Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 28-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 8-avgustda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga zoʻravonlikni hamda radikal qarashlarni targʻib qilishga qarshi kurashish jarayonlarini milliy oʻzlikni, madaniy-maʼrifiy va oilaviy qadriyatlarni asrash hamda Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini muhofaza qilish maqsadida takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, jamoat xavfsizligiga va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallar bilan bogʻliq qonunga xilof harakatlar uchun javobgarlik choralari takomillashtirilmoqda.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashga, ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga hamda mazkur sohadagi xalqaro normalar va standartlarning milliy qonunchilikka joriy etilishiga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 1, 3-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 314-modda, № 12, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 12, 656-modda; 2007-yil, № 4, 158, 166-moddalar, № 6, 248-modda, № 9, 416, 422-moddalar, № 12, 607-modda; 2008-yil, № 4, 187, 188, 189-moddalar, № 7, 352-modda, № 9, 485, 487, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 128-modda, № 9, 329, 334, 335, 337-moddalar, № 12, 470-modda; 2010-yil, № 5, 176, 179-moddalar, № 9, 341-modda, № 12, 471, 477-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 506, 510-moddalar; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 218, 224-moddalar, № 7, 430-modda, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 3, 161-modda, № 5, 259, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 471-modda, № 9, 592-modda, № 11, 787-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 204-modda, № 7, 449-modda, № 10, 593-modda, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 14-moddalar, № 2, 142, 144-moddalar, № 3, 217-modda, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 966, 968, 973-moddalar, № 12, 1193-modda; 2022-yil, № 2, 81-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 466-moddalar, № 6, 575-modda, № 10, 981-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 187, 188-moddalar, № 4, 265-modda, № 5, 319-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 1, 8-modda, № 2, 111-modda, № 3, 245-modda, № 8, 818-modda, № 9, 954, 964-moddalar, № 10, 1070, 1071, 1073, 1077, 1079, 1083-moddalar, № 11, 1186-modda, № 12, 1280, 1287-moddalar; 2025-yil, № 2, 196-modda, № 3, 376, 377-moddalar, № 5, 643, 647-moddalar, № 8, 968-modda, № 9, 1084-modda, № 10, 1156-modda, № 11, 1236-modda; 2026-yil, № 1, 5-modda, № 3, 249, 250, 253-moddalar) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
birinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, qirgʻin solishga yoki fuqarolarni zoʻrlik bilan koʻchirib yuborishga daʼvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash, shunday qilmishlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa”;
ikkinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, qirgʻin solishga yoki fuqarolarni zoʻrlik bilan koʻchirib yuborishga daʼvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni saqlashda, tarqatishda yoki namoyish etishda ishtirok etgan shaxs, agar u hokimiyat organlariga oʻz vaqtida xabar berish yoki boshqa usul bilan ogʻir oqibatlar yuzaga kelishining oldini olishga faol koʻmaklashgan boʻlsa, basharti bu shaxsning harakatlarida boshqa jinoyatning tarkibi boʻlmasa, javobgarlikdan ozod etiladi”;
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2442-modda. Ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etish, ularni tuzish, ularga rahbarlik qilish”;
quyidagi mazmundagi birinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etish, —
besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”;
birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlari tegishincha ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin;
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish, —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”;
uchinchi qismining dispozitsiyasidagi “Oʻsha harakatlar” degan soʻzlar “Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi qismidagi “birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyat” degan soʻzlar “birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 246-modda birinchi qismining dispozitsiyasidagi “diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni” degan soʻzlar “ekstremizmni, separatizmni, aqidaparastlikni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 188, 189-moddalar, № 4, 265, 266, 268-moddalar, № 5, 319, 320-moddalar, № 7, 533, 534, 535, 537, 539-moddalar, № 8, 634-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921, 923, 924-moddalar, № 12, 1004-modda; 2024-yil, № 1, 5, 7, 8, 9-moddalar, № 2, 102, 111, 115, 116-moddalar, № 3, 243, 245-moddalar, № 6, 530, 532-moddalar, № 7, 629-modda, № 8, 826, 829, 831-moddalar, № 9, 954, 964, 965-moddalar, № 10, 1070, 1071, 1073, 1077, 1078, 1083, 1084-moddalar, № 11, 1187, 1188, 1189-moddalar, № 12, 1279, 1280, 1282, 1286, 1287-moddalar; 2025-yil, № 1, 5, 8-moddalar, № 2, 187, 188, 196, 198, 201-moddalar, № 3, 368, 376-moddalar, № 4, 517, 521-moddalar, № 5, 643, 644-moddalar, № 6, 729-modda, № 7, 828, 829, 832-moddalar, № 8, 968, 971-moddalar, № 11, 1233, 1236, 1237-moddalar, № 12, 1322, 1327, 1328, 1329-moddalar; 2026-yil, № 1, 2, 6-moddalar, № 2, 131, 133-moddalar, № 3, 249, 250, 253-moddalar) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 291-moddaning ikkinchi qismi “1843” raqamidan keyin “1845” raqami bilan toʻldirilsin;
2) quyidagi mazmundagi 1845-modda bilan toʻldirilsin:
“1845-modda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash
Ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, qirgʻin solishga yoki fuqarolarni zoʻrlik bilan koʻchirib yuborishga daʼvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash, —
huquqbuzarlik ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi”;
3) 245-moddaning birinchi qismi “1844” raqamidan keyin “1845” raqami bilan toʻldirilsin;
1-bandi “1844” raqamidan keyin “1845” raqami bilan toʻldirilsin;
2-bandi “1843” raqamidan keyin “1845” raqami bilan toʻldirilsin;
6-bandi “1843” raqamidan keyin “1845” raqami bilan toʻldirilsin;
5) 288-moddaning uchinchi qismi “1843” raqamidan keyin “1845” raqami bilan toʻldirilsin;
6) 305-moddaning uchinchi qismi “1843” raqamidan keyin “1845” raqami bilan toʻldirilsin;
7) 3461-moddaning ikkinchi xatboshisi “1843” raqamidan keyin “1845” raqami bilan toʻldirilsin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi 439-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 1, 2-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 12, 452-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) 15-moddasining oltinchi xatboshisidagi “diniy ekstremizm” degan soʻzlar “ekstremizm” degan soʻz bilan almashtirilsin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi 560-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 1-2, 10-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 9, 244-modda; 2021-yil, № 3, 217-modda, 4-songa ilova; 2024-yil, № 9, 960-modda; 2026-yil, № 1, 6-modda) 121-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisidagi “diniy ekstremizm” degan soʻzlar “ekstremizm” degan soʻz bilan almashtirilsin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-mayda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-371-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 5, 129-modda; 2015-yil, № 8, 310-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 589, 591-moddalar, № 10, 674-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 11, 1061-modda; 2022-yil, № 1, 5-modda, № 5, 466-modda; 2023-yil, № 4, 265-modda; 2025-yil, № 12, 1329-modda; 2026-yil, № 1, 5-modda) 10-moddasi birinchi qismining sakkizinchi xatboshisidagi “diniy-ekstremistik” degan soʻzlar “ekstremistik” degan soʻz bilan almashtirilsin.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-406-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 271-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 7, 431-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 1, 5-modda; 2024-yil, № 9, 964-modda; 2025-yil, № 12, 1329-modda) 5-moddasining sakkizinchi xatboshisidagi “diniy ekstremizm” degan soʻzlar “ekstremizm” degan soʻz bilan almashtirilsin.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 30-iyulda qabul qilingan “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-489-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 434-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2023-yil, № 11, 923-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ekstremizm (ekstremistik faoliyat) — quyidagilar bilan bogʻliq faoliyat:
Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini zoʻrlik bilan oʻzgartirish, hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzish, qonuniy ravishda saylab qoʻyilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan zoʻrlik ishlatib chetlatish, shunday harakatlarni rejalashtirish, tayyorlash, ragʻbatlantirish yoki ularni amalga oshirishga oshkora daʼvat qilish;
hokimiyat vakolatlarini egallash yoki oʻzlashtirish, shunday harakatlarni rejalashtirish, tayyorlash, ragʻbatlantirish yoki ularni amalga oshirishga oshkora daʼvat qilish;
qonunga xilof qurolli tuzilmalarni tuzish yoki ularda ishtirok etish, shunday harakatlarni rejalashtirish, tayyorlash, ragʻbatlantirish yoki ularni amalga oshirishga oshkora daʼvat qilish;
terrorchilik faoliyatini amalga oshirishga oshkora daʼvat qilish;
zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatishga oshkora daʼvat qilish bilan bogʻliq holda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatish;
jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, shuningdek ekstremistik tashkilotlarning atributlarini yoki ramziy belgilarini tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
biror-bir ijtimoiy guruhga nisbatan siyosiy, mafkuraviy, irqiy, milliy, etnik yoki diniy adovat yoxud dushmanlik sababli ommaviy tartibsizliklarni amalga oshirish, shunday harakatlarni ragʻbatlantirish yoki ularni amalga oshirishga oshkora daʼvat qilish;
adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, fuqarolarning ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targʻib qilish;
ekstremizmni moliyalashtirish — ekstremistik faoliyatning mavjud boʻlishini va faoliyat koʻrsatishini, shaxslarning ekstremistik faoliyatda ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishini yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishini taʼminlashga, ekstremistik tashkilotlarga yoxud ekstremistik faoliyatga koʻmaklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablagʻlarni, resurslarni berishga yoxud yigʻishga, boshqa xizmatlar koʻrsatishga qaratilgan faoliyat;
ekstremizmga oid jinoyatlar — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasida, 159-moddasida, 244-moddasi birinchi, ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida, 2441 va 2442-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar (ekstremistik faoliyatga taalluqli qismida);
ekstremistik guruh — oldindan til biriktirib ekstremistik faoliyatni amalga oshirayotgan yoki uni sodir etishga suiqasd qilayotgan ikki yoki undan ortiq shaxs;
ekstremistik material — ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga oshkora daʼvat qiladigan yoxud shunday faoliyatni amalga oshirish zarurligini asoslab beradigan yoki oshkora oqlaydigan, tarqatish uchun moʻljallangan hujjat yoki har qanday vositadagi boshqa axborot;
ekstremistik tashkilot — ekstremistik faoliyatni amalga oshirganligi tufayli oʻziga nisbatan faoliyatini tugatish yoki taqiqlash toʻgʻrisida sudning qonunda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha qonuniy kuchga kirgan qarori qabul qilingan tashkilot yoxud norasmiy tuzilma”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlarning ustuvorligi”;
toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari tegishincha beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
3) 5-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, shuningdek uning yuzaga kelishiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha dasturlarni qabul qilish hamda ularning ijrosini taʼminlash;
ekstremistik faoliyatni oʻz vaqtida aniqlash va unga chek qoʻyish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek javobgarlikning muqarrarligi prinsipini taʼminlash;
ekstremizmga oid xavf-xatarlar va tahdidlarni doimiy ravishda monitoring qilish hamda baholash;
ekstremizmga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish”;
4) quyidagi mazmundagi 51, 52 va 53-moddalar bilan toʻldirilsin:
“51-modda. Ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha dasturlarni qabul qilish hamda ularning ijrosini taʼminlash
Ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini samarali tashkil etish va amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi hamda mazkur dastur Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha dasturda quyidagilar nazarda tutiladi:
ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashishning, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida ekstremizmga qarshi kurashishning samarali tizimini joriy etish;
yoshlarni turli milliy madaniyatlarga va dinlarga nisbatan bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash;
ijtimoiy, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlashga doir ishlarni tashkil etish;
ekstremizmning yangi koʻrinishlari kirib kelishining oldini olish va xavflarini bartaraf etish;
aholi orasida ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish;
jamiyatda ekstremistik faoliyatning yoki ekstremistik mafkuraning, millatlararo, konfessiyalararo, dinlararo va boshqa ixtiloflarning, adovatning qoʻllab-quvvatlanishiga yoxud targʻib qilinishiga nisbatan murosasizlik muhitini yaratish.
Ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha boshqa dasturlar ham qabul qilinishi mumkin.
52-modda. Ekstremistik tashkilotlarning, materiallarning (manbalarning) elektron reyestri
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Ekstremistik tashkilotlarning, materiallarning (manbalarning) elektron reyestri (bundan buyon matnda Elektron reyestr deb yuritiladi) yuritiladi. Elektron reyestr Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va hamma tanishib chiqishi uchun ochiq hisoblanadi.
Elektron reyestrga quyidagilar kiritiladi:
ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan faoliyati toʻxtatib turilgan tashkilotlar;
ekstremistik tashkilot deb topilgan tashkilotlar;
ekstremistik material deb topilgan materiallar;
telekommunikatsiyalar tarmoqlaridagi yoki Internet jahon axborot tarmogʻidagi tizimli ravishda (bir yil mobaynida ikki va undan ortiq marotaba) ekstremistik materiallar joylashtirilgan va tarqatilgan elektron manbalar.
Tashkilotni yoki materiallarni (manbalarni) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida mazkur tashkilot yoki materiallar (manbalar) haqidagi maʼlumotlar Elektron reyestrga kiritiladi.
Elektron reyestr yangi maʼlumotlar bilan toʻldirilgan, shuningdek Elektron reyestrdagi mavjud maʼlumotlarga oʻzgartirish kiritilgan kundan eʼtiboran bir kun ichida bu haqda ommaviy axborot vositalarida va Internet jahon axborot tarmogʻida eʼlon qilinadi.
Tashkilotni yoki materiallarni (manbalarni) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi qarorning bekor qilinishi tashkilotni yoki materiallarni (manbalarni) Elektron reyestrdan chiqarish uchun asos boʻladi.
53-modda. Ekstremizmga oid xavf-xatarlar va tahdidlarni monitoring qilish hamda baholash
Ekstremizmga oid xavf-xatarlar va tahdidlarni monitoring qilish ekstremizm koʻrinishlarining paydo boʻlishi uchun shart-sharoit yaratuvchi jarayonlarning rivojlanishi toʻgʻrisidagi axborotni toʻplash, tahlil qilish va baholash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Ekstremizmga oid xavf-xatarlar va tahdidlarni monitoring qilish ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari, shuningdek qonunchilik bilan vakolat berilgan boshqa organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Ekstremistik materiallarni (manbalarni) aniqlash, ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga daʼvat qilish yoki qoʻllab-quvvatlash holatlarini aniqlash maqsadida ommaviy axborot vositalariga, telekommunikatsiya tarmoqlariga va Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtiriladigan axborot belgilangan tartibda monitoring qilinadi.
Ekstremizmga oid xavf-xatarlar va tahdidlarni monitoring qilish natijalari ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining faoliyatida hamda ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqishda inobatga olinadi”;
5) 7-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
ekstremistik faoliyatga oid holatlar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirish va ularning himoya qilinishini taʼminlash”;
uchinchi — sakkizinchi xatboshilari tegishincha beshinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;
oʻninchi xatboshisidagi “tashkilotni” degan soʻz “tashkilotni (norasmiy tuzilmani)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ekstremizmga oid jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan muayyan cheklovlar joriy etish”;
6) 8-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida va Internet jahon axborot tarmogʻida olib boriladigan ekstremistik mafkura targʻibotiga qarshi kurashish”;
toʻrtinchi — yettinchi xatboshilari tegishincha beshinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
7) quyidagi mazmundagi 81 va 82-moddalar bilan toʻldirilsin:
“81-modda. Ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga koʻmaklashadi.
Ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari ilmiy tashkilotlarga va oliy taʼlim tashkilotlariga ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar doirasida zarur statistika maʼlumotlarini hamda boshqa maʼlumotlarni taqdim etadi, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi, fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga, huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid soluvchi maʼlumotlar mustasno.
Ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy qilish borasida ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
82-modda. Ekstremistik faoliyatga oid holatlar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirish va ularning himoya qilinishini taʼminlash
Ekstremistik faoliyatga oid holatlar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslar davlat tomonidan himoya qilinadi.
Ekstremistik faoliyatga oid holatlar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslar, shuningdek ularning oila aʼzolari “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan xavfsizlik choralaridan foydalanishga haqli.
Ekstremistik faoliyatga oid holatlar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha hududiy komissiyalar tomonidan ragʻbatlantirilishi mumkin.
Ekstremistik faoliyatga oid holatlar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
8) 10-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yuridik shaxs tomonidan uning faoliyatida ekstremizm belgilari mavjudligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi qonun buzilishi sodir etilgan taqdirda, prokuror yoki ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organining boshqa mansabdor shaxsi mazkur yuridik shaxsning mansabdor shaxsiga koʻrsatib oʻtilgan qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi va ularni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi. Taqdimnoma darhol koʻrib chiqilishi va tegishincha taqdimnoma kiritgan prokuror yoki ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinishi lozim. Taqdimnoma kollegial organ tomonidan koʻrib chiqiladigan hollarda, taqdimnoma koʻrib chiqiladigan kun haqida tegishincha prokurorga yoki ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organiga xabar beriladi va ular taqdimnomani koʻrib chiqishda ishtirok etishga haqlidir. Agar ushbu qonunbuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, shuningdek taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran bir yil ichida ekstremizm belgilari mavjudligi haqida dalolat beruvchi yangi faktlar aniqlansa, prokurorning yoki ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi boshqa mansabdor shaxsining taqdimnomasiga asosan yuridik shaxsning faoliyati olti oygacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turiladi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori bilan taqiqlanadi”;
quyidagi mazmundagi uchinchi — toʻqqizinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Ekstremistik materiallar qonunchilikda taqiqlanmagan usullar orqali, shu jumladan quyidagilar orqali aniqlanadi:
ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari yoxud qonunchilik bilan tegishli sohada tekshirish va (yoki) nazorat qilish vazifalari oʻz zimmasiga yuklatilgan davlat organlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar va oʻrganishlar;
ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari, shuningdek qonunchilik bilan vakolat berilgan boshqa organlar tomonidan oʻtkazilgan ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifalari yoxud boshqa axborot resurslarining monitoringi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻrganish;
ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarni oʻrganish.
Materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi iltimosnoma ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etiladi.
Iltimosnomaga materialda (manbada) ekstremistik material mavjud ekanligini tasdiqlovchi ekspertiza xulosasi ilova qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi hujjatlarning asosliligini tekshiradi, unga rozi boʻlgan taqdirda, materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi ariza Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan materialni (manbani) ekstremistik deb topish ushbu Qonunning 41-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Sudning materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Ekstremistik deb topilgan material (manba) ushbu Qonunning 52-moddasida belgilangan tartibda Elektron reyestrga kiritiladi”;
uchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishincha oʻninchi va oʻn birinchi qismlar deb hisoblansin;
oʻninchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ekstremistik materiallar, ekstremistik tashkilotlarning atributlari va ramziy belgilari belgilangan tartibda yoʻq qilinishi yoki olib tashlanishi kerak. Ommaviy axborot vositalarida yoxud telekommunikatsiyalar tarmoqlaridagi yoki Internet jahon axborot tarmogʻidagi manbalarda joylashtirilgan ekstremistik materiallarni, ekstremistik tashkilotlarning atributlarini va ramziy belgilarini yoʻq qilish yoki olib tashlash imkoni boʻlmaganda ulardan foydalanish cheklanadi, shuningdek bunday manbalarni qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi”;
10) 13 va 14-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13-modda. Yuridik shaxsning faoliyatini toʻxtatib turish
Yuridik shaxs ekstremistik faoliyatga aloqador boʻlgan taqdirda, shu jumladan ekstremizmni moliyalashtirishda ishtirok etganda uning faoliyati ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organining arizasiga koʻra sudning qarori bilan bir yilgacha muddatga toʻxtatib turiladi.
Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnoma ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etiladi.
Iltimosnomaga yuridik shaxsning faoliyati ekstremistik faoliyatga aloqadorligini tasdiqlovchi ekspertiza xulosasi ilova qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi hujjatlarning asosliligini tekshiradi, unga rozi boʻlgan taqdirda, yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi ariza Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kiritiladi.
Sud tomonidan yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish ushbu Qonunning 41-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Sudning yuridik shaxs faoliyatini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Siyosiy partiyalar faoliyatini toʻxtatib turish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan faoliyati toʻxtatib turilgan yuridik shaxslar ushbu Qonunning 52-moddasida belgilangan tartibda Elektron reyestrga kiritiladi.
14-modda. Tashkilotni (norasmiy tuzilmani) ekstremistik tashkilot deb topish
Oʻzbekiston Respublikasida tashkilotni (norasmiy tuzilmani) ekstremistik tashkilot deb topish sud tartibida amalga oshiriladi.
Tashkilot (norasmiy tuzilma), agar uning tarkibiy tuzilmalaridan hech boʻlmasa bittasi (boʻlinmasi, filiali va vakolatxonasi) ekstremistik faoliyatni amalga oshirayotgan boʻlsa, ekstremistik tashkilot deb topiladi.
Tashkilotni (norasmiy tuzilmani) ekstremistik tashkilot deb topish toʻgʻrisidagi iltimosnoma ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etiladi.
Iltimosnomaga tashkilot (norasmiy tuzilma) ekstremistik faoliyatni amalga oshirayotganligini tasdiqlovchi ekspertiza xulosasi ilova qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashkilotni (norasmiy tuzilmani) ekstremistik tashkilot deb topish toʻgʻrisidagi hujjatlarning asosliligini tekshiradi, unga rozi boʻlgan taqdirda, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) ekstremistik tashkilot deb topish toʻgʻrisidagi ariza Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan tashkilotni (norasmiy tuzilmani) ekstremistik tashkilot deb topish va Oʻzbekiston Respublikasi hududida uning faoliyatini taqiqlash ushbu Qonunning 41-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ekstremistik tashkilot deb topilgan tashkilotlar (norasmiy tuzilmalar) ushbu Qonunning 52-moddasida belgilangan tartibda Elektron reyestrga kiritiladi”;
11) 2-bob quyidagi mazmundagi 141-modda bilan toʻldirilsin:
“141-modda. Ekstremizmga oid jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan muayyan cheklovlar joriy etish
Ekstremizmga oid jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar maʼrifiy faoliyat, psixologik yordam koʻrsatish faoliyati, jurnalistlik faoliyati bilan shugʻullana olmaydi, ommaviy axborot vositasining muassisi boʻla olmaydi, shuningdek ularga ommaviy tadbirni oʻtkazish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlar shaxsning sodir etgan ekstremizmga oid jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanishiga yoki sudlanganligi olib tashlanishiga qadar amalda boʻladi.
Ekstremizmga oid jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilishi cheklovlarning muddatidan oldin bekor qilinishi uchun asos boʻladi”;
12) 15-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi”;
13) 16-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davlat organlari, boshqa tashkilotlar, shu jumladan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlariga ekstremizmning oldini olishga va unga qarshi kurashishga doir vazifalarni bajarishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashishi shart”;
14) 4-bob quyidagi mazmundagi 191-modda bilan toʻldirilsin:
“191-modda. Ekstremizmga oid jinoyatlar sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish
Ekstremizmga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ijtimoiy moslashtirish choralari qoʻllaniladi.
Ekstremizmga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularning taʼlim olishiga, kasb-hunar oʻrganishiga va ishga joylashishiga koʻmaklashish vositasida jamiyatning toʻla huquqli aʼzosiga aylanishiga qaratilgan faoliyat ijtimoiy moslashtirish choralaridir.
Ijtimoiy moslashtirish jazoni oʻtash davridagi va jazo oʻtab boʻlinganidan keyingi choralarni qamrab oladi.
Ekstremizmga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxs jazoni oʻtayotganda individual ijtimoiy-psixologik moslashtirish dasturlari orqali uni ekstremistik qarashlardan qaytarish jazoni oʻtash davridagi ijtimoiy moslashtirish hisoblanadi.
Jazoni oʻtab boʻlinganidan keyingi ijtimoiy moslashtirish ekstremizmga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish markazlari tomonidan individual dastur asosida koʻpi bilan bir yil davomida amalga oshiriladi.
Ekstremizmga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
15) quyidagi mazmundagi 41-bob bilan toʻldirilsin:
“41-bob. Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) yoki materialni (manbani) ekstremistik deb topish tartibi
192-modda. Ariza berish
Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) ekstremistik tashkilot deb topish yoki materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi ariza Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.
Arizada qaysi tashkilotning (norasmiy tuzilmaning) yoki materialning (manbaning) ekstremistik deb topilishi kerakligi, oʻsha tashkilotning (norasmiy tuzilmaning) faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻxtatib turilishi yoki taqiqlanishi koʻrsatilgan boʻlishi, tashkilot (norasmiy tuzilma) ekstremistik faoliyatni amalga oshirayotganligini, materialda (manbada) ekstremistik material mavjudligini tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlishi kerak.
Arizaga yuridik shaxs faoliyatining ekstremistik faoliyatga aloqadorligini, ekstremistik faoliyat amalga oshirilganligini yoki ekstremistik material mavjudligini tasdiqlovchi ekspertiza xulosasi ilova qilinadi.
193-modda. Ishni sud muhokamasiga tayyorlash
Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) yoki materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi ariza va unga ilova qilingan materiallar kelib tushganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi ishni sudda koʻrish uchun tayinlash toʻgʻrisida oʻn kun muddatda ajrim chiqaradi.
Ish koʻrib chiqiladigan kun toʻgʻrisida tashkilotning (norasmiy tuzilmaning) vakili, materialning (manbaning) egasi (agar ular maʼlum boʻlsa), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari xabardor qilinadi.
194-modda. Ishni koʻrib chiqish
Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) yoki materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi ish sud majlisida tegishincha tashkilotning (norasmiy tuzilmaning) vakili, materialning (manbaning) egasi hamda uning vakili (agar ular maʼlum boʻlsa), shuningdek prokuror ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Tegishli tarzda xabardor qilingan tashkilot (norasmiy tuzilma) vakilining yoki material (manba) egasining hamda uning vakilining sud majlisida hozir boʻlmaganligi ishni koʻrib chiqishga monelik qilmaydi.
195-modda. Sud qarori
Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) yoki materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha sud qaror chiqaradi.
Sud arizani qanoatlantirgan taqdirda, sudning bu qarori tegishincha yuridik shaxsning faoliyatini toʻxtatib turish, ekstremistik tashkilotni (norasmiy tuzilmani) tugatish va uning faoliyatini taqiqlash, ekstremistik materiallarni (manbalarni), ekstremistik tashkilotlarning atributlarini va ramziy belgilarini belgilangan tartibda yoʻq qilish yoki olib tashlash yoxud ulardan foydalanishni cheklash uchun asos boʻladi.
Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) yoki materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi sudning qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:
yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) yoki materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan vaqt va joy haqidagi maʼlumotlar, qarorni qabul qilgan sudning nomi, sudyaning, taraflarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
tashkilotning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), tashkilotning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami, materialning (manbaning) nomlanishi yoki sarlavhasi (agar mavjud boʻlsa), uning tavsifi va xususiyatlariga oid maʼlumotlar;
tegishli qarorni qabul qilish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar.
Sudning qarori oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro etiladi.
Sudya taraflarga qaror ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatini tushuntiradi.
Sud qarorining koʻchirma nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga uning ijrosini tashkil etish uchun, shuningdek tegishincha tashkilotning vakiliga yoki materialning (manbaning) egasiga darhol topshiriladi.
Agar taraflar sud majlisiga kelmagan boʻlsa, sud qarorining koʻchirma nusxasi ularga bir sutka ichida pochta orqali yuboriladi.
196-modda. Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) yoki materialni (manbani) ekstremistik deb topishga oid sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish (protest keltirish)
Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) yoki materialni (manbani) ekstremistik deb topish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud hujjatlari ustidan taraflar, ularning advokati tomonidan yetmish ikki soat ichida kassatsiya tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hayʼatiga shikoyat qilinishi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan protest keltirilishi mumkin.
Yuridik shaxsning faoliyatini ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan toʻxtatib turish, tashkilotni (norasmiy tuzilmani) ekstremistik tashkilot yoki materialni (manbani) ekstremistik material (manba) deb topish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinishi uning ijro etilishini toʻxtatib turmaydi”.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi OʻRQ-637-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 9, 538-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 101-modda, № 9, 958, 964-moddalar, № 11, 1188-modda; 2025-yil, № 2, 188-modda, № 10, 1155-modda, № 12, 1329-modda) 141-moddasining uchinchi qismi “Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlarni” degan soʻzlardan keyin “ekstremizmga oid jinoyatlarni” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 20-oktabrda qabul qilingan “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-642-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 10, 595-modda; 2021-yil, № 4, 287-modda, 4-songa ilova; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 464-modda, № 6, 570-modda, 10-songa ilova; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 8, 818-modda, № 9, 958, 968-moddalar, № 10, 1079-modda; 2025-yil, № 2, 188-modda, № 5, 648-modda, № 11, 1233-modda, № 12, 1328, 1329-moddalar; 2026-yil, № 2, 132-modda) 104-moddasi toʻrtinchi qismining beshinchi xatboshisidagi “diniy” degan soʻz chiqarib tashlansin.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-noyabrda qabul qilingan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-731-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 11, 1063-modda; 2025-yil, № 11, 1231-modda) 8-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisidagi “diniy” degan soʻz chiqarib tashlansin.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 5-noyabrda qabul qilingan “Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-989-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 11, 1187-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega emas”;
ikkinchi — oltinchi qismlari tegishincha uchinchi — yettinchi qismlar deb hisoblansin;
2) 22-moddaning uchinchi xatboshisidagi “13-moddasining beshinchi qismida” degan soʻzlar “13-moddasining oltinchi qismida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 7-moddasi 7-bandining oʻn birinchi xatboshisida nazarda tutilgan ekstremistik faoliyatga oid holatlar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibini mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida belgilasin;
ushbu Qonun 7-moddasi 14-bandining sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan ekstremizmga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish tartibini mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida belgilasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
13-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 2-noyabr,
OʻRQ-1185-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 03/26/1185/1094-son)