Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishini taʼminlashga qaratilgan yangi ijtimoiy xizmatlarni joriy etish, ularni parvarish qilish bilan band boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda jismoniy-aqliy rivojlanishida nuqsonlari bilan tugʻilgan bolalar bilan ishlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:
(a) jismoniy-aqliy rivojlanishida nuqsonlar aniqlangan bolalarni parvarish qilayotgan oilalarga erta aralashuv orqali ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish;
(b) ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarning erkinligini eng kam cheklovchi va ularni oila muhitiga yaqin sharoitda jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan kompleks ijtimoiy xizmatlarni joriy etish;
(v) ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish jarayonlariga nodavlat sektorni keng jalb qilish.
II. Yangi ijtimoiy xizmatlarni joriy etish
2. Bolalarning jismoniy-aqliy rivojlanishida kuzatiladigan nuqsonlarni erta aniqlash va oʻz vaqtida kompleks ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, ularda nogironlikning oldini olish hamda nogironligi boʻlgan bolalarning muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvini taʼminlash maqsadida 2026-yil 1-iyunga qadar bosqichma-bosqich “Erta aralashuv” xizmati yoʻlga qoʻyilsin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) “Erta aralashuv” xizmati doirasida:
(i) erta aralashuv rejasiga muvofiq nogironlik belgilangan yoki jismoniy-aqliy rivojlanishida nuqsonlari mavjud uch yoshgacha boʻlgan bolalarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritiladigan maxsus elektron reyestrga kiritilgan nodavlat tashkilotlar tomonidan xizmat koʻrsatiladi;
(ii) bolalarga maxsus pedagoglar tomonidan korreksion (rivojlantiruvchi) pedagogik yordam koʻrsatiladi hamda davolovchi jismoniy tarbiya yoʻriqchilari tomonidan kompleks rivojlantiruvchi reabilitatsion mashgʻulotlar oʻtkaziladi;
(b) nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlar bilan tugʻilgan bolalarni qoʻshimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
4. Quyidagilar:
(a) Birlashgan Millatlar Tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — BMT) Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasiga muvofiq internat shaklida xizmat koʻrsatish nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan kamsituvchi amaliyot ekanligi;
(b) BMT Nogironlar huquqlari boʻyicha qoʻmitasining Noinstitutsionallashtirish boʻyicha ustuvor tamoyillarida internat shaklida xizmat koʻrsatishning barcha shakllarini bekor qilish, ushbu shaklda xizmat koʻrsatish nogironligi boʻlgan shaxslarning mustaqil yashash va jamiyatga qoʻshilish huquqiga zid ekanligi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Agentlikning moʻtadil, ogʻir va chuqur darajadagi aqliy zaiflik yoki demensiya tashxisi qoʻyilgan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun oilaviy muhitga yaqin shakldagi quyidagi yangi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
(a) 2026-yil 1-iyunga qadar “Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
(b) 2026-yil 1-sentabrga qadar uy sharoitida qarab turish xizmati. Bunda uy sharoitida qarab turish xizmati, istisno tariqasida, roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan kasalliklarga chalingan uzoq muddatli parvarishga muhtoj bolalarga ham koʻrsatiladi;
(v) 2026-yil 1-oktabrga qadar kichik hajmli “Madad” uyi xizmati;
(g) 2026-yil 1-noyabrga qadar “Ijtimoiy taʼtil” qisqa muddatli joylashtirish xizmati. Bunda ushbu xizmat:
(i) kichik hajmli “Madad” uylarida tashkil qilinadi;
(ii) Ijtimoiy reyestrga kiritilgan ruhiy holati buzilgan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga ularning qonuniy vakili bilan imzolanadigan shartnomaga muvofiq bir yilda bir marotaba shartnomada belgilangan muddatda, biroq koʻpi bilan ikki hafta davomida koʻrsatiladi.
6. Belgilansinki, mazkur Farmonning 2 va 5-bandlarida nazarda tutilgan yangi ijtimoiy xizmatlar bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladigan hududlar Agentlik tomonidan belgilanadi.
7. Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 15-mayga qadar mazkur Farmonning 5-bandiga muvofiq joriy etiladigan yangi ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori qabul qilinishini taʼminlasin.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) “Yangi kun” kunduzgi qarab turish, uy sharoitida qarab turish, kichik hajmli “Madad” uyi va “Ijtimoiy taʼtil” qisqa muddatli joylashtirish xizmatlari davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim asosida nodavlat tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladi. Bunda nogironligi boʻlgan shaxslarga sifatli xizmat koʻrsatilishini hamda ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida mazkur xizmatlarni koʻrsatuvchi nodavlat tashkilotlarga qoʻyiladigan minimal talablar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
(b) mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi nodavlat tashkilotlarning xodimlari Agentlik huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida malakasini oshirishi hamda belgilangan namunadagi sertifikat olishi talab etiladi.
III. Yangi moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari
9. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab 18 va undan katta yoshdagi chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qoʻyilgan shaxslarning parvarishi bilan band boʻlgan qonuniy vakilga oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdorida har oyda parvarishlash nafaqasi beriladi. Bunda:
(i) parvarishlash nafaqasini toʻlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
(ii) parvarishlash nafaqasi qonuniy vakilning murojaati asosida Agentlik tomonidan tayinlanadi va toʻlanadi;
(iii) mazkur Farmonning 5-bandida nazarda tutilgan xizmatlar (“Ijtimoiy taʼtil” qisqa muddatli joylashtirish xizmati bundan mustasno) bilan qamrab olingan shaxslarning qonuniy vakillariga parvarishlash nafaqasi toʻlanmaydi;
(b) mazkur Farmonga muvofiq joriy etilayotgan yangi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va miqdorlarda subsidiya shaklida qoplab beriladi.
IV. Ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish
10. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyundan boshlab tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik boʻyicha komissiyalar tarkibiga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — “Inson” markazi) xodimlari kiritiladi.
11. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyundan boshlab ruhiy holati buzilgan shaxslarga vasiy yoki homiy sifatida tayinlangan shaxslarning vasiylik yoki homiylikdagi shaxslar oldidagi majburiyatlarining bajarilishi “Inson” markazi tomonidan monitoring qilib boriladi. Bunda “Inson” markazi vasiy yoki homiy tomonidan:
(a) oʻziga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini;
(b) vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan huquqlarining taʼminlanishini;
(v) vasiylik yoki homiylikdagi shaxs mol-mulkining belgilangan tartibda tasarruf etilishini;
(g) vasiylik yoki homiylikdagi shaxsga nisbatan sodir etilgan tazyiq va zoʻravonlik holatlarini oʻrganib boradi.
V. Internat muassasalari faoliyatini transformatsiya qilish
12. Agentlik, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) nogironligi boʻlgan shaxslar uchun “Muruvvat” internat uylarini nogironligi boʻlgan shaxslar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlari etib qayta nomlash;
(b) Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishini muvofiqlashtirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz)ni tashkil etish.
13. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) 2026-yil 1-maydan boshlab “Gʻamxoʻrlik” markazlariga quyidagi toifadagi shaxslar qabul qilinadi:
(i) Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga muvofiq joylashtirilishi belgilangan nogironligi boʻlgan bolalar;
(ii) oila aʼzolari, shuningdek, yaqin qarindoshlari mavjud boʻlmagan va oʻz egaligida turarjoyga ega boʻlmagan yoki yashash uchun yaroqsiz holatdagi turarjoyda yashayotgan oʻzgalar parvarishiga muhtoj ruhiy holati buzilgan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
(iii) mazkur bandning “ii” xatboshisida nazarda tutilgan toifaga kirmaydigan ruhiy holati buzilgan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
(b) “Gʻamxoʻrlik” markazlarida ijtimoiy xizmat koʻrsatishning quyidagi yangi tartibi joriy etiladi:
(i) ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslar ijtimoiy yondashuv asosida sport, ijodiy, ergoterapiya mehnat va ijtimoiy-maʼnaviy terapiyaga jalb etish orqali reabilitatsiya qilinadi;
(ii) ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarni mustaqil hayotga tayyorlashga qaratilgan “Murabbiy kuzatuvida” mustaqil yashash xizmati yoʻlga qoʻyiladi;
(v) mazkur Farmonning 2 va 5-bandlarida nazarda tutilgan yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etilishi munosabati bilan 2028-yil 1-yanvardan boshlab yangi “Gʻamxoʻrlik” markazlari tashkil etilmaydi hamda amalda mavjud markazlardagi oʻrinlar soni koʻpaytirilmaydi.
14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslar “Gʻamxoʻrlik” markazlariga navbat asosida qabul qilinadi. Bunda:
(a) mazkur Farmonning 13-bandi “a” kichik bandining “i” va “ii” xatboshilarida nazarda tutilgan nogironligi boʻlgan shaxslar “Gʻamxoʻrlik” markazlariga navbatsiz joylashtiriladi;
(b) nogironligi boʻlgan shaxslarni “Gʻamxoʻrlik” markazlariga navbat asosida yoki navbatsiz joylashtirish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
15. Quyidagilar Markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) hududlarda yangi ijtimoiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish uchun nodavlat tashkilotlarni jalb qilish;
(b) ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish va parvarish qilish sohasida yangi xizmat modellarini bosqichma-bosqich amaliyotga kiritish va ularning ehtiyojlari asosida ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
(v) hududlarda ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yangi ijtimoiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyishda nodavlat tashkilotlarga amaliy va uslubiy koʻmaklashish;
(g) ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishi holatini tahlil qilish, muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga koʻmaklashish.
16. Belgilansinki:
(a) Markaz faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
(b) Markaz faoliyatini tashkil etish uchun Agentlik tizimidagi tashkilotlarning qisqartirilgan shtat birliklari hisobidan 9 ta shtat birligi ajratiladi;
(v) Markaz xodimlariga Agentlik huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va ragʻbatlantirishning boshqa shartlari tatbiq etiladi;
(g) Markaz Agentlik tizimidagi mavjud binolarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
17. Ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. Agentlik uch oy muddatda mazkur Farmonning 2 va 5-bandlarida nazarda tutilgan ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi nodavlat tashkilotlarni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash hamda imtiyozlar taqdim etishga qaratilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
19. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
(a) 2026-yil 1-iyulga qadar:
(i) ruhiy salomatlik xizmatining vertikal boshqaruv tizimini takomillashtirish, sohada raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish, psixiatriya xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, shtat birliklarini qayta koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi 2026 — 2030-yillarda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini takomillashtirish va idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish dasturi loyihasi boʻyicha takliflar kiritsin;
(ii) Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan birgalikda nogironlik belgilari bilan tugʻilgan bolalarning qoʻshimcha tibbiy tekshiruv hamda jarrohlik amaliyoti xarajatlarini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berish amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
(b) 2026-yil 1-iyuldan boshlab “Gʻamxoʻrlik” markazlariga joylashtirilgan nogironligi boʻlgan shaxslarni tegishli hududdagi oilaviy poliklinikalarga biriktirish hamda ularga birlamchi va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida kafolatlangan paket doirasida koʻrsatib borish tizimini yoʻlga qoʻysin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
21. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya boʻyicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov belgilansin.
22. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 27-aprel,
PF-69-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-son Farmoniga
1-ILOVA
Ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

1.

Jismoniy-aqliy rivojlanishida nuqsonlar bilan tugʻilgan bolalar hamda ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun joriy etilayotgan yangi ijtimoiy xizmatlarning huquqiy asoslarini yaratish.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilish:

(a) “Erta aralashuv” xizmati, “Yangi kun” kunduzgi qarab turish, uy sharoitida qarab turish, kichik hajmli “Madad” uylari va “Ijtimoiy taʼtil” qisqa muddatli joylashtirish xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillari, shu jumladan, ushbu ijtimoiy xizmatlar xarajatlarini subsidiya shaklida qoplash;

(b) Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

(v) “Gʻamxoʻrlik” markazlarida nogironligi boʻlgan shaxslarga mehnat terapiyasini amalga oshirishga qaratilgan ijtimoiy-mehnat reabilitatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibini belgilash.

2026-yil 15-may

Vazirlar Mahkamasi,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Sogʻliqni saqlash vazirligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

2.

Ruhiy holati buzilgan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarni parvarish qilayotgan shaxslar uchun parvarishlash nafaqasini joriy etish.

18 va undan katta yoshdagi chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qoʻyilgan shaxslarning parvarishi bilan band boʻlgan qonuniy vakilga oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdorida har oyda parvarishlash nafaqasini tayinlash va toʻlash boʻyicha tegishli Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2026-yil iyul

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Sogʻliqni saqlash vazirligi

3.

Jismoniy-aqliy rivojlanishida nuqsonlar bilan tugʻilgan bolalar hamda ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi nodavlat tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish tizimini yaratish.

Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida “Erta aralashuv” xizmati, “Yangi kun” kunduzgi qarab turish xizmati, uy sharoitida qarab turish xizmati va kichik hajmli “Madad” uylari xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat tashkilotlarning xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish.

2026-yil iyun

Ijtimoiy himoya milliy agentligi

4.

Kichik hajmli “Madad” uylari tomonidan xizmat koʻrsatiladigan ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslar toifasini kengaytirish.

Kichik hajmli “Madad” uylarida moʻtadil, ogʻir va chuqur darajadagi aqliy zaiflik yoki demensiya tashxisidan boshqa tashxislardagi ruhiy holati buzilgan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga ham xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish.

2027-yil dekabr

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Sogʻliqni saqlash vazirligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

5.

Jismoniy-aqliy rivojlanishida nuqsonlar bilan tugʻilgan bolalar hamda ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.

1. “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yangi ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha tegishli axborot modullarini ishga tushirish.

2026-yil iyun

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Sogʻliqni saqlash vazirligi

2. “Erta aralashuv” xizmati, “Yangi kun” kunduzgi qarab turish xizmati, uy sharoitida qarab turish va kichik hajmli “Madad” uylari xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat tashkilotlarni 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar barcha turdagi soliqlar (ijtimoiy soliq bundan mustasno)dan ozod qilish boʻyicha Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2026-yil iyul

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Soliq qoʻmitasi,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi

3. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning boshqaruv, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash guruhlarini, tarif razryadlarini, ularning ish staji va malaka toifasiga bogʻliq ustamalar miqdorini tasdiqlash.

2026-yil iyun

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi

6.

Voyaga yetgan shaxslarni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish va vasiy yoki homiy tayinlash, shuningdek, shaxslarga sogʻligʻining holatiga koʻra homiy tayinlash tizimini takomillashtirish.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish:

(a) shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish tartibini soddalashtirish, shu jumladan, ilgʻor xorijiy tajriba asosida shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish bilan bir vaqtda unga vasiy yoki homiyni tayinlash imkoniyatini yaratish;

(b) voyaga yetgan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik organi faoliyatini qayta koʻrib chiqish orqali takomillashtirish;

(v) shaxsning ruhiy holatidan kelib chiqib, uni toʻliq yoki qisman muomalaga layoqatsiz deb topish yoxud toʻliq yoki qisman muomala layoqatini cheklash tartibini joriy etish;

(g) vasiy yoki homiyning huquq va majburiyatlarini shaxsning ruhiy holati va muomalaga layoqatsizlik darajasidan kelib chiqib, aniq belgilash;

(d) voyaga yetgan shaxslarga vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslar reyestrini yuritish;

(j) muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganligi bois vasiy yoki homiy tayinlangan shaxslar uchun yangi xizmatlarni yoʻlga qoʻyish.

2027-yil yanvar

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Oliy sud,

Sogʻliqni saqlash vazirligi,

Adliya vazirligi

7.

Nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan (tayyorlangan) tovarlarni realizatsiya qilish tartiblarini soddalashtirish.

“Gʻamxoʻrlik” markazlariga ularda tashkil etilgan ijtimoiy-mehnat reabilitatsiya loyihalari doirasida nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan (tayyorlangan) tovarlarni davlat va korporativ buyurtmachilarga toʻgʻridan-toʻgʻri sotish huquqini berish boʻyicha “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2026-yil iyul

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

8.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga, shu jumladan, jismoniy-aqliy rivojlanishida nuqsonlar bilan tugʻilgan bolalar hamda ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish jarayonlarini samarali nazorat qilish tizimini yaratish.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga, shu jumladan, jismoniy-aqliy rivojlanishida nuqsonlar bilan tugʻilgan bolalar hamda ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qonunchilik hujjatlari va ijtimoiy xizmat standartlarida nazarda tutilgan talab va shartlarga muvofiq koʻrsatib borilishini doimiy va tizimli ravishda nazorat qilish tizimini joriy etish.

2026-yil 1-iyun

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya,

Sogʻliqni saqlash vazirligi,

Biznes ombudsman

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-son Farmoniga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 16-avgustdagi “Pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar hamda respublikaning budjet muassasalari va tashkilotlarida ish haqi miqdorlarini oshirish toʻgʻrisida”gi PF-1213-son Farmonining 8-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Budjet hisobidan pul bilan taʼminlanuvchi muassasalar va tashkilotlarning xodimlarini ragʻbatlantirish maqsadida ularga mehnat haqi fondining 15 foizi miqdorida, nogironligi boʻlgan bolalar, ayollar va erkaklar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlari, Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumlar, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari sanatoriylari va nogironligi boʻlgan shaxslar reabilitatsiya markazlari xodimlarini ragʻbatlantirish uchun — mehnat haqi fondining 25 foizi miqdorida xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondini tashkil qilishga ruxsat berilsin”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-martdagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-3864-son Farmonida:
(i) ikkinchi xatboshidagi “Muruvvat” bolalar internat-uylari” soʻzlari “Nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“nogironligi boʻlgan bolalar, ayollar va erkaklar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlari va Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumlar, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari sanatoriylari hamda nogironligi boʻlgan shaxslar reabilitatsiya markazlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish fondi miqdori mehnatga haq toʻlash fondi hisobidan 25 foizgacha oshirilsin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5270-son Farmoni 2-bandining oʻn birinchi xatboshisidagi “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylarida” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlari va Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-martdagi “Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi PF-6195-son Farmonida:
(a) nomlanishidagi, 4-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisidagi, 6-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisidagi “Muruvvat” internat uylarining” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(i) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agentlik tizimidagi muassasalarda pullik xizmat koʻrsatish hamda mahsulotlar (tovar va xizmatlar) tayyorlash va ularni realizatsiya qilish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
(ii) uchinchi xatboshidagi “Muruvvat” internat uylari” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(v) quyidagi mazmundagi 122-band bilan toʻldirilsin:
“122. 2030-yil 1-yanvarga qadar Agentlik tizimidagi taʼlim tashkilotlari, nogironligi boʻlgan bolalar, ayollar va erkaklar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlari hamda Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi”;
(i) I boʻlimda:
nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“I. Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari”;
1 — 6-pozitsiyalarning “Muassasa nomi va yuridik manzili” ustunidagi “Saxovat” keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun internat uyi” soʻzlari “Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 7-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

7.

Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazi

(Toshkent shahri, Olmazor tumani, Ziyamova koʻchasi, 5-uy)

1. Olmazor tuman tibbiyot birlashmasi.

2. Ibn Sino nomidagi 1-son shahar klinik shifoxonasi.

3. Respublika endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

1. Olmazor tumani 326-son umumtaʼlim maktabi.

2. Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi.

3. Oʻzbekiston Milliy universiteti.

4. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi.

;

(ii) II boʻlimda:
nomlanishidagi “Muruvvat” internat uylari” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1, 3, 6 — 8, 14 — 16, 19-pozitsiyalarning “Muassasa nomi va yuridik manzili” ustunidagi “nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ayollar “Muruvvat” internat uyi” soʻzlari “nogironligi boʻlgan ayollar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2, 4, 5, 9 — 11, 13, 17, 18, 20, 21-pozitsiyalarning “Muassasa nomi va yuridik manzili” ustunidagi “nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar “Muruvvat” internat uyi” soʻzlari “nogironligi boʻlgan erkaklar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
12-pozitsiyaning “Muassasa nomi va yuridik manzili” ustunidagi “nogironligi boʻlgan shaxslar uchun “Muruvvat” ayollar internat uyi” soʻzlari “nogironligi boʻlgan ayollar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(iii) III boʻlimda:
nomlanishidagi “Muruvvat” internat uylari” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1 — 7-pozitsiyalarning “Muassasa nomi va yuridik manzili” ustunidagi “Muruvvat” internat uyi” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(iv) IV boʻlim oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi PF-175-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi 4-bandi 3-kichik bandining uchinchi xatboshisidagi “Saxovat” keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar, “Muruvvat” nogironligi boʻlgan bolalar uchun internat uylarida” soʻzlari “Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida hamda nogironligi boʻlgan bolalar, ayollar va erkaklar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PF-82-son Farmoni bilan tasdiqlangan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlarining xarajatlari yoʻnalishlarining 1-bandidagi “Muruvvat” internat uylari” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom ovqatlanishni taʼminlashning 2030-yilgacha moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 32-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi PF-108-son Farmoni 2-bandining ikkinchi xatboshisidagi “Muruvvat” internat uylari” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-184-son Farmonida:
(a) 1-ilova quyidagi mazmundagi 46-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

46.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya

Bino va inshootlarda, yoʻl va yoʻl infratuzilmasi obyektlarida hamda transport vositalaridan foydalanishda nogironligi boʻlgan shaxslarga qulay va toʻsiqsiz muhit yaratilganligi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishi yuzasidan nazorat

;

(b) 2-ilova quyidagi mazmundagi 19-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

19.

Bino va inshootlarda, yoʻl va yoʻl infratuzilmasi obyektlarida hamda transport vositalaridan foydalanishda nogironligi boʻlgan shaxslarga qulay va toʻsiqsiz muhit yaratilganligi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishi yuzasidan nazorat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya

.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini taʼminlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-85-son Farmonining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Belgilansinki:
(a) 2025-yil 1-iyundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PQ-390-son qaroriga muvofiq yuritilayotgan Yagona reyestrga (keyingi oʻrinlarda — Yagona reyestr) faqatgina quyidagi tadbirkorlik faoliyati subyektlari hamda ular tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar va koʻrsatiladigan xizmatlar haqidagi maʼlumotlar kiritiladi:
(i) xodimlari umumiy sonining kamida 25 foizi, biroq kamida 4 nafari ushbu tashkilotda 6 oydan kam boʻlmagan muddatda faoliyat olib borayotgan nogironligi boʻlgan shaxslardan iborat va nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 25 foizini tashkil etuvchi tijorat tashkilotlari;
(ii) kamida 6 oydan buyon faoliyat yuritayotgan nogironligi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;
(b) davlat buyurtmachilari va Yagona reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi huquqlar beriladi:
(i) davlat buyurtmachilariga Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portali hamda Elektron kooperatsiya portali orqali oʻz hududida joylashgan Yagona reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari bilan ular tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish boʻyicha bir moliya yilida bazaviy hisoblash miqdorining bir ming besh yuz baravarigacha qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish;
(ii) Yagona reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga davlat xaridlari elektron tizimlarida talab etiladigan qoʻshimcha zakalat toʻlovini kiritmaslik;
(iii) Yagona reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga har yili oʻtkazib boriladigan “Inson uchun” shiori ostida nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi doirasida faqatgina mahalliy ishlab chiqarilgan tovar toʻgʻrisidagi sertifikat berilgan tovarlari bilan qatnashishiga va bir davlat buyurtmachisi bilan bazaviy hisoblash miqdorining uch ming baravarigacha qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish. Bunda davlat buyurtmachilari koʻrgazma doirasida tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi axborotni “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan talablar va muddatlar asosida maxsus axborot portaliga joylashtirishni taʼminlaydi”.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son Farmoni bilan tasdiqlangan Ayrim qonunchilik hujjatlarini amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning 2025-2026-yillarga moʻljallangan dasturi 41-pozitsiyasining “Amalga oshirish shakli” ustunidagi “Idoraviy normativ-huquqiy hujjat” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasining qarori” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-dekabrdagi PF-256-son Farmoni bilan tasdiqlangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini 2026-2027-yillarda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturining 25-pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 3-bandidagi “fakultet” soʻzi “yoʻnalish” soʻzi bilan almashtirilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-iyuldagi “Ezgu maqsad” xalqaro xayriya jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3135-son qarori 2-bandining uchinchi xatboshisidagi “Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Saxovat” uylari” soʻzlari “Mehribonlik” uylari, “Gʻamxoʻrlik” markazlari, Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4185-son qarori 2-bandining uchinchi xatboshisidagi “Muruvvat” internat uylari” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi PQ-5020-son qarori bilan tasdiqlangan Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasining 16 va 17-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi PQ-5168-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan yuridik xizmat koʻrsatiladigan davlat organlarining tuman (shahar) boʻlinmalari va davlat tashkilotlarining roʻyxatida “Davlat tashkilotlarining nomi” boʻlimi quyidagi mazmundagi 4-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

4.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi Koʻp funksional inklyuziv-resurs markazi va Koʻp funksional inklyuziv-resurs maktablari

.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi “Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari va “Muruvvat” internat uylari faoliyatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-365-son qarorida:
(a) nomlanishidagi, muqaddimaning birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi, 1-banddagi, 7-bandning ikkinchi xatboshisidagi va 8-banddagi tegishli kelishikdagi “Muruvvat” internat uylari” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(i) “b” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
(v) 9-band va qarorga ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi “Oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-410-son qarorida:
(a) 2-bandning “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlash va uning taqdirini hal etishga qaratilgan boshqa bitimlar notarial tasdiqlashdan avval “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan kelishiladi”;
(i) “a” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
(ii) “b” kichik bandning birinchi xatboshisidagi “ijtimoiy xodim, tuman tibbiyot birlashmasining maxsus monitoring guruhi vakili” soʻzlari “oilaviy shifokor” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(v) ilovaning 17-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-88-son qarori 2-bandi “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-267-son qarori bilan tasdiqlangan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi bilan integratsiya qilish orqali maʼlumot almashiladigan davlat maʼlumotlari toʻplamlari roʻyxati 60-pozitsiyasining “Maʼlumotlar toʻplami tarkibi” ustunidagi “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida taʼlim olayotgan” soʻzlari “Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari va “Gʻamxoʻrlik” markazlarida joylashtirilgan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-268-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi toʻgʻrisidagi nizomi quyidagi mazmundagi 321-band bilan toʻldirilsin:
“321. Ijtimoiy himoya milliy agentligining markaziy apparati xodimlariga tibbiy xizmat koʻrsatish shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-noyabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-389-son qarorida:
(a) 3-bandning birinchi — uchinchi xatboshilaridagi tegishli kelishikdagi “Muruvvat” internat uylari” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 2-ilovaning 6-pozitsiyasi “Chora-tadbirlar nomi” ustunidagi hamda “Amalga oshirish mexanizmi” ustuni 1-bandidagi “Muruvvat” internat uylarida” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlarida soʻzlari bilan almashtirilsin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi “Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-171-son qarori 4-bandining “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(g) vaucher Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan toifadagi shaxslarga beriladi”.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-son qarori bilan tasdiqlangan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi joriy etiladigan, shuningdek, kompozit shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxatining 60-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

60.

Nogironlikni belgilash (bolalikdan nogironlik, I va II guruh nogironligi) va tibbiyot muassasalarida imtiyozli davolanish uchun yoʻllanma olish.

2027-yil mart

2027-yil aprel

2027-yil may

2027-yil iyun

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Sogʻliqni saqlash vazirligi

”.

25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-343-son qaroriga 3-ilovaning 9-bandi oʻn uchinchi xatboshisidagi “Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Saxovat” uylariga, internat, maktablar va shifoxonalarga, kam taʼminlangan oilalarga” soʻzlari “Mehribonlik” uylariga, “Gʻamxoʻrlik” markazlariga, Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlariga, internat, maktablar va shifoxonalarga, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi “Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-373-son qarori 3-bandining “g” kichik bandidagi “Muruvvat” internat uylarining” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-388-son qarori 13-bandining “b” kichik bandidagi “muruvvat uylari” soʻzlari “Gʻamxoʻrlik” markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
28. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-393-son qarorida:
(a) 10-ilovaning 217-pozitsiyasi “Obyekt nomi va manzili” ustunidagi “nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar “Muruvvat” internat uyi” soʻzlari “nogironligi boʻlgan erkaklar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 21-ilovaning 168-pozitsiyasi “Obyekt nomi va manzili” ustunidagi “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar internat uyini” soʻzlari “nogironligi boʻlgan erkaklar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazini” soʻzlari bilan almashtirilsin.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-yanvardagi PQ-35-son qarori bilan tasdiqlangan Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi yashashi va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da:
(a) “Tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash” boʻlimida:
(i) 8-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

8.

Jizzax shahrining Oqqoʻrgʻonlik mahallasida joylashgan Oqqoʻrgʻonlik koʻchasidagi 1 km yoʻl boʻyida 38 ta turar joyda milliy uygʻunlikdagi zamonaviy hunarmandlar koʻchasi barpo etish loyihasini amalga oshirish.

1. Hunarmandlar koʻchasini tashkil etish uchun turar va noturar joylarni xatlovdan oʻtkazish hamda ushbu koʻchmas mulk obyektlarini bozor qiymatida baholash.

Hisob-kitoblar asosida

2026-yil iyun

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Markaziy bank,

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ,

Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi,

Jizzax viloyati hokimligi

2. Tijorat banklari tomonidan har bir oilaga kamida 2 qavatli turar va noturar joylarni qurish uchun 880 mln soʻm miqdorgacha kredit ajratish. Bunda:

(a) tadbirkorlik faoliyatiga moʻljallangan qavatlarni qurish va jihozlash uchun “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan tijorat banklariga Markaziy bank asosiy stavkasida 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilga 500 mln soʻm resurs joylashtiriladi;

(b) turar joy uchun moʻljallangan qavatlarni qurish uchun tijorat banklari mablagʻlari hisobidan 6 oylik imtiyozli davr bilan 20 yilga 380 mln soʻm kredit ajratiladi.

Tijorat banklari kreditlari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari

2026-2027-yillar

3. Hunarmandlar koʻchasi tashkil etiladigan hududdagi turar va noturar joylar mulkdorlariga yetkaziladigan zararlarni 2026-2027-yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash.

2026-2027-yillar

4. Avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish va taʼmirlashni 2027-yilda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish.

2026-yil oktabr

;

(ii) quyidagi mazmundagi 81-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

81.

Jizzax shahri markazini Forish tumani bilan bogʻlovchi yangi halqa yoʻlini qurish.

1. “D-048” Jizzax sh. — Yangi qishloq q. — Qizilcha q. — Qizilqum q. avtomobil yoʻlining Jizzax shahrining Turon va Shodlik mahallalaridan oʻtuvchi 2,2 km qismida joylashgan turar va noturar joylar mulkdorlariga tegishli obyektlarini bozor qiymatida baholash.

2. Avtomobil yoʻlining qurilish hududidagi turar va noturar joylar mulkdorlariga yetkaziladigan zararlarni 2026-2027-yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash.

Hisob-kitoblarga asosida

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan

2026-2027-yillar

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi,

Jizzax viloyati hokimligi

;

(b) “Turizmni rivojlantirish” boʻlimi quyidagi mazmundagi 201 va 202-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:

201.

Arnasoy tumani Baxtli mahallasida joylashgan “Navroʻz” qoʻrgʻonining 40 gektar yer maydonida milliy uygʻunlikdagi 100 ga yaqin uy mehmonxona hamda 20 dan ortiq savdo va servis shoxobchalarini qamrab olgan turizm qishlogʻini tashkil etish.

1. AT “Xalq banki” tomonidan uy mehmonxonalari tashkil etish hamda zarur tovarlarni xarid qilish uchun Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida har bir oilaga naqd pul koʻrinishida garovsiz (sugʻurta kafilligi asosida) imtiyozli kredit ajratish.

Hisob-kitoblar asosida

AT “Xalq banki” mablagʻlari

(100 mln soʻmgacha)

2026-yil may — iyul

Jizzax viloyati hokimligi,

AT “Xalq banki”,

Turizm qoʻmitasi,

Markaziy bank

2. Uy mehmonxona loyihalarini oʻz vaqtida ishga tushirish.

2026-yil dekabr

202.

Mirzachoʻl tumanida joylashgan Bogʻbon, Yerjan va Ipak yoʻli mahallalaridagi xonadonlarda tuya suti bilan davolash xizmatlarini koʻrsatuvchi uy mehmonxonalari hamda 100 gektar yer maydonida tuya boqish maskanini tashkil etish.

1. Uy mehmonxonalarini taʼmirlash va tashkil etish hamda tuya xaridi uchun AT “Xalq banki” tomonidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida naqd pul koʻrinishida (sugʻurta kafilligi asosida) imtiyozli kredit ajratish.

Hisob-kitoblar asosida

Tijorat banklarning kreditlari

(Uy mehmonxonani taʼmirlash va tashkil etishga — 150 mln soʻmgacha;

tuya xarid qilishga — 100 mln soʻmgacha)

2026-yil may — iyul

Jizzax viloyati hokimligi,

AT “Xalq banki”,

“Agrobank” ATB,

Turizm qoʻmitasi,

Markaziy bank

2. 100 gektar yer maydonida tuya boqish maskanini tashkil etish uchun tashabbuskorlarga “Agrobank” ATB tomonidan imtiyozli shartlarda kredit ajratish.

2026-yil may — iyul

3. Uy mehmonxona va tuya boqish maskani loyihalarini oʻz vaqtida ishga tushirish.

2026-yil dekabr

;

(v) 28-pozitsiya “Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Zomin nogironligi boʻlgan ayollar uchun “Gʻamxoʻrlik” markaziga qarashli 35 gektar hamda unga yaqin hududda boʻsh turgan 50 gektargacha yer maydonida Ijtimoiy himoya milliy agentligining budjetdan tashqari va homiylik mablagʻlari hisobidan “IN-VITRO” usulida zamonaviy bogʻ tashkil etish”;
(g) “Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish” boʻlimi quyidagi mazmundagi 291 — 293-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:

291.

Arnasoy tumanining Gʻoliblar mahallasi hududidagi 12 gektar yer maydonida daromadi oʻrta va past boʻlgan 400 ta oila bilan 1 ming bosh chorva mollarini boqish loyihasini amalga oshirish.

1. AT “Xalq banki” tomonidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida har bir oilaga chorva mollari xaridi uchun naqd pul koʻrinishida (sugʻurta kafilligi asosida) imtiyozli kredit ajratish.

Hisob-kitoblar asosida

AT “Xalq banki” mablagʻlari

(100 mln soʻmgacha)

2026-yil may — iyul

Jizzax viloyati hokimligi,

AT “Xalq banki”,

Markaziy bank

2. Chorva mollari boqish uchun kompleks qurish.

Bunda chorva mollari uchun kompleks qurish hamda oilalarga kredit mablagʻlari hisobidan ustamasiz chorva mollari olib kelib berish “Navoiy — Agro Star” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi.

2026-yil dekabr

292.

Paxtakor tumanida joylashgan Janubiy Mirzachoʻl kanali va zovur oʻrtasidagi 22 gektar yer maydonida yengil konstruksiyali chorva mollarini saqlash punktlari asosida 150 ta oila bilan 1,5 ming bosh chorva mollarini boqish loyihasini amalga oshirish.

1. AT “Xalq banki” tomonidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida har bir oilaga chorva mollari xaridi uchun naqd pul koʻrinishida (sugʻurta kafilligi asosida) imtiyozli kredit ajratish.

Hisob-kitoblar asosida

AT “Xalq banki” mablagʻlari

(100 mln soʻmgacha)

2026-yil may — iyul

Jizzax viloyati hokimligi,

AT “Xalq banki”,

Markaziy bank

2. Chorva mollarini boqish loyihasini oʻz vaqtida amalga oshirish.

2026-yil dekabr

293.

Doʻstlik tumani markazidan olisdagi Manas, Navroʻz, Qahramon, Oltin vodiy, Bunyodkor, Saritepa va Bogʻzor mahallalaridagi 500 ta xonadonda 1,5 ming bosh chorva mollari boqishni yoʻlga qoʻyish hamda ushbu mahallalarda 1 tadan sutni yigʻish shoxobchasi tashkil etish.

1. AT “Xalq banki” tomonidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida har bir oilaga chorva mollari xaridi uchun naqd pul koʻrinishida (sugʻurta kafilligi asosida) imtiyozli kredit ajratish.

Hisob-kitoblar asosida

AT “Xalq banki” mablagʻlari

(100 mln soʻmgacha)

2026-yil may — iyul

Jizzax viloyati hokimligi,

AT “Xalq banki”,

Markaziy bank

2. Chorva mollarini boqish loyihasini oʻz vaqtida amalga oshirish.

2026-yil may — noyabr

;

(d) 32-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2026-yil mart” soʻzlari “2026-yil dekabr” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)