|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.06.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻriqlanadigan geodeziya zonalari va geodeziya punktlarini qoʻriqlash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyundagi 395-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida geodeziya va kartografiya sohasini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Geodeziya va kartografiya toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida geodeziya punktlarining saqlanishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida Qoʻriqlanadigan geodeziya zonalari va geodeziya punktlarini qoʻriqlash toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Industriyani rivojlantirish kompleksi Kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
16-fevral 1998-y.,
69-son
Oʻzbekiston Respublikasi hududida Qoʻriqlanadigan geodeziya zonalari va geodeziya punktlarini qoʻriqlash toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom “Geodeziya va kartografiya toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida geodeziya punktlari qoʻriqlanishini taʼminlash tartibini belgilaydi.
2. Geodeziya punkti maxsus markaz, sirtqi belgi va geodeziya punktining chegarasi hisoblanadigan zovur yoki tuproq devor koʻrinishidagi tashqi shakldan iborat boʻladi.
Geodeziya punktining tashqi shakli mavjud boʻlmagan taqdirda sirtqi belgining asosi uning chegarasi hisoblanadi.
Sirtqi belgilarga ega boʻlmagan, maxsus markazlari esa imoratlar va boshqa inshootlarning devorlariga joylashtirilgan geodeziya punktlari uchun punktlarning chegaralari va Qoʻriqlanadigan zonalari belgilanmaydi.
3. Geodeziya punkti joylashgan yer uchastkasi va tashqi tomondan punkt chegarasiga tutashib ketuvchi 1 metr kenglikdagi yer geodeziya punktining Qoʻriqlanadigan zonasi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Geodeziya punktining Qoʻriqlanadigan zonasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining ruxsatisiz sirtqi belgining shikastlanishi va yoʻq qilinishiga, maxsus markaz joylashgan joyning oʻzgarmasligi buzilishiga olib kelishi yoki geodeziya punktidan uning bevosita vazifasiga koʻra foydalanishda va unga erkin borishda qiyinchilik tugʻdirishi mumkin boʻlgan faoliyat turlarini amalga oshirish va ishlarni bajarish taqiqlanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-fevraldagi 66-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 7-son, 59-modda)
5. Geodeziya punktlari qoʻriqlanishini taʼminlash zarur boʻlgan hollarda fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda servitut* oʻrnatiladi.
* servitut — oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan foydalanish huquqi.
6. Oʻz ishida geodeziya punktlaridan foydalanuvchi tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Geodeziya nazorati davlat inspeksiyasiga ushbu punktlarning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadilar.
7. Geodeziya punktlari saqlanishi ustidan kuzatishni tashkil etish ular oʻrnatilgan hududlardagi tumanlar, shaharlar hokimliklariga yuklanadi. Geodeziya punktlarining shikastlanishi yoki yoʻq qilinishi, shuningdek ular tayyorlangan materiallarning oʻgʻirlanishi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq aybdor shaxslarning javobgarligiga olib keladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Geodeziya punktlarini muntazam ravishda tekshirib turish va tiklash Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-fevraldagi 66-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 7-son, 59-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi hududida geodeziya punktlarini hisobga olish Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-fevraldagi 66-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 7-son, 59-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 1998-y., 2-son, 7-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 7-son, 59-modda)