Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.04.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI GIDROMETEOROLOGIYA XIZMATI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining Gidrometeorologiya xizmatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2004-yil 14-apreldagi 183-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan ittifoq boʻysunishidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga oʻtishi toʻgʻrisida” 1991-yil 22-iyuldagi qaroriga muvofiq hamda respublika xalq xoʻjaligining gidrometeorologiya taʼminotini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. SSSR Gidrometeorologiya davlat qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublika gidrometeorologiya boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi gidrometeorologiya Bosh boshqarmasi (“Boshgidromet”) ga aylantirilsin.
“Boshgidromet” markaziy apparati xodimlarining soni 24 nafardan iborat etib belgilansin (xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni hisobga olinmagan holda).
“Boshgidromet” boshligʻiga markaziy apparatning tuzilishi va shtat jadvalini xodimlarning belgilangan soni va mehnat haqi fondi doirasida tasdiqlash huquqi berilsin.
“Boshgidromet”ga uch nafar boshliq oʻrinbosariga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari hamda 7 kishidan iborat hayʼatga ega boʻlishga ruxsat etilsin.
2. SSSR gidrometeorologiya davlat qoʻmitasining V.A.Bugayev nomidagi Oʻrta Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot gidrometeorologiya instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Eksperimental aerokosmik asbobsozlik maxsus konstruktorlik byurosi “Boshgidromet” ixtiyoriga berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Boshgidromet” quyidagilarni amalga oshiradi:
gidrometeorologiya sohasida tarmoqlararo boshqaruv va respublikaning butun hududida tabiiy muhitning ifloslanishi darajasini kuzatish;
xalq xoʻjaligi davlat boshqaruv organlarining, mudofaa va xavfsizlikning, shuningdek, aholining gidrometeorologiya taʼminoti;
vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan gidrometeorologik va boshqa geofizik jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatish boʻyicha olib boriladigan ishlarni nazorat qilish.
4. Belgilab qoʻyilsinki, “Boshgidromet” respublika mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan asosiy ishlar bilan birga xoʻjalik shartnomalari asosida ixtisoslashtirilgan gidrometeorologiya xizmati koʻrsatish ishlarini bajarishi mumkin.
5. Gidrometeorologiya xizmati tizimida amal qiluvchi quyidagi imtiyozlar “Boshgidromet” xodimlari uchun saqlab qolinsin:
borish qiyin boʻlgan stansiyalar xodimlarini bepul ovqat bilan taʼminlash;
bepul maxsus kiyim bilan taʼminlash;
vafot etgan yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotgan hollarda muassasa hisobidan sugʻurta qilish;
aviameteorologiya boʻlinmalari xodimlarining imtiyozli yoʻl haqi.
6. “Boshgidromet” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi gidrometeorolgiya Bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini va ushbu qarorning 5-bandida koʻrsatilgan imtiyozlar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi qarorining Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan loyihasini bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Oʻzbekiston shartnoma va savdo boʻyicha davlat-aksionerlik uyushmasi kvotalarni taqsimlashda moddiy-texnika resurslari ajratishni, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi esa “Boshgidromet” ning faoliyat koʻrsatishi va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun zarur budjet mablagʻlari ajratishni nazarda tutsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Boshgidromet”ga 2 ta xizmat avtomobilini, shu jumladan, bittasini Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligining umumiy foydalaniladigan tizimidan saqlashga limit ajratsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi ajratilgan limitga muvofiq “Boshgidromet” ga xizmat transportining xizmat koʻrsatishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-mart,
110-son