijtimoiy sug‘urta mablag‘larini qabul qilish-topshirish 1994-yilning 1-yanvardagi holatiga ko‘ra amalga oshirilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Pensiya jamg‘armasi O‘zbekiston respublika bo‘limining hududiy filiallari negizida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi vakilligining Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘linmalarini, respublika shaharlari va tumanlarida esa jamg‘arma vakilligining bo‘limlarini tashkil etsinlar.
Jamg‘arma vakilligi Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘linmalarining namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma hududiy bo‘linmalari vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyanomasiga binoan, Jamg‘armaning shaharlar va tumanlar bo‘yicha vakillari esa hududiy bo‘linma vakilining tavsiyanomasiga binoan Jamg‘arma boshqaruvi tomonidan tayinlanadilar.
3. Belgilab qo‘yilsinki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mustaqil davlat moliya-kredit muassasasi hisoblanadi. Jamg‘armaning pul mablag‘lari davlat budjeti, boshqa jamg‘armalar tarkibiga kirmaydi va musodara qilinishi mumkin emas.
4 Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
fuqarolarning davlat tomonidan belgilangan ijtimoiy sug‘urta huquqlarini to‘la hajmda ro‘yobga chiqarish;
ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha pensiya va nafaqalarning kafolatli va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlovchi shart-sharoitlar yaratish;
xalqaro aloqalarni amalga oshirish, davlat ijtimoiy sug‘urtasi sohasidagi chet el tajribasini o‘rganish va undan foydalanish.
Bu vazifalarning bajarilishiga quyidagi yo‘llar bilan erishiladi:
davlat ijtimoiy sug‘urtasiga mo‘ljallangan mablag‘larni yig‘ish va jamlash;
pensiyalarni, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha, farzand tug‘ilganda, dafn etishga beriladigan nafaqalarni to‘lash va davlat ijtimoiy sug‘urtasining boshqa maqsadlardagi xarajatlarini mablag‘ bilan ta’minlash;
o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta’minlash prinsiplari asosida Jamg‘arma mablag‘larini ko‘paytirishni tashkil etish.
5. Belgilab qo‘yilsinki, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va shirkatlarning, idoraviy qarashliligidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, belgilangan me’yorlar bo‘yicha ish haqi fondiga nisbatan foizlarda to‘lanadigan, zaruriyat tug‘ilganda davlat budjeti mablag‘laridan to‘ldiriladigan sug‘urta badallari;
yakka tartibda mehnat faoliyati bilan, shu jumladan, yakka (jamoa) ijara shartlarida yoki shaxsiy dehqon xo‘jaligida shug‘ullanayotgan shaxslarning sug‘urta badallari.
fuqarolarning majburiy sug‘urta badallari;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, korxonalar va jamoat tashkilotlari, ularning tijorat faoliyatidan olingan daromadlarini ham qo‘shganda badallari, shuningdek, boshqa tushumlar.
6. Belgilansinki, 1994-yil muassasalar, tashkilotlar va shirkatlar, idoraviy qarashliligidan, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shaklidan qat’i nazar, shartnoma asosida yollaydigan tartibda faoliyati bilan, shu jumladan, yakka (jamoa) ijara shartlarida yoki shaxsiy dehqon xo‘jaligida shug‘ullanayotgan shaxslar mazkur qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan nafaqalarni to‘lash uchun Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga sug‘urta badallari yo‘naltiradilar, mehnatkashlarni, ularning oila a’zolarini sanatoriya-kurortlarda davolash, bolalarni sog‘lomlashtirish uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda va miqdorlarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashiga o‘tkaziladigan boshqa mablag‘lar bundan mustasno,
Xodimlari yoshi bo‘yicha imtiyozli pensiya huquqiga ega bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar sug‘urta badallari bilan bir qatorda mehnatga haq to‘lashga mo‘ljallangan mablag‘lardan amaldagi qonun hujjatlarida belgilanmagan miqdorda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha mablag‘lar o‘tkazadilar.
7. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga rahbarlik boshqaruv va uning doimiy ishlovchi organi ijro etuvchi direksiya tomonidan amalga oshiriladi. Jamg‘arma boshqaruvi tartibiga doimiy asosda Ijtimoiy ta’minot vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining rahbarlari va Jamg‘arma ijro etuvchi direktori kiradilar.
Jamg‘arma boshqaruvining raisi va ijro etuvchi direktor Jamg‘arma boshqaruvining tavsiyasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadilar.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi boshqaruvining raisi moddiy-maishiy ta’minot, tibbiyot xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat qo‘mitalari raislariga, lavozim bo‘yicha Jamg‘arma boshqaruvi raisining o‘rinbosari hisoblanadigan ijro etuvchi direktor esa O‘zbekiston Respublikasi davlat qo‘mitalari raislarining o‘rinbosarlariga tenglashtirilsin.
Shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Jamg‘arma boshqaruvining soni 9 kishidan iborat qilib belgilansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi barcha organlarining cheklangan soni 3-ilovaga* muvofiq 1237 nafardan, shu jumladan, Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasi 45 nafardan iborat qilib tasdiqlansin
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Jamg‘armani, uning ijro etuvchi direksiyasini va Jamg‘armaning hududiy ijro etuvchi organlarini saqlash xarajatlarini ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi 3 oy muddatda Ijtimoiy ta’minot vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda sug‘urta badallarini o‘tkazish normativlarini va davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar to‘lash tartibini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
11. Vazirlar Mahkamasining “SSJI Pensiya fondining O‘zbekiston jumhuriyat bo‘limini tashkil etish to‘g‘risida” 1991-yil 14-yanvardagi 9-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yil sentyabr oyida ko‘rib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining raisi B. ALLAMURODOV
Toshkent sh.,
1993-yil 4-avgust,
391-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 4-avgustdagi 391-son qaroriga
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1. Umumiy qoidalar
1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi davlat ijtimoiy sug‘urtasi pul mablag‘larini boshqarish davlat organi hisoblanadi, mehnatkashlar, ularning oila a’zolarini sanatoriya-kurortlarda davolash, bolalarni sog‘lomlashtirish uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashiga o‘tkaziladigan mablag‘lar bundan mustasno.
Tashkiliy-huquqiy tomondan Jamg‘arma mustaqil moliya kredit tizimi hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining mablag‘lari davlat budjeti tarkibiga kirmaydi hamda musodara qilinmaydi.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta
Jamg‘armasining vazifalari va xizmatlari
Quyidagilar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Fuqarolarning davlat tomonidan belgilangan Ijtimoiy ta’minot hamda davlat ijtimoiy sug‘urta huquqlarini to‘la hajmda ro‘yobga chiqarish;
ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha pensiya va nafaqalarning kafolatlari hamda o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlovchi shart-sharoitlar yaratish;
asosiy yo‘nalishlarni shakllantirish va ijtimoiy sug‘urta mablag‘larining foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
xalqaro aloqalarni amalga oshirish, davlat ijtimoiy sug‘urtasi sohasidagi chet el tajribasini o‘rganish va undan foydalanish.
Qayd etilgan vazifalarni bajarish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi:
pensiya ta’minotiga, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha, farzand tug‘ilganda, dafn etishga beriladigan nafaqalarni to‘lashga yo‘naltiriladigan sug‘urta badallarini yig‘ish va jamlashni;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan davlat pensiyalari va nafaqalarini mablag‘ bilan ta’minlashni;
o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta’minlash prinsiplari asosida jamg‘arma mablag‘larini ko‘paytirishni;
Ijtimoiy ta’minot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat ijtimoiy sug‘urtasiga, pensiya ta’minotiga ajratiladigan sug‘urta badallari miqdorlari, shuningdek, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish to‘g‘risida takliflar ishlab chiqishni amalga oshiradi va ko‘rib chiqish uchun ularni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Jamg‘arma mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishi ustidan moliyaviy nazoratni, shuningdek, soliq organlari bilan birgalikda sug‘urta badallarining jamg‘armaga o‘z vaqtida va to‘liq tushishi ustidan nazoratni;
Jamg‘arma ishida oshkoralikni, shu jumladan, Jamg‘arma budjetining ijrosini har yili e’lon qilish yo‘li bilan moliyaviy oshkoralikni amalga oshiradi.
Jamg‘armaga sug‘urta badallari yig‘ish va uni hisobga olish, shuningdek, Jamg‘arma mablag‘larini sarflash tartibi alohida yo‘riqnoma bilan belgilanadi.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ijtimoiy
sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari
1. Jamg‘arma budjeti:
korxonalar, muassasalar, jamoa va davlat xo‘jaliklari, shirkatlar va respublika hududida joylashgan, ularning idoraviy qarashligidan, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlarning, shuningdek, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan, yakka (jamoa) ijara shartlarida shaxsiy dehqon xo‘jaligida shug‘ullanayotgan fuqarolar va ayrim fuqarolarni shartnoma asosida yollaydigan shaxslarning sug‘urta badallari;
fuqarolarning majburiy badallari va Jamg‘armaning tijorat, xo‘jalik faoliyatidan tushadigan daromadlari, shuningdek, boshqa tushumlar hisobiga shakllanadi.
2. Korxonalar, jamoa va davlat xo‘jaliklari, shirkatlar va respublika hududida joylashgan, ularning idoraviy qarashliligidan, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlar, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan ijara yoki shaxsiy dehqon xo‘jaligida shug‘ullanadigan fuqarolar, shuningdek, ayrim fuqarolarni shartnoma asosida yollaydigan shaxslar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga sug‘urta badallari yo‘naltiradilar, mehnatkashlarni, ularning oila a’zolarini sanatoriya kurortlarda davolash, bolalarni sog‘lomlashtirish uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashiga o‘tkaziladigan mablag‘lar bundan mustasno.
3. Ijtimoiy sug‘urtaga sug‘urta badallarini to‘lash, boshqa to‘lovlarni o‘tkazish, jamg‘arma mablag‘larini tegishli schyotlarga o‘tkazib qo‘yish, ularni hisoblash va ulardan foydalanish jamg‘arma boshqaruvi, Moliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Jamg‘armaning mablag‘lari quyidagi tadbirlarni mablag‘ bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi:
fuqarolarga davlat pensiyalari, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha, farzand tug‘ilganda, dafn etishga beriladigan nafaqalarni to‘lashga, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga, davlatlararo va xalqaro shartnomalarga binoan davlat ijtimoiy sug‘urtasining boshqa maqsadlariga;
jamg‘arma joriy faoliyatini, moddiy-texnika ta’minotini mablag‘ bilan ta’minlashga va boshqaruv organlarini saqlashga, Jamg‘arma mulkini yaratishga;
Jamg‘arma vazifalariga javob beruvchi respublika, mintaqaviy va maqsadli dasturlarni amalga oshirishga;
Jamg‘armaning maxsus mukofotlarini ta’sis etishga.
4. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta
jamg‘armasi budjetini ishlab chiqish, tasdiqlash va
mablag‘larni sarflash tartibi
1. Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi budjetining loyihasi Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasi tomonidan ishlab chiqiladi, Jamg‘arma boshqaruvi tomonidan tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
2. Ijtimoiy sug‘urta Jamg‘armasi hududiy bo‘linmalari va vakillik bo‘limlari budjetlari loyihalari shakllanish manbalari va xarajatlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘larining xarajatlari jamg‘arma boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi.
4. Budjetlarning tasdiqlangan ko‘rsatkichlarini bajarish Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida Jamg‘arma vakilligining tegishli bo‘linmalari, shaharlar va tumanlarda jamg‘arma vakilligining bo‘limlari tomonidan ta’minlanadi.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Jamg‘arma vakilligi bo‘linmalari mablag‘larining taqchilligi belgilangan tartibda Jamg‘arma boshqaruvining qaroriga binoan qoplanadi.
Jamg‘armaning hisobot yilida ishlatilmay qolgan mablag‘lari olib qo‘yilmaydi.
5. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy
sug‘urta jamg‘armasining boshqaruv organlari
1. Jamg‘arma boshqaruvi va uning ijro etuvchi direksiyasi Jamg‘arma boshqaruv organlari hisoblanadi. Ular Jamg‘arma vakilligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘linmalari, shaharlar va tumanlardagi vakillik bo‘limlari faoliyatiga rahbarlik qiladilar.
2. Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi o‘z faoliyatida bevosita Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi, Jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilliklar bo‘linmalari esa Jamg‘arma boshqaruviga hisob beradilar.
3. Jamg‘arma boshqaruvi tarkibiga hal qiluvchi ovoz huquqi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashidan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashidan, Ijtimoiy ta’minot vazirligidan, Moliya vazirligidan, Markaziy bankdan rais (vazir) yoki uning o‘rinbosari darajasidagi bittadan vakolatli vakil kiritiladi.
Boshqaruvga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi boshqaruvi raisi boshchilik qiladi.
4. Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi:
jamg‘arma budjetida nazarda tutilgan xarajatlarni mablag‘ bilan ta’minlash uchun to‘liq javob beradi;
jamg‘armaning istiqboldagi va joriy vazifalarini belgilaydi;
tegishli respublika organlari bilan birgalikda ijtimoiy sug‘urtaga ajratiladigan badallar miqdorlari to‘g‘risida belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish, shu jumladan, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi xodimlarini saqlash me’yorlarini va tartibini belgilaydi;
jamg‘arma mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Jamg‘arma budjeti loyihasini va xarajatlar smetasini, budjetning ijro etilishi to‘g‘risidagi hisobotni tayyorlaydi va ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
tuzilmani, xodimlar sonini va xarajatlar smetasini, shu jumladan, ijro etuvchi direksiya va Jamg‘arma bo‘linmalarining mehnat haqi fondini tasdiqlaydi;
Jamg‘arma ijro etuvchi direktorining o‘rinbosarlarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tavsiyanomasiga binoan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi bo‘linmalarining vakillarini tayinlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida Jamg‘arma faoliyati masalalari bo‘yicha zarur nizomlar va yo‘riqnomalarni tasdiqlaydi;
davlat va jamoat tashkilotlari bilan, shuningdek, chet el va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda jamg‘arma nomidan vakillik qiladi;
nazorat-iqtisodiy ishlarni (jarima, penya) amalga oshirishdan olingan mablag‘lar hisobiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi xodimlarining ijtimoiy-madaniy-maishiy fondini tashkil etadi.
5. Jamg‘arma boshqaruvining ijro etish – boshqarish va nazorat vazifalarini hamda tezkor rahbarlikni ta’minlash uchun Jamg‘arma boshqaruvi qarori bilan jamg‘armaning doimiy ishlovchi direksiyasi tuziladi.
6. Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi boshqaruvi yig‘ilishi bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi. U boshqaruv a’zolarining uchdan ikki qismi qatnashganda qaror qabul qilishga haqlidir. Qarorlar qatnashayotgan boshqaruv a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
7. Korxonalar, jamoa va davlat xo‘jaliklari, shirkatlar, idoraviy qarashliligidan, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlar, shuningdek, fuqarolarni shartnoma asosida yollaydigan, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan, shu jumladan, yakka (jamoa) ijara shartlarida yoki shaxsiy dehqon xo‘jaligida shug‘ullanayotgan shaxslar jamg‘arma vakillariga jamg‘armaning faoliyatiga taalluqli hujjatlarni va ma’lumotlarni taqdim etishga majburdirlar.
6. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy
sug‘urta jamg‘armasining huquqiy mavqeyi
1. Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
2. Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi, vakillikning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘linmalari yuridik shaxs hisoblanadilar, o‘z muhriga ega bo‘ladilar.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi Toshkent shahrida joylashgan.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 1993-y., 8-son, 30-modda; 1996-y., 12-son, 37-modda)