|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.05.1997
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING ISTIQBOLNI BELGILASh VA STATISTIKA DAVLAT QOʻMITASI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 22-maydagi 253-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiy siyosatni amalga oshirishning taʼsirchan mexanizmini yaratish, bozor munosabatlarini makroiqtisodiy boshqarishning rolini oshirish, Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini ishlab chiqish uchun axborot-tahliliy negizni mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi (“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi) zimmasiga quyidagilar yuklatilsin:
iqtisodiyotni isloh qilish boʻyicha ishlab chiqilgan strategiya, qoidalar va ustuvorliklar asosida ularni amalga oshirish mexanizmini, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning istiqbolli variantlarini belgilash, respublikaning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan muhim xalq xoʻjaligi muammolarini kompleks hal etishning maqsadli dasturlarini, tabiiy va mehnat resurslaridan, yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishni belgilash;
iqtisodiy islohotlarning natijalarini oʻrganish va umumlashtirish hamda ularni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirib borish, iqtisodiy siyosatning ustuvorliklarini amalga oshirish mexanizmiga tuzatishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash;
respublika iqtisodiyot tashkilotlari, vazirliklari, idoralari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy boshqaruv organlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish istiqbolini belgilash sohasidagi faoliyatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish;
xalq xoʻjaligi hisobot va yigʻma prognoz balanslarini ishlab chiqish asosida tarmoq va hududiy-tarkibiy oʻzgarishlarning makroiqtisodiy mutanosibliklarini, tamoyillarini tahlil qilishni amalga oshirish;
ijtimoiy rivojlanish hamda moddiy farovonlikni oshirish yoʻnalishlarini, aholini muayyan tarzda ijtimoiy himoya qilish, respublika isteʼmol tovarlari va xizmatlar koʻrsatish bozorini toʻldirish, mehnat resurslarini ish bilan oqilona taʼminlash chora-tadbirlarini belgilash;
tarkibiy va idoraviy oʻzgarishlar, investitsiya dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish mexanizmi, hududlarni istiqbolli rivojlantirish hamda ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish boʻyicha takliflarni asoslash;
jahon bozorida raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarilishini va xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlovchi industrlashtirish va agrar siyosatni amalga oshirishning, kommunikatsiya vositalarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini hamda yoʻllarini belgilash;
mahsulotlar eksportini kengaytirish, xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli savdo iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning aniq yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish mexanizmini asoslash;
yagona statistika siyosatini olib borish va respublika statistika tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha ishlarni tashkil etish, ularni xalqaro meʼyorlar va standartlarga muvofiqlashtirish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasi 1, 1a ilovalarga* muvofiq;
istiqbolni belgilash va statistika hududiy organlarining namunaviy tuzilmalari va xodimlarining soni 2, 2a, 3, 4, 5 ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarining cheklangan soni tegishli ish haqi fondi doirasida 260 kishidan iborat etib belgilansin (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari).
Qoʻmitada raisning bir nafar birinchi oʻrinbosari, raisning besh nafar oʻrinbosarlari — boshqarma boshliqlariga hamda raisning bir nafar oʻrinbosari — Bosh hisoblash markazi bosh direktori shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 11 kishidan iborat hayʼat boʻlishiga ruxsat berilsin.
Xizmat maqomi, moddiy-maishiy taʼminot, transport va tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari boʻyicha “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari vazirga, rais oʻrinbosarlari — vazirning birinchi oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi boʻlimlar va kichik boʻlimlar boshliqlariga Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 26-dekabrdagi 590 va 589-son (2-ilova) qarorlariga muvofiq boshqarma va boʻlim boshliqlari uchun tegishli ravishda belgilangan Yagona tarif setkasi boʻyicha tarif stavkalari, amaldagi moddiy-maishiy taʼminot va tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlarini saqlab qolgan holda, joriy etilsin.
4. Viloyatlar va Toshkent shahar istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmalarining, iqtisodiyotni muvofiqlashtirish va statistika tuman (shahar) boʻlimlarining boʻysunishi, ular rahbarlarining lavozimga tayinlanishi va undan ozod etilishi, xizmat maqomi, xodimlar soni boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 26-iyundagi 316-son qarori bilan belgilangan tartib saqlab qolinsin.
Istiqbolni belgilash va statistika boʻyicha hududiy boʻlinmalarning rahbarlariga va xodimlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda hokimliklarning tegishli darajadagi xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartlari tatbiq etilsin.
5. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi raisiga zarurat boʻlganda belgilangan xodimlar soni va ish haqi fondi doirasida qoʻmitaning tasdiqlangan markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Ishlab chiqarish kuchlarini oʻrganish boʻyicha Kengashni uning shtatlari va xodimlar sonini Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasining Iqtisodiyot va statistika ilmiy-tadqiqot instituti bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot instituti oʻrtasida taqsimlagan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi tasarrufiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Iqtisodiyot va statistika ilmiy-tadqiqot instituti hamda Ishlab chiqarish kuchlarini oʻrganish boʻyicha Kengash negizida Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasining Iqtisodiyot va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin. U Toshkent shahar, Buyuk ipak yoʻli koʻchasi, 42-uydagi, Oʻquv-konsalting markazi esa Toshkent shahar, Raxmatulin koʻchasi, 314-uydagi binoga joylashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasining Iqtisodiyot va statistika ilmiy-tadqiqot institutida oʻrnatilgan barcha aloqa vositalarini, shu jumladan, hukumat aloqa vositalarini Iqtisodiyot va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti ixtiyorida qoldirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasining Kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasining Bozor munosabatlari oʻquv-konsalting markaziga aylantirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi bir oy muddatda:
yangi vazifalar va faoliyat yoʻnalishlarini hisobga olgan holda qoʻmita toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirishlar kiritsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
Bosh hisoblash markazining tuzilmasini va Ustavini tasdiqlasin;
viloyatlar va Toshkent shahar Istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmalari toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Iqtisodiyot va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish boʻyicha tashkiliy masalalarni hal etsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi bilan birgalikda institutning ilmiy-tadqiqot ishlari yoʻnalishlarini, uning tasdiqlangan davlat ilmiy-texnika dasturlarini bajarishda qatnashuvini belgilasin;
oʻz tasarrufidagi muassasa va tashkilotlar xodimlar sonini, tuzilmalarini hamda Ustavini tasdiqlasin.
9. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 7-avgustdagi 367-son qarorining 1, 2, 3, 4-bandlari (3-xatboshidan tashqari);
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 26-iyundagi 316-son qarori 2-bandining birinchi xatboshi 2-ilova bilan, 2-bandining beshinchi xatboshidagi “hisoblash markazining boshligʻi esa tegishli hududiy istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari hisoblanadi” degan qismi, 5-bandi.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 6-aprel,
186-son